Tagini yumshatib, sugʻorish, zarur ozuqalar berib borish talab etiladi. Agar unga yaxshi eʼtibor qaratilsa, gʻamxoʻrlik qilinsa, kun kelib serhosil, basavlat daraxtga aylanadi va moʻl hosil beradi. Aks holda, nobud boʻlishi hech gap emas. Yosh avlodning ilm-maʼrifatli, kasb-hunarli, el koriga yaraydigan inson, sohasining yetuk kadri boʻlib yetishishi uchun ham xuddi shu navniholga koʻrsatilganidek eʼtibor va gʻamxoʻrlik zarur.
Yoshim
saksondan oshdi. Lekin umrimning asosiy qismi, ishim, faoliyatim yoshlar bilan
bogʻliq boʻlgani uchun bugun yurtimizda ularga yaratilayotgan qulayliklar
haqida fikr bildirgim keldi. Zero, bugungi oʻzgarishlarning avvalgilaridan
farqi yer bilan osmoncha. Farzandlarimiz, nevaralarimiz davri hozir. Zamon
ularniki. Havas esa bizniki.
Guvohi boʻlib
turibmizki, keyingi oʻn yilda Oʻzbekistonning yoshlarga oid siyosati tubdan
oʻzgardi, ularni ijtimoiy- iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash borasida asrlarga
tatigulik islohotlar amalga oshirilmoqda. Koʻp yillardan buyon oliy taʼlim
sohasida yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassis sifatida Oʻzbekiston tarixida
hozirga qadar oʻgʻil-qizlarning taʼlim olishi, manfaatli kasb oʻrganishi,
qisqa aytganda, hayotini yoʻlga qoʻyib olishi uchun bu qadar qoʻllab-quvvatlangan
bir davrni koʻrmadim.
Oʻzim faoliyat
yuritadigan soha — taʼlim tizimida Prezidentimizning qator farmon va qarorlari,
tashabbusi bilan tub islohotlar, yangilanishlar kechdi, samarador mexanizmlar
hayotga tatbiq etildi. Islohotlar avvalida oʻqituvchi va murabbiylarning maqomi
va moddiy manfaati oshdi. “Oʻqituvchilar ming dollar oylik oladi”, degan gaplarga,
ochigʻi, koʻpchilik ishonqiramadi. Sababi, oʻsha davrlarda ular bunday oylikni
hatto orzu ham qilmas edi. Ammo bugunga kelib, sohadagi yangi tashabbus va
loyihalar natijasida oʻqituvchilar bundan ham koʻp maosh olyapti.
Bundan
tashqari, 15-20 yil oldin oʻquv mavsumining teng yarmi paxta dalasida oʻtib
ketardi. Oliy taʼlim tizimi korrupsiyalashgan, taraqqiyotdan ortda qolgan edi.
Ammo bugun taʼlim, ilm-fan sohasiga qaratilgan eʼtibor tufayli bu muammolar
yechimini topdi. Taʼlim tizimiga raqamli texnologiyalar tatbiq etilib, soha
taraqqiyotiga toʻsiq boʻlgan illatlarga barham berildi. Natijada esa oʻzbek
yoshlari dunyo miqyosida yuqori reytinglarga erishmoqda.
Xalqimizning
taʼlim sohasi, ilm- maʼrifatga qarashi bugun oʻn, yigirma yil oldingidan butkul
farq qiladi. Joriy yil 24-fevralda Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti
boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global
indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilganini
bildirdi. Yoshlarning bunday eʼtirofga sazovor boʻlishi keyingi yillardagi
taʼlim sohasi, aynan Oʻzbekistoning salkam 6,5 million oʻgʻil-qizi oʻqiydigan,
eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi — maktab taʼlimidagi
yangilanishlar hosilasidir.
Albatta, ilm yoʻlida yoshlarning oliy taʼlimga ega
boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo buning uchun, birinchi navbatda,
universitet va institutlarga kirishda davlat imtihonlaridan ijobiy natijaga ega
boʻlish kerak. Bunda yoshlarimizga turli oʻquv markazlari koʻmakchi boʻlmoqda.
Yoshlarni qoʻllaganni davlat ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi.
Xususan, bu
yil Oʻzbekistonda oʻquv markazlari faoliyati oʻzining oltin davriga qadam
qoʻymoqda deyish mumkin. Albatta, oʻquv markazlari ommalashib borishida ularga
yaratilgan qulay shart-sharoit, imtiyoz va ragʻbatlar yil sayin ortib borishi
zamin yaratdi. Xususan, oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil
muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit, chekka hududlarda chet tillarga
ixtisoslashgan oʻquv markazlari ochgan malakali yoshlarga 120 million soʻmgacha
foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida xorijiy tillarni
oʻrganadigan yoshlarga toʻlovlari “2+6” oy shaklida qoplab berilishi
tarmoqning yanada gurkirab yashnashiga zamin hozirladi. Natijada qoʻllab-quvvatlash
mexanizmi samara berib, xorijiy til sertifikati olgan yoshlar soni 600 mingdan
oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani
aytildi. Xususiy oʻquv markazlari soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshdi.
Davlatimiz
rahbari ochiq muloqotda bildirganidek, endilikda Xususiy oʻquv markazlari
uyushmasi tuzilib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan
tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod
etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga
stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni tarmoq yagona katta
kuchga aylanib, ish samaradorligi karrasiga ortishi koʻzlanmoqda. Shuningdek,
“Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv
markazlari faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda
beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz,
oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi.
