Ushbu muammoni hal qilishning asosiy usullaridan biri-  nikohdan ajralishni huquqiy tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, nikohdan ajralish shaklini tanlash, shuningdek, er-xotin o‘rtasida mavjud bo‘lgan huquqiy nizolarni va huquqiy tartibga solish doirasidan tashqarida bo‘lgan nizolarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimcha tartiblarni joriy etishdir. Xususan, bunday alternativ usul sifatida mediatsiyani kiritish mumkin. Ushbu yo‘nalishni amalga oshirish, yarashtirish protseduralarini joriy qilish va oilaviy-huquqiy nizolarni hal etish uchun asos yaratilgan va 2018 yil 12 iyuldagi 482-sonli “ Mediatsiya to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilingan.

Mediatsiya protsedurasi (jarayoni) –o‘zaro kelishilgan holda, ixtiyoriylik asosida nizolarni mediator yordamida hal qilish usulidir.

O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga binoan, ushbu Qonunning amal qilishi fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.

Er va xotin o‘rtasidagi munosabatlar har doim ham o‘zaro tushunishga asoslanmaydi va kelishmovchiliklar har doim ham  murosaga kelishga olib kelmaydi, chunki ko‘pchilik turmush qurganlar psixologiya va huquq bilimlaridan uzoqdir. Shu sababli, mediatsiyaning umumiy tamoyillari bilan bir qatorda mediatsiya protsedurasi taraflari o‘rtasidagi munosabatlarning shaxsiy – ishonchli, maxfiy xususiyatini hisobga olish prinsipi oilaviy huquqiy nizolarni hal qilishda muhimdir.O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasi, mediatsiyaning asosiy prinsiplariga bag‘ishlangan, unga ko‘ra, mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Ayniqsa ushbu Qonunning 6-moddasiga e’tibor qaratish lozim: maxfiylik prinsipi-mediatsiya ishtirokchilari mediatsiya jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni ularni taqdim etgan mediatsiya tarafining, uning huquqiy vorisining yoki vakilining yozma roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.

Mediatsiya ishtirokchilari o‘zlariga mediatsiya jarayonida ma’lum bo‘lib qolgan holatlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas, shuningdek ulardan mediatsiyaga taalluqli axborotni talab qilib olish mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu tamoyillarni tadbiq etish, nizolashayotgan tomonlarning xavfsizligini va ularni qiziqtirgan barcha masalalarni bilishiga sharoit yaratishga yordam beradi.

Oilaviy–huquqiy munosabatlar, boshqa munosabatlardan farqli o‘laroq, subyektlar – oila a’zolari, bir-biriga ishonch asosida qurilgan munosabatlar bilan tavsiflanadi,shuning uchun nikohdan ajralish nafaqat er-xotinning huquq va manfaatlariga ta’sir qilishi, balki oilaning barcha a’zolariga  jiddiy zarar yetkazishi mumkin . Shu munosabat bilan nizoni hal qilish jarayoni oilaviy munosabatlarning xususiyatlarini, oilaning moddiy farovonligini, ma’naviy va ahloqiy salomatligini saqlash zarurligini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Nizoni hal qilish va sabablarini aniqlash imkoniyatini nazarda tutadigan ajralish tartibi, bu holda oilani saqlab qolishga imkon beradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Mediatsiya to‘g‘risidagi qonunda oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyaning ko‘zda tutilgan, ammo O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 11-moddasida oilaviy huquqlarni himoya qilish sud tomonidan fuqarolik sud ishlarini yuritish qoidalari bo‘yicha, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa, vasiylik va homiylik organlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Oila kodeksining 38-moddasi nikohdan ajratishning faqat ikki tartibini: sud tartibida, va 42- 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritib, uchinchi, alternativ tartib –mediatsiya tartibini kiritish lozim. Tomonlar ajralish bilan bog‘liq nizolarni mediatsiya tartibida hal qilishlari mumkinligi  to‘g‘risidagi qoidalarini mustahkamlash kerak.

Ushbu muqobil tartibning afzalliklari nimadan iborat? Birinchidan,  sud tartibida nikohdan ajralishda, sudning nizoni hal etishdagi egiluvchan funksiyasi yo‘qligi, sababli subyektlar o‘rtasidagi ishonch munosabatlar yo‘qoladi. Sud nizoning faqat huquqiy tomonlarini hisobga olgan holda qat’iy tartiblarga amal qiladi. Oilaviy huquqiy munosabatlarningsh mohiyati tomonlar o‘rtasida ma’lum darajadagi ishonchni mavjudligini nazarda tutadi. Shuning uchun sud jarayonidan farqli o‘laroq, nizoni hal qilishning muqobil usullaridan foydalanish buzilayotgan munosabatlarni tiklashga imkon beradi.

