IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur haydovchi avval ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagani sababli YHXX xodimlari tomonidan ogohlantirilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan. Ammo u tegishli xulosa chiqarmasdan yana rulga o‘tirgan.

Hodisa Furqat tumanida sodir bo‘lgan. Haydovchi keskin burilishda tezlikni oshirib, avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan. Avtomobil avval ogohlantiruvchi ustunga, keyin beton ustunga va daraxtga urilgan.

Hodisa vaqtida mashinada bo‘lgan yo‘lovchining aytishicha, ular Beshariq tumanidan Qo‘qon shahri tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. Avtomobil tezligi soatiga 100 kilometrdan oshgan.

Yo‘lovchi oldindagi transport vositasini quvib o‘tishga urinish vaqtida avtomobil beton to‘siqqa urilganini aytgan. Keyingi to‘qnashuvlar oqibatida mashina ag‘darilgan, yo‘lovchining o‘zi esa old oynadan tashqariga otilib ketgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan keyin o‘ziga kelganida atrofni chang qoplagan bo‘lgan. Shundan so‘ng u haydovchining oldiga borib, holatini tekshirgan, ammo uning pulsini sezmagan.

Ushbu hodisa tezlikni oshirish va haydovchilik guvohnomasiz avtomobil boshqarish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tungi vaqtda poyga uyushtirib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzaayotgan haydovchilarni bunday hodisalardan tegishli xulosa chiqarishga chaqirdi. Ota-onalarga esa farzandlarining avtomobil boshqarishiga befarq bo‘lmaslik va ularning xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi eslatildi.