Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida respublikada “yashil” texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “yashil” texnikumlar nafaqat ta’lim muassasasi, balki ekologik madaniyat, “yashil” iqtisodiyot va iqlim barqarorligini ta’minlaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, texnikumlarda o‘quv dasturlarini qayta ishlab chiqish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida har bir hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar tayyorlash, sohaviy ta’lim sifatini oshirish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv tizimini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Jizzax viloyatidagi “yashil” texnikumlarda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, dual ta’lim tizimini joriy qilish, xorijlik talabalar uchun kvotalar ajratish hamda o‘quvchilar uchun amaliyot uchastkalarini shakllantirish vazifalari belgilandi.
Ma’lumot uchun, “Green University” va “yashil” texnikumlar o‘rtasida uzviy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlab, ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga GPA ko‘rsatkichlari asosida bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, o‘rmon xo‘jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, botanika va dendrologiya bog‘lari hamda ilmiy institutlarda amaliyot maydonchalari tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab esa iqtidorli o‘quvchilar uchun “Eko-stipendiya” joriy qilinib, har yili 10 nafargacha yoshlarga stipendiya ajratiladi.