Ikkinchidan, sud jarayonida ba’zida taraflarning o‘rtasidagi butun kompleks munosabatlarning hisobga olishning imkoniyati bo‘lmaydi, buning natijasida esa sud xulosani faqat da’vo predmeti va asoslarini baholash bilan cheklanadi. Subyektlar o‘rtasidagi oilaviy huquqiy munosabatlarning aksariyat qismi huquqiy tartibga solish doirasidan tashqarida qoladi. Odatda, taraflar o‘rtasidagi nizoni keltirib chiqargan va sudga taqdim etilgan nizoning asl sabablari yashiriladi.

Uchinchidan, ish bo‘yicha sud tomonidan chiqarilgan qaror taraflarni har ikkisini ham (yoki bir tarafni) qoniqtirmasligi mumkin, bu esa nafaqat nizoni hal qilish, balki vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

Yuqorida qayd etilganlardan quyidagi xulosaga kelish mumkin: oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarning aksariyati, sudga taqdim etilgan nizo predmeti doirasidan tashqarida qoladi. Sud da’vo predmeti va asoslari doirasida ishni hal etib, nizoning subyektiv sababalariga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi, shuning uchun uni konstruktiv ravishda hal qila olmaydi .

Mediatsiya nizolarni hal etishning alternativ usuli sifatida, formal qoidalarga rioya etilishini talab etmaydi, demak taraflar o‘rtasidagi faktik munosabatlarga, nizoning asl sabablariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, taraflarning faol ishtirok etishi, ularni manfaatlariga mos qabul qilishga imkont yaratadi. Shuni ta’kidlash kerakki, aksariyat mamlakatlarda aynan oilaviy  nizolarni hal etish mediatsiya keng rivojlangan. Mediatorga murojaat qilish oilaviy huquqiy munosabatlar subyektlariga buzilgan huquqlarini davlatning aralashuvisiz himoya qilishga imkon beradi. Mediator, suddan farqli o‘laroq, nizoni bartaraf etish yo‘llarini topishga yordam beradi. Taraflarning manfaatlarini muvofiqlashtirish orqali mediator ikkala tarafning manfaatlariga javob beradigan yechimga kelishga hissa qo‘shadi. Mediator “oilaviy hayotni saqlab qolish” yoki “birgalikda yashashning imkoni yo‘q” kabi masalalar bo‘yicha qaror chiqarishga vakolati yo‘q, qonun bo‘yicha bu vakolat sudga berilgan. Sud faktlarni belgilaydi, dalillarni baholaydi, qaror qabul qiladi, bu qoida tariqasida, taraflardan biriga mos keladi, mediatorning vazifasi esa, nizoni hal etish, mediatsiya jarayoni ishtirokchilariga oilani saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilishga sharoit yaratib beradi.

Oilaviy mediatsiya taraflar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvini oldini olib, ularning manfaat va ehtiyojlarilarini yaxshiroq tushunib, munosabatlarni yaxshilanishiga yordam beradi.

Agar kelishmovchiliklar zamirida bolalar masalasi bo‘lsa, u holda mediatsiya, ota-onalarga farzandlarining individual ehtiyojlari va hissiyotlariga e’tibor berishga, shuningdek, kelgusidagi munosabatlar sxemasini ishlab chiqishga yordam beradi. Axir bola, necha yoshida bo‘lishidan qat’iy nazar, ota-onasining ajralishidan, ular o‘rtasidagi munosabatlardan azob chekadi. Shu sababli, ota-onalar birinchi navbatda farzandining farovonligiga qaratilgan qaror qabul qilishlari va ajralishgandan so‘ng ularning har biri bilan ko‘rishish huquqini to‘sqinliklarsiz  amalga oshirilishini ta’minlashlari lozim . Shuni ta’kidlash kerakki, er-xotinning barcha qarorlari, ularga bosim o‘tkazmasdan va ularning barcha qonuniy huquqlariga rioya qilingan holda ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, oilaviy mediatsiya horijiy qonunchilikda va yuridik amaliyotda keng tarqalgan mediatsiya turi bo‘lib hisoblanadi. Ko‘pincha mediatsiya jarayonida, ajralishdagi kelishmovchiliklarni hal qilish, voyaga yetmagan bolalarning yashash va tarbiyalanish huquqlari, aliment majburiyatlari, umumiy birgalikdagi mulkni bo‘lish, kreditorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish kabi masalalar hal etiladi.

