Ona tilining nufuzi uning hayotimizda qançalik keng qöllanilayotgani, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar bilan hamnafas rivojlanayotganida ham namoyon böladi. Keyingi yillarda özbek tilining mavqeini mustahkamlaş borasida muhim işlar qilindi. Ayni paytda alifbo va imlo masalalari, tilning raqamli muhitdagi imkoniyatlari, adabiy va maʼnaviy merosimizni çuqur örganiş bilan boğliq vazifalar ham dolzarbligiça qolmoqda. Suhbatda şu va sohadagi boşqa muhim masalalar, ilmiy izlanişlar hamda istiqboldagi vazifalar xususida söz boradi.
— Yaqinda Özbek tili bayramini nişonladik. Prezidentimizning şu munosabat bilan yöllagan tabrigida ona tilimiz mavqeini yanada yuksaltiriş, uni ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar tiliga aylantiriş vazifalariga alohida eʼtibor qaratildi. Avvalo, sönggi yillarda bu borada yuz bergan özgarişlar va oldimizda turgan vazifalar haqida fikrlaşsak.
— Til — millatning ruhi. Millatni boşqalardan ajratib turadigan asosiy belgilardan biri ham uning tilidir. 1989-yilda özbek tiliga davlat tili maqomi berilgani tariximizda alohida örin tutadi. Mana oradan şunça yillar ötdiki, könglimizdagi bu kayfiyatni bu qadar oçiq va oşkora heç qaçon aytmaganmiz. Yangi Özbekiston ğoyasi bilan uyğunlikda 2019-yildan boşlab davlat tiliga munosabat sezilarli darajada özgardi. Har yili bu boradagi vazifalar kölami kengayib, amaliy işlar köpayib boryapti.
Bir vaqtlar özbek tilining Birlaşgan Millatlar Taşkiloti minbaridan yangraşini orzu qilardik. Maşhur şoir Rasul Hamzatovning “Jahon minbaridan yangramasa ham, jonimga masihdir onajon tilim”, degan sözlari bor. Bugun esa ona tilimiz jahon minbaridan yangrayotganidan faxrlanişga haqlimiz.
Men uçun bu yilgi bayramning yana bir quvonarli jihati, 21-oktyabr kuni kim bilan uçraşmay, deyarli barça bir-birini Özbek tili bayrami bilan tabrikladi. Ilgari buni köp kuzatmasdik. Odamlarning ona tiliga munosabatidagi özgarişni şundan ham bilsa böladi.
Prezidentimizning bayram tabrigida aytgan fikrlari zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Özbek tili ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar sohasida tölaqonli qöllanilişi kerak. Buning uçun tilimiz imkoniyatlarini yangi texnologiyalarga tatbiq etişimiz, uning xalqaro maydondagi örnini mustahkamlaşimiz zarur. Albatta, bu vazifani birgina rahbar yoki muayyan taşkilot zimmasiga yuklab qöyiş töğri bölmaydi. Yangi Özbekistonda til rivoji bilan boğliq boşlangan işlarni butun xalq birgalikda davom ettirişi kerak.
— Özbek tili bayrami arafasida lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillaştirişga doir qonun imzolandi. Bu masala uzoq yillar davomida muhokama qilib kelindi. 1993-yilda ham alifbo qabul qilingan, oradan ikki yil ötib, unga özgartirişlar kiritilgan edi. Öşa paytdagi qarorlarda qanday kamçiliklarga yöl qöyilgan va bugungi özgarişlarning asosiy ahamiyati nimada?
— Millatning özligini tasdiqlaydigan eng muhim belgilardan biri uning tili bölsa, yozuv ana şu tilni avloddan avlodga yetkazadigan vositadir. U orqali tariximiz, adabiyotimiz, ilm-fan yutuqlarimiz saqlanadi. Şuning uçun alifbo masalasiga oddiy bir texnik özgariş sifatida qaraş töğri bölmaydi.
Ha, 1993-yilda lotin yozuviga asoslangan alifbo qabul qilindi. 1995-yilda unga özgartirişlar kiritildi. Bugun öylab qarasak, dastlabki alifbo ayrim jihatlari bilan hozirgi texnologiyalar talabiga nisbatan yaqinroq. Albatta, uning ham kamçiliklari bölgan. Öşa davrdagi mutaxassislarning maqsadi tuşunarli: yoşlarimizning xorijiy tillarni örganişini osonlaştiriş, xalqaro yozuv tizimiga yaqinlaşiş közlangan. Şu sababli ayrim tovuşlarni ifodalaşda ingliz tilidagi harf birikmalariga murojaat qilingan.
