Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, mazkur taʼlim muassasalaridagi oʻqitish uslublari va yondashuvlari unda katta qiziqish uygʻotgan. Bu yerda taʼlim sifati, yoshlarning iqtidorini roʻyobga chiqarish hamda ularda mustaqil fikrlash koʻnikmasini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Uning qayd etishicha, ilgʻor tajribalar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Tashrif davomida taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish, shuningdek, maktab oʻquvchilari, talabalar va pedagoglar uchun yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Saida Mirziyoyeva taʼlim sohasi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning muhim yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Ushbu sohadagi hamkorlik yoshlarning bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi va ikki xalqning bir-birini yanada yaqindan tanishiga xizmat qiladi.