Finlyandiya “Nikoh to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra  mediatsiya  oilaviy-huquqiy nizolarni hal qilishning ustuvor usuli deb nomlanadi (20-modda).  Oilaviy mediatsiya bo‘yicha mutaxassislar –bu davlat xizmatchilari va xususiy amaliyotchi mutaxassislardir. Xususiy amaliyotchi-mediatorlarning faoliyati majburiy litsenziyalashtirilishi lozim. 1996 yilda qabul qilingan Buyuk Britaniya “Oila to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, oilaviy-huquqiy xarakterdagi nizolar dastlab majburiy tarzda, litsenziyaga ega bo‘lgan mediator tomonidan hal qilinadi. Avstraliyada esa 2007 yildan beri, nikohdan ajralgan ota-ona majburiy tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan mediatorlarga murojaat qilishi shart. Ajrashayotgan er va xotin mediator yordamida kelishuvga kelganidan so‘ng, ushbu kelishuv ajralish protsessini olib boruvchi sudga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.Avstriyada mediatsiyaning tarqalishi ajralish  davrida fuqarolarga mediatsiyani yordam vositasi sifatida joriy etish imkoniyatini muhok ama qilish bilan boshlangan. Avstriyada ajralishdagi nizolarni tartibga solish muammolarini huquqiy jihatdan isloh qilishda (2000 yilda joriy etilishi boshlangan) mediatsiyani nazarda tutuvchi sud -protsessual chora tadbirlar ishlab chiqilgan.Shuningdek, unda rasmiy ravishda ajralish jarayonida ishtirok etmaydigan, ammo ajralish oqibatlari ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan barcha tomonlarga maslahat (konsultatsiya)lar olish imkoniyatlari yaratilgan .        Horijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mediatorlarga ko‘rib chiqqishga taqdim etilgan oilaviy nizolar muvaffaqiyatli hal etilmoqda va taraflar  mediatsiya natijasidan mamnun. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ushbu protsedura (jarayon) ixtiyoriy hisoblanib, uning ta’sir mexanizmi ko‘pchilikka  tanish emas, buning natijasida mediatsiya mamlakatimizda keng qo‘llanilmayapti. Fikrimizcha, qonunchilik darajasida voyaga yetmagan bolalar to‘g‘risida nizo bo‘lmagan hollarda, mediatorga majburiy murojaat qilish tartibini kiritish lozim.Bunday murojaat ajralish to‘g‘risidagi ariza berilayotgan vaqtda yoki ariza berishdan oldin amalga oshirilishini belgilash mumkin. Agar da’vo sudda ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, mediatorga murojat qilingan taqdirda, sud ishi to‘xtatilib turiladi.

Fikrimizcha, oilaviy mediatsiya jarayoni ikkita mediator tomonidan amalga oshirilsa, ulardan biri psixologiya bo‘yicha malakali, tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lsa, ikkinchisi huquqshunos bo‘lgani maqsadga muvofiqdir. Ular nizoni hal etishda birgalikda har tomonlama yondoshib faoliyat olib boradilar. Buning natijasida nizo atroflicha muhokama etilib, ikkala taraf uchun manfaatli xulosaga kelinadi, bu esa oilani saqlab qolish imkoniyatini ancha oshiradi. Xususan, “Mediatsiya to‘g‘risida” gi Qonunni” Oilaviy huquqlardan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyaning o‘ziga xususiyatlari” bobiga oilaviy mediatsiyaning tartibi va huquqiy oqibatlarini batafsil yoritish va yuqorida ko‘rsatilgan modelni belgilash maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga oilaviy nizolarni mediatsiya yordamida hal qilish imkoniyatini beradigan o‘zgartirish kiritish lozim. Bir qator nizolarni hal etishda majburiy mediatsiyani foydasi katta, chunki nizo hal qilinmasa ham  uni sudda ko‘rib chiqish muddatlari qisqartiriladi. Bundan tashqari, qonun chiqaruvchi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 1-moddasi ” Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik”, “oilaviy muammolarni rozilik asosida hal qilish” to‘g‘risidagi qoidalarni belgilaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, oilaviy huquqiy nizoni hal qilishda, xususan, nikohdan ajralishda mediatsiya jarayonini oilaviy huquqlarni himoya qilishning mustaqil usuli sifatida ko‘rib chiqish kerak deb hisoblaymiz


U.Sh.Sharaxmetova,
TDYU Fuqarolik huquqi sho’basi professori