Biroq bu qarorlar keyinçalik qanday murakkabliklar keltirib çiqarişi yetarliça hisobga olinmagan. Masalan, “ş” va “ç” tovuşlarini ikkita harf bilan ifodalaş amaliyotini olaylik. Mutaxassislarimiz örganişiça, bu tovuşlar özbek tilida ingliz tiliga nisbatan beş-olti barobar köp qöllanadi. Birgina “aççiqtoş” sözida ikkita “ç” va bitta “ş” bor. Amaldagi lotin yozuvida ularni ifodalaş uçun oltita belgi işlatilsa, yangilangan alifboda uçta belgining özi kifoya qiladi.
Yana bir masala — “ö” va “ğ” harflarining yozilişi. Amaldagi alifboda ularni ifodalaş uçun qöllanadigan belgilar bir xil emas. Kompyuterda matn terişda ham, elektron maʼlumotlarni qayta işlaşda ham bu muayyan qiyinçiliklar tuğdirib keldi. Ayniqsa, Yunikod tizimi va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan boğliq masalalarda bu kamçiliklar yaqqol sezildi. Biz esa özbek tilini internet, elektron luğatlar, sunʼiy intellekt tizimlariga keng joriy qilişimiz kerak.
Imlo qoidalarida ham ayrim nomutanosibliklar yuzaga kelgan. Masalan, “möjiza”, “mötabar”, “mötadil” kabi sözlarning yozilişida tutuq belgisi bilan boğliq masalalar bor. Baʼzi holatlarda qoida tilning tabiiy xususiyatidan köra harfning taşqi körinişiga moslaştirilgan. Bunday jihatlar tilşunoslar örtasida köp muhokamalarga sabab böldi.
Aslida, 1995-yildan keyin ham alifbo masalasida bahslar töxtagani yöq. Deyarli öttiz yil davomida turli takliflar bildirildi. Kimdir bir harfning yozilişidan, yana kimdir boşqa belgidan norozi böldi. Bugungi özgarişlar ana şu uzoq muhokamalar, mutaxassislar izlanişlari bilan boğliq.
Meni quvontirgan jihati qonunning aynan Özbek tili bayrami kuni imzolangani böldi. Öşa kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatdim. Hujjat haqidagi xabarlar tarqalişi bilan ayrim foydalanuvçilar yozuvlarini yangi alifboga moslaştira boşladi. Ayniqsa, yoşlarning bu özgarişlarga qiziqişi, uni qöllab-quvvatlayotgani eʼtiborimni tortdi.
— Alifbodagi özgarişlar bilan boğliq yana bir masala köpçilikni qiziqtiryapti. Şu paytgaça amaldagi lotin alifbosida juda köp kitoblar, darsliklar naşr etildi. Turli hujjatlar, köça va taşkilotlar nomlari, peşlavhalar ham şu yozuvda. Endi ularning taqdiri qanday böladi? Hammasini qaytadan özgartirişga töğri keladimi?
— Şu örinda men Hazrat Alişer Navoiyning bir xizmatini eslaşni istardim. U zot yaşagan davrda fors tilining mavqei nihoyatda baland edi. Adabiyot, sanʼat, madaniyatda şu til hukmron bölgan. Rumiy, Hofiz, Jomiy singari buyuk ijodkorlar, “Xamsa”çilikning yirik vakillari forsiyda ijod qilgan. Ana şunday şaroitda Navoiy turkiy tilning imkoniyatlarini körsatişga, ijodkorlarni öz ona tilida asarlar yozişga daʼvat etdi.
Öylab köring, bu oson iş bölganmi? Navoiy turkiy şoirlarga şu tilda yozinglar, uning imkoniyatlarini özimiz oçib bermasak, çetdan kelib kim bu işni qilib beradi degan fikrni ilgari surgan. Bu katta maʼnaviy jasorat edi. Ayni paytda u forsiy adabiyotning buyuk vakillariga, ularning ijodi va xizmatlariga ham yuksak hurmat bilan munosabatda bölgan. “Muhokamat ul-luğatayn” asarida buni yaqqol köramiz.