Albatta,
yoshlarning ilm-fanga qadam qoʻyishida oliy taʼlimning ahamiyati katta. Ammo
ilgari moddiy ahvoli ogʻirligi yoki oilaviy sharoiti sabab universitetlarni
tashlab ketayotganlar yetarlicha edi. Ammo keyingi yillarda yoshlar, ayniqsa,
xotin-qizlarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi natijasida aholining turli
qatlamlari orasida oliy maʼlumotga ega fuqarolar soni koʻpaydi. Jumladan,
aholining turli ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qamrab olgan “Temir
daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali yurtdoshlarimiz
ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli imtiyoz va imkoniyatlar taqdim
etilishi ularning hayotini yangi bosqichga koʻtardi.
Masalan,
oʻqish istagidagi yigit- qizlar “Yoshlar daftari”ga kirib, oʻquv markazlari
toʻlovi yoki oliy taʼlim muassasasi kontrakt pullarini toʻlash imkoniga ega
boʻldi. Yolgʻiz ayollar yoki kambagʻal oila qizlari “Ayollar daftari” orqali
tikuvchilik yoki kichik qandolatchilik markazlarini bunyod etib, davlatning
qoʻllovi bilan risqu nasibasini koʻpaytirdi. “Temir daftar” odamlarning temir
irodasini bukayotgan, farovon hayotiga toʻsiq boʻlayotgan uy-joy yoki boshqa
birlamchi ehtiyojlarini hal etishda muhim vositaga aylandi.
Bugungi kunda
xotin-qizlarning magistratura bosqichida tahsil olishi uchun kontrakt pullari
davlat tomonidan toʻlab berilmoqda. Natijada universitet va institutlarda
tahsil olayotgan qizlar soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini
tashkil etmoqda. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil
olayotganlarning 8,5 ming nafari, yaʼni 61 foizini xotin-qizlar tashkil
etayotgani ham ahamiyatli.
Prezidentimizning
shu yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish
hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish
boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan
oilaviy sharoiti tufayli oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqishini davom
ettirolmagan xotin-qizlarga yana oʻqish imkoniyatini taqdim qilish
belgilandi.
Unga koʻra,
homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan
shugʻullanuvchi talabalarga 2026/2027 oʻquv yilidan oliy taʼlim olishi uchun
“ikkinchi imkoniyat” beriladi. Yaʼni kursdan kursga qolgan yoxud talabalar
safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta oʻzlashtirish
sharti bilan taʼlimni davom ettirish imkoni yaratiladi. Talabalar fanlar
farqini mustaqil oʻzlashtirishi uchun qoʻshimcha muddat beriladi va boshqa
zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi. Bu esa talabalar orasida xotin-qizlar
soni yanada koʻpayishiga zamin yaratadi.
Gapning
indallosini aytganda, Oʻzbekistonda yoshlarning oliy maʼlumot olishi uchun
barcha shart-sharoit mavjud. Jumladan, ularning bir paytning oʻzida bir necha
oliygoh va taʼlim yoʻnalishiga imtihon topshirish imkoni bor. Shuningdek,
davlat taʼlim muassasalariga kira olmagan yoshlar oʻzi qiziqqan yoʻnalish
boʻyicha xususiy universitetlarda ham tahsil olishi mumkin.
Ilgari oliy
taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridan oʻtolmagan yoshlar uchun ikkita
yoʻl bor edi. Biri — yana qayta tayyorgarlik koʻrish, ikkinchisi — ishlash uchun
xorijga ketish. Bugun yoshlarga hayotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olishi uchun
barcha imkoniyatlar eshigi ochilgan. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yana bir
yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Bundan asosiy maqsad ham yoshlarning taʼlim olish
imkoniyatini yanada kengaytirish. Unga koʻra, keyingi oʻquv yilidan boshlab
oʻquvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish maqsadida
9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi.
Bunda bitiruvchilar toʻplagan ballariga koʻra oʻqishni oliy taʼlim muassasasi
yoki texnikumda davom ettiradi. Yaʼni ustoz boʻlmasa, usta boʻladi.
Oʻgʻil-qizlarimiz yo bilim, yo yaxshi bir kasb-hunar egasiga aylanadi.
Agar yoshlar
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni maʼqul koʻrsa, oʻz biznesini
yoʻlga qoʻyishi uchun ham Oʻzbekistonda kerakli barcha shart-sharoitlar
yaratib berilmoqda. Ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit,
biznesini tashkil etish uchun joy va boshqa imkoniyatlar koʻpaytirilmoqda.
Xususan, oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari
agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgan, natijada “Yoshlar biznesi” va
“Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga
qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagan. Bu ishlarning davomi sifatida
2026-yilda yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200
million dollar ajratilgan.
Bugun Oʻzbekiston yoshlari orzu-umidi,
oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishi uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar
mujassam. Ulardan faqatgina oʻqish-izlanish, oʻz ustida ishlash talab etiladi.
Shijoatli, aql-zakovati baland yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlmish oltin
avlodni koʻrganimda ularga havasim keladi. Beixtiyor Oʻzbekiston xalq
yozuvchisi Hamid Gʻulomning “Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…”, degan
jumlalarini takrorlayman.
Begdavlat
ALIYEV,
falsafa fanlari doktori, professor