Terma jamoa a’zolari muhim musobaqa oldidan jismoniy va taktik tayyorgarlikni yanada kuchaytirish maqsadida har kuni intensiv mashg‘ulotlar olib bormoqda. Mashg‘ulot jarayonlarida jamoadagi yuqori kayfiyat, intizom va g‘alabaga bo‘lgan ishonch yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bizning ijodiy jamoa ham yig‘in jarayonlarida ishtirok etib, futbolchilarning mashg‘ulotlarini yaqindan kuzatdi. Mashg‘ulotlar davomida futbolchilarning yuqori tempda harakat qilishi, bir-biri bilan o‘zaro tushunishga asoslangan kombinatsion o‘yinlari va har bir mashqqa jiddiy yondashuvi e’tiborni tortdi.

Terma jamoa mashg‘ulotlariga bosh murabbiy Fabio Kannavaro shaxsan rahbarlik qilmoqda. Italiyalik mutaxassis futbolchilar bilan asosan taktik va jamoaviy harakatlar ustida ish olib bormoqda. Ayniqsa, hujum va himoya o‘rtasidagi muvozanat, tezkor qaror qabul qilish, qarshi hujumlarni tashkil etish hamda maydondagi o‘zaro uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mashg‘ulotlarda futbolchilarning jismoniy holati ham yuqori darajada ekani sezilmoqda. Terma jamoa a’zolari har bir mashqni yuqori kayfiyat va katta mas’uliyat bilan bajarmoqda. Jamoada sog‘lom raqobat muhiti shakllangan bo‘lib, har bir futbolchi asosiy tarkibdan joy olish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, terma jamoamiz 5–26-may kunlari Milliy futbol markazida navbatdagi yig‘inini o‘tkazmoqda. Ushbu yig‘in doirasida uchta o‘rtoqlik va nazorat uchrashuvlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Jami 40 nafar futbolchi yig‘inga jalb qilingan bo‘lib, dastlabki mashg‘ulotlar 30 nafar futbolchi ishtirokida boshlandi. Xorij klublarida faoliyat olib borayotgan legioner futbolchilar esa bosqichma-bosqich jamoa safiga kelib qo‘shilmoqda. Shuningdek, jarohatidan tiklanayotgan 6 nafar futbolchi ham yig‘inda ishtirok etib, maxsus dastur asosida tayyorgarlik olib bormoqda.

Joriy yilning 17-may kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Neftchi” klubiga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushdi. Yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan bahsda milliy terma jamoamiz 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu uchrashuvda murabbiylar shtabi barcha futbolchilarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib, ularga o‘yin amaliyoti taqdim etdi.

Uchrashuvda kiritilgan gollarga Azizbek Amonov 6-daqiqada, Farruh Sayfiyev 21-daqiqada hamda Doston Hamdamov 47-daqiqada mualliflik qildi. Bahs davomida futbolchilarning yuqori harakatchanligi, tezkor kombinatsiyalari va taktik intizomi e’tiborga molik bo‘ldi.

Uchrashuvdan so‘ng “Neftchi” darvozaboni Botirali Ergashev ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, milliy terma jamoaga qarshi bahs har bir futbolchi uchun katta tajriba vazifasini o‘taydi.

— O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘yin biz uchun yaxshi sinov bo‘ldi, — dedi Botirali Ergashev. — Terma jamoa futbolchilari yuqori tempda harakat qildi. Bunday bahslar klub futbolchilari uchun ham muhim tajriba hisoblanadi.

Shuningdek, uchrashuvda gol mualliflaridan biri bo‘lgan “Dinamo” hujumchisi Azizbek Amonov ham yig‘in va bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Jamoada muhit juda yaxshi. Har bir futbolchi yig‘inda o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmoqda, — dedi Azizbek Amonov. — Bugungi g‘alaba esa tayyorgarlik jarayonidagi mehnatlarimiz samarasi bo‘ldi. Oldimizda yana muhim o‘yinlar bor va ularga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Yig‘in doirasida milliy terma jamoa 20 may kuni “Paxtakor” jamoasiga qarshi navbatdagi nazorat bahsida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuv orqali murabbiylar shtabi futbolchilarning funksional holatini yanada chuqur tahlil qilish, taktik sxemalarni sinovdan o‘tkazish va asosiy tarkibni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi iyun oyida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi. Jamoa 2-iyun kuni Kanadaga qarshi, 8 iyun kuni esa Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahslar Jahon chempionati oldidan terma jamoa uchun muhim sinov vazifasini o‘taydi.

Mutaxassislar fikricha, yig‘in va xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari jamoaning sport formasini yanada oshirish, futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlash hamda katta