Nega buni aytyapman? Çunki til va yozuv bilan boğliq masalalarda muayyan qiyinçiliklardan çöçimaslik kerak. Biz bugun millatimizning maʼnaviyatiga, nomi, şaʼni, ğururiga daxldor iş bilan şuğullanyapmiz. Endi qaysidir viloyat yoki tuman nomida bitta-ikkita harf özgaradi, biror peşlavhani almaştirişga töğri keladi deb, bu işdan qaytişimiz kerakmi? Axir alifbomizni takomillaştirişdan maqsad ham kelajak avlod uçun qulay, mukammal yozuv tizimini şakllantiriş-ku.
Albatta, siz aytayotgan masalaning amaliy jihatlari ham bor. Şu paytgaça kirill yozuvida ham, amaldagi lotin alifbosida ham juda köp adabiyotlar yaratilgan. Biz ularni bir kunda özgartirib taşlay olmaymiz. Bunga hojat ham yöq. Jarayon asta-sekin, avlodlar almaşinuvi bilan öz örniga tuşadi.
Masalan, maktab darsliklari birinçi sinfdan boşlab bosqiçma-bosqiç yangilanadi. Şaxsni tasdiqlovçi hujjatlarning ham öz muddati bor. Vaqti kelganda ular yangisiga almaştiriladi. Köçalardagi peşlavhalar masalasini olaylik. Bugun ularning aksariyati elektron körinişga ötib boryapti. Bunday yozuvlarni özgartiriş uçun kompyuterda tegişli harflarni almaştiriş kifoya. Qaysidir hudud nomida bir yoki ikkita harf özgarişi ham hal qilib bölmaydigan muammo emas.
Menimça, bu yerda köproq özimizning munosabatimiz muhim. Agar har safar yangi yozuvni örganiş qiyin, bunga vaqt ketadi deb özimizni avaylayversak, qaçon örganamiz? Yana öşa ikkilanişlar, bahslar bilan bir neça yillarni ötkazib yuboramiz.
Heç kim bir kunda hamma yangi alifboda yozsin, barça kitoblaru hujjatlar hoziroq almaştirilsin deyayotgani yöq. Buning öz tartibi, öz vaqti bor. Muhimi, qabul qilingan yangilikka befarq qaramaslik, uni özlaştirişga harakat qiliş. Yurtini, tilini hurmat qilgan inson uning ravnaqi uçun qilinayotgan işlarga ham şunday munosabatda böladi.
— Institutga kelganimizda yoş olimlar safi kengayib borayotganiga guvoh böldik. Umuman, keyingi yillarda mamlakatimizda ilm-fanga munosabat jiddiy özgardi. Şu örinda institut faoliyati, bu yerda qilinayotgan ilmiy tadqiqotlar va ularning amaliy natijalari haqida ham töxtalib ötsangiz.
— Bilasizmi, bugungi imkoniyatlar haqida gapirişdan oldin yaqin ötmişimizdagi ayrim voqealarni eslagim keladi. Çunki hozirgi şaroitning qadriga yetiş uçun keçagi kunni ham unutmasligimiz kerak. Yaqin ötmişimizda ilmiy muassasalarda xodimlar soni qisqarib, olimlar muayyan loyihalarga boğlanib qolgandi. Kimdir çorak, kimdir yarim stavkada işlardi. Maoş qaçon berilişini bilmay, kutib yurgan kunlarimiz bölgan. Men hozirgi tayanç doktorantlarimizga baʼzan hazil aralaş aytaman: biz aspiranturada öqigan paytimizda hisobçimiz ortimizdan yugurib, stipendiyangizni olib keting deb iltimos qilardi. Nega deysizmi? Çunki öşa stipendiyaning miqdorini birovga aytişga uyalardik. Şu darajada kam edi.
Olimlarimiz uç-tört joyda işlaşga majbur bölgan. Beş-ön kun xorijga çiqib dam olib kelişni qöya turing, bunday imkoniyatni xayolga keltiriş ham qiyin edi. Ustiga-ustak, doimiy röyxat bilan boğliq çeklovlar bor edi. Toşkentda işlaysiz, ilm qilasiz, topganingizni yiğib uy olmoqçi bölasiz. Lekin propiskangiz bölmasa, uyni öz nomingizga rasmiylaştira olmaysiz. Birovning nomiga olişga, keyin har bir işda öşa odamga qarab qolişga töğri kelardi. Bunday holatlar ilm ahlining hayotiga qançalik salbiy taʼsir qilganini tasavvur qiling endi.
Şavkat Mirziyoyev Prezident bölganidan keyin ilm-fan sohasida boşlangan özgarişlar biz uçun katta voqea böldi. Fanlar akademiyasi faoliyati qayta tiklanib, ilmiy muassasalarga eʼtibor kuçaydi. Öşa kunlari olimlar bir-birini quçoqlab tabriklaganini haligaça eslayman. Çunki ilmga butun umrini bağişlagan odam uçun öz mehnati qadr topayotganini körişdan ortiq quvonç bormi?
Özbek tili, adabiyoti va folklori institutimiz 2017-yilda Fanlar akademiyasi tizimida taşkil etildi. Bugun bu yerda töqqizta bölim faoliyat yurityapti. Şundan törttasi tilşunoslik, törttasi adabiyotşunoslik, bittasi folklor yönalişida. Juda boy folklor arxivimiz bor. Olimlarimiz fundamental tadqiqotlar bilan şuğullanmoqda.
Mana, tört jildli “Alişer Navoiy ensiklopediyasi”ni yaratdik. Bitta institut jamoasi tomonidan şunday yirik ensiklopedik naşr tayyorlanişi oson iş emas. Unda Hazrat Navoiyning hayoti va ijodi, navoiyşunoslik tarixi, xorijda qilingan tadqiqotlar, turli mamlakatlarda saqlanayotgan qölyozmalar va toşbosma manbalarga oid keng maʼlumotlar jamlangan. Bu köp yillik izlaniş va maşaqqatli mehnat samarasi. Tilşunos olimlarimiz tomonidan olti jildli “Özbek tilining izohli luğati” tayyorlandi. Ilgari ikki jildli izohli luğatimiz bölardi. Endi uning hajmi ham, qamrovi ham ança kengaydi. Yana bir ulkan işimiz — yuz jildli “Özbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi. Hozirga qadar uning oltmiş jildi naşrdan çiqdi. Bu naşrlar orqali xalqimizning asrlar davomida şakllangan oğzaki ijodi, dostonlari, rivoyatlari, folklor merosi ilmiy asosda töplanib, kelgusi avlodlarga yetkazilmoqda. Qolgan jildlar ustida ham işlar davom etyapti.
Albatta, bunday xayrli işlarni amalga oşiriş uçun ilmiy maktab, tajriba va izlanuvçan yoşlar kerak. Bugun institutimizda 54 ilmiy xodim mehnat qilmoqda. Öttizdan ortiq doktorantimiz, ellikdan ziyod mustaqil tadqiqotçimiz bor. Men ularning şijoatini körib xursand bölaman. Ilmga kirib kelayotgan yoşlarning intilişi, izlanişga munosabati boşqaça. Olimlarni moddiy qöllab-quvvatlaş borasida ham katta özgarişlar böldi. Bugun falsafa doktori — PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar oylik maoşiga 30 foizgaça, fan doktorlari esa 60 foizgaça ustama oliş imkoniyatiga ega.
Ön yil oldingi ahvolimiz bilan bugungi imkoniyatlarimizni taqqoslasak, farqni yaqqol köramiz. Endi olimdan, eng avvalo, mehnat, izlaniş va şu imkoniyatlarga munosib natija kutiladi. Biz ham jamoamiz bilan ana şu masʼuliyatni his qilib işlayapmiz. Hali oldimizda qilişimiz kerak bölgan işlar juda köp.
— Keyingi paytlarda kundalik muloqotda, xususan, tadbirkorlik va xizmat körsatiş sohalarida özbek tilidan foydalaniş ança kengayganini kuzatyapmiz. Ilgari oddiy suhbatlarda ham boşqa tillardan kirgan sözlarni aralaştirib gapiriş holatlari köproq uçrardi. Töğri, bu muammolar hali töliq bartaraf etilgani yöq. Sizningça, adabiy til meʼyorlariga rioya qilişni kundalik hayotimizda mustahkamlaş uçun nimalarga eʼtibor qaratişimiz kerak?
— Menimça, eng avvalo, özimizda fidoyilik bölişi kerak. Baʼzan şu fidoyilik yetişmayotganday tuyuladi menga. Tilga munosabatni har birimiz yurakdan his qilişimiz zarur.
