Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi togʻlarda sodir boʻlgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida yoʻlga chiqqan boʻlib, ular bilan birga 4 yoshli bola ham boʻlgan.

Maʼlum boʻlishicha, soat taxminan 17:00 larda oila aʼzolari togʻ choʻqqisidagi qorni koʻrish maqsadida yuqoriga koʻtarilishgan. Shu jarayonda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketishgan. Bolaning yoʻqolgani taxminan 40 daqiqadan soʻng aniqlangan.

Shundan keyin bolaning yaqinlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi navbatchilik qismiga zudlik bilan xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.

Qutqaruvchilarning maʼlum qilishicha, bola ota-onasi uni qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikda topilgan. U topilgan vaqtda tizzasigacha qor ichida bo‘lgan.

Bola oilasiga sogʻ-salomat topshirilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi.