Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu hujjatda milliy tabiiy meros obyektlarining maqomi, turlari, roʻyxatini shakllantirish hamda ular hududida qurilish ishlarini amalga oshirish tartibi aniq belgilab berildi.

Nizomga koʻra, Oʻzbekiston milliy tabiiy meros obyektlari quyidagi turlarga ajratiladi:

  • biologik — 50-yildan ortiq yoshdagi daraxtlar, rellikt oʻrmonlar, tabiiy landshaftlar va ekotizimlar, YUNESKOning biosfera qoʻriqxonalari, Ramsar Convention obyektlari va boshqalar;
  • geologik — geologik kesimlar, geomorfologik obyektlar, tabiiy tuzilmalar va global geoparklar;
  • gidrologik — daryolar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar va boshqa suv obyektlari;
  • paleontologik — qadimgi hayot shakllari qoldiqlari.

Mazkur obyektlarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi beriladi. Shuningdek, ularni xalqaro roʻyxatlarga, jumladan, YUNESKOning Butunjahon merosi, biosfera qoʻriqxonalari va global geoparklar tarmogʻiga kiritish imkoniyati mavjud.

Nizomda obyektlarni roʻyxatga kiritish uchun qator talablar belgilangan. Ular jumlasiga:

  • tabiiy holatning saqlanganligi va bioxilma-xillik uchun ahamiyatliligi;
  • ekotizim elementlarining yaxlitligi;
  • hayvonot va oʻsimlik dunyosi uchun muhim yashash muhitlarining mavjudligi;
  • geologik va gidrologik jihatdan qimmatli hududlarni qamrab olishi kiradi.

Shu bilan birga, ushbu hududlarda qator faoliyat turlari qatʼiy taqiqlanadi. Xususan:

  • tabiiy resurslarni qazib olish, noqonuniy qurilish ishlari olib borish;
  • daraxt va butalarni kesish, ekotizimga zarar yetkazish;
  • chiqindilarni koʻmish, oqova suvlarni oqizish;
  • kimyoviy moddalardan foydalanish va sanoat korxonalarini joylashtirish.

Qurilish ishlari uchun ham alohida talablar joriy etilgan. Unga koʻra:

  • inshootlar mahalliy landshaftga mos boʻlishi;
  • faqat ekologik toza materiallardan foydalanilishi;
  • relyefni oʻzgartirish va tabiiy muhitga zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmasligi shart.

Talablar buzilgan hollarda qurilish ishlari darhol toʻxtatiladi, aybdorlarga hududni qayta tiklash majburiyati yuklanadi hamda yetkazilgan zarar qoplanadi.

Shuningdek, mazkur hududlarda sanoat korxonalari, koʻp qavatli uylar, chiqindi poligonlari va kimyoviy omborlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.