Har bir mamlakatda aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar bor. Matematika, kimyo, biologiya yoki astronomiyada jahonda erişilgan yutuqlarni örganişimiz, ularning ilğor tajribasini özimizga tatbiq etişimiz mumkin. Til masalasida esa tayyor andozani olib, şu asosda iş yuritib bölmaydi. Çunki har bir xalqning tili uning tarixi, tafakkuri, yaşaş tarzi bilan şakllanadi. Özbek tili rivoji uçun ham andozani özimiz yaratişimiz, özimiz sayqallaşimiz kerak.
Hazrat Alişer Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz” degan maşhur hikmati bor. Şu birgina fikrning özida qançalik katta maʼno mujassam! Tilga eʼtibor bilan elga eʼtiborni bir-biridan ajratib bölmaydi. Navoiy ijodida “er”, “eran” tuşunçalari ham alohida örin tutadi. Uluğ şoir bu sözlar orqali şijoatli, öz sözida turadigan, xalqni ortidan ergaştira oladigan, qölidan iş keladigan insonlarni nazarda tutadi. Bugun ham tilimiz ravnaqi uçun ana şunday qatʼiyat va amaliy harakat kerak.
Yana bir masalaga töxtalmoqçiman. Xorij tajribasi haqidagi suhbatlardan birida qiziq bir holatni eşitgandim. Adaşmasam, Germaniyada yoki boşqa bir davlatda çetdan kirib kelayotgan mahsulotlarning nomlanişiga ham alohida eʼtibor qaratilar ekan. Yangi mahsulot bozorga kiritilişidan avval uning nomiga şu tilda muqobil bormi, özlaşma söz sifatida qabul qiliş zarurati mavjudmi degan masalalar mutaxassislar bilan maslahatlaşilar ekan.
Tilga munosabatni qarang! Biz ham şunday tajribalarni örganişimiz kerak deb öylayman. Bugun mamlakatimizga turli yangi texnologiyalar, mahsulotlar kirib kelyapti. Ularning nomini qanday qabul qilamiz? Özbekça muqobili bölsa, nega undan foydalanmaymiz? Bu masalalarda tilşunoslar bilan maslahatlaşişni odatga aylantiriş zarur.
Oddiy bir misol. Köçalarimizda “şohköça” degan yozuvni uçratamiz. Özbek tilida “h” bilan “x” maʼno farqlovçi tovuşlar hisoblanadi. “Şoh” boşqa, “şox” boşqa. “Şohköça” deganda asosiy, boş köçani tuşunamiz. “Şox” esa daraxtning şoxi. Birgina harfni notöğri qöllaş sözning maʼnosini özgartirib yuboradi. Ayniqsa, köçadagi yozuvlarni körib ulğayayotgan yoş avlod uçun bu muhim. Bola nimani körsa, şunday yozilar ekan deb qabul qiladi.
Hozir bizda til masalalari bilan şuğullanadigan ilmiy muassasalar, oliy taʼlim dargohlari, malakali mutaxassislar bor. Nega ularning imkoniyatlaridan kengroq foydalanmasligimiz kerak? Yangi atamalarni muomalaga kiritişda ham, peşlavhalar va reklama matnlarini tayyorlaşda ham mutaxassislar fikriga tayaniş foydadan xoli bölmaydi.
Navoiy “Muhokamat ul-luğatayn” asarida turkiy tilning xususiyatlari haqida söz yuritar ekan, xalqning feʼli, tabiati bilan tili örtasidagi boğliqlikka ham eʼtibor qaratadi. Darhaqiqat, xalqning qanday fikrlaşi, voqelikni qanday qabul qilişi uning tilida ham aks etadi.
— Bugun tilning rivojini zamonaviy texnologiyalardan ayro tasavvur qilib bölmaydi. Ayniqsa, internet qidiruv tizimlarida özbek tilidagi maʼlumotlar köpayişi, sunʼiy intellektning ona tilimizda tölaqonli işlaşi muhim masalaga aylanyapti. Prezidentimiz taşabbusi bilan “Vikipediya”da özbekça materiallarni köpaytiriş böyiça ham işlar boşlangan edi. Bu boradagi hozirgi ahvolni qanday baholaysiz? Yangilangan alifbo tilimizni raqamli muhitda rivojlantirişga qançalik xizmat qiladi?
— Töğri aytasiz, “Vikipediya”da özbekça materiallar sezilarli darajada köpaydi. Bu işlar ança jonlandi. Lekin hali oldimizda hal qilinişi kerak bölgan masalalar juda köp.
Ona tiliga munosabat har bir insonning vataniy işi. Tilning kelajagini öylasak, uning zamonaviy texnologiyalardagi örnini ham mustahkamlaşimiz zarur.
Mana, sunʼiy intellektni olaylik. Özim qiziqib, unga özbek tilidagi ayrim matnlarni berib kördim. Baʼzan şunday javob qaytaradiki, hayron qolasiz. Tilimizda umuman mavjud bölmagan sözlarni yasaydi, gapning mazmunini özgartirib yuboradi. Uslubiy jihatdan ğaliz, tahriri böş jumlalar paydo böladi. Rus yoki ingliz tilida biror maʼlumot sörasangiz, göyo sunʼiy idrok öşa tillarda bemalol gapirayotgandek tuyuladi. Özbek tilida gapirtirib köring-çi, ğaşingizga tegadi.
Nega bunday bölyapti? Sabablaridan biri özbek tilidagi elektron maʼlumotlar, mukammal luğatlar va matnlar bazasining hali yetarli emasligida. Amaldagi alifbomizda ayrim harflarning yozilişi ham axborot texnologiyalari mutaxassislariga qiyinçilik tuğdirib keldi. Ayniqsa, “ö” va “ğ” harflarini ifodalovçi belgilar bilan boğliq muammolar bor edi. Şu bois, yangilangan alifbo qabul qilinişi bu yönalişdagi işlarimiz uçun ham muhim. Endi biz özbek tilining mukammal elektron korpusini yaratişimiz kerak. Bu juda katta iş. Olti jildli izohli luğatimizni, boşqa luğatlarimiz va tilga oid manbalarni raqamli tizimga töliq kiritişimiz zarur. Hozirgaça bu imkoniyatlarimiz çeklangan edi. Yozuvdagi özgarişlar ana şu işlarni kengaytirişga xizmat qiladi deb öylayman.
Sunʼiy idrokni çinakam özbek qilib gapirtira olişimiz kerak. U özbek tilidagi sözlarning maʼnosini, ifoda imkoniyatlarini töğri anglasin, fikrni özbekça ravon yetkazib bersin. Buning uçun til korpusi, elektron luğatlar, internet tilşunosligi bilan boğliq işlarni oxiriga yetkazişimiz lozim.
Bunda men yangilangan alifboga katta umid bilan qarayman. U özbek tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirişda muhim vosita böladi. Lekin buning özi bilan iş bitmaydi. Endi tilşunos dasturçilar, axborot texnologiyalari mutaxassislari birgalikda işlaşi, tilimizga oid boy ilmiy merosni zamonaviy elektron tizimlarga joylaştirişi kerak. Ana şunda bugun oldimizga qöyayotgan maqsadlarimizga erişamiz.
— Suhbatimiz davomida institutda bajarilayotgan yirik ilmiy loyihalar haqida töxtaldingiz. Jumladan, yuz jildli “Özbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasini 2030-yilga qadar yakunlaş rejasini aytdingiz. Xöş, yaqin uç-tört yil içida yana qanday ilmiy natijalarga erişişni maqsad qilgansizlar? Institut faoliyatida qaysi yönalişlarga ustuvor ahamiyat beriladi?
— Ilm faqat öz-özi bilan andarmon bölib, özini rivojlantiriş uçungina xizmat qilsa, bundan xalqqa qanday naf tegadi? Ilmning yutuği, eng avvalo, mamlakat taraqqiyotiga, xalqning bugungi va ertangi manfaatlariga xizmat qilişi kerak, töğrimi? Biz oldimizga vazifa qöyganda şuni doim hisobga olamiz.
Hozir institutimizdagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini zamonaviy texnologiyalarga tatbiq etişga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Masalan, bizning “Özbek tili va adabiyoti” jurnalimiz bor. Unga 1958-yilda Oybek domla asos solgan. Özbek filologiyasi tarixida öz örniga ega, ança nufuzli naşr. Biz hozir şu jurnalni elektronlaştiriş ustida iş boşladik. Nega? Çunki olimlarimizning tadqiqotlari, ilm-fan yangiliklari keng jamoatçilikka yetib borişi, ulardan köproq odam foydalana olişi kerak.
Yana bir katta niyatimiz bor. Alişer Navoiy ijodi asrlar davomida örganib kelinyapti, bundan keyin ham örganiladi. Lekin bir narsaga eʼtibor bering. Biz Navoiyni köproq şoir sifatida taniymiz. Vaholanki, u zotning tarix, astronomiya, matematika, hatto şaxmatga oid fikrlari ham bor. Davlat arbobi sifatidagi faoliyatini olaylik. Bularning har biri alohida tadqiqotlarga mavzu bölgan. Ammo şu paytgaça köp hollarda bir-biridan ajralgan tarzda örganilgan. Biz ana şu yönalişlarni özaro boğlab, Navoiyning ijodiy va ilmiy merosini yaxlit örganişni maqsad qilganmiz. Şu asosda institutimizda Alişer Navoiy laboratoriyasini taşkil etiş ustida iş ketyapti. Bu faqat bizning institut bilan çeklanadigan loyiha bölmaydi. Unga oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar, Alişer Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi va joylardagi olimlarimizni ham jalb qilişni istaymiz.
Xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytiryapmiz. Yaqinda qirğizistonlik, turkiyalik olimlar bilan anjumanlar ötkazdik. Olimlarimizning Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniyaga ilmiy safarlari rejalaştirilgan. Xorijda tadqiqotlarimizga qiziqiş ortib boryapti. Nima uçun? Çunki bizda örganişga arziydigan juda katta manbalar bor. Qölyozmalarimiz, luğatlarimiz, adabiy va folklor merosimiz — bularning har biri jiddiy ilmiy tadqiqotlar uçun asos böla oladi. 2030-yilgaça amalga oşirişni rejalaştirgan işlarimiz orasida yana bir muhim loyiha bor. Özbek tilining olti jildli izohli luğatini endi ön jildli şaklda naşr etiş ustida işlayapmiz. Bu, albatta, tilşunosligimiz uçun katta natija böladi.
Xullas, oldimizdagi işlar köp. Milliy adabiyot nazariyasi, jadid adabiy ensiklopediyasi, köp jildli özbek adabiyoti tarixi, izohli va şeva luğatlari, Navoiy merosini yaxlit örganiş, ilmiy naşrlarni raqamlaştiriş — bularning barçasi ustida qizğin iş ketyapti.
— Suhbatimiz yakunida bir savol bermoqçiman. Siz institut rahbari, tilşunos va adabiyotşunos olim sifatida özbek tilining kelajagini qanday tasavvur qilasiz? Aytaylik, beş-ön yildan keyin ona tilimizning jahondagi mavqei qanday böladi? Bugun boşlangan işlar bizni qaysi marralarga olib çiqişi mumkin?
— Bugungi işlardan kelib çiqib, işonç bilan ayta olamanki, keyingi beş-ön yilda özbek tilining imkoniyatlari yanada kengayadi. Ehtimol, bu muddatda uni ingliz, fransuz, nemis yoki arab tillari bilan bir qatorga qöyişimiz qiyin bölar. Lekin özbek tili ana şu tillardan kam bölmagan imkoniyatlarga ega til sifatida rivojlanişiga işonaman. U zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan tiliga aylanadi. Yangi Özbekistonda amalga oşirilayotgan işlar, xalqimizning orzu-intilişlari, bugungi qaraşlari jahonga ona tilimizda ham tölaqonli yetkaziladi.
Nima uçun özbek tili jahonning nufuzli tillari qatoridan örin olmasligi kerak? Nima uçun uning imkoniyatlari boşqa tillarnikidan kam bölişi kerak? Eng avvalo, özimiz şunga işonişimiz zarur. Özimiz işonmagan işga boşqalarni qanday işontiramiz?
Hozir bu maqsadlarga erişiş uçun katta işlar boşlangan. Bu yölda har birimiz öz vazifamizni bajarişimiz, boşlangan işlarni qöllab-quvvatlaşimiz zarur. Ona tilimizning ravnaqi, uning ertangi taqdiri — vataniy iş, millat işi. Agar şu masʼuliyatni barçamiz birdek his etsak, bir-birimizni qöllab-quvvatlab, hamjihatlikda harakat qilsak, közlagan maqsadlarimizga erişamiz.
— Mazmunli suhbatingiz uçun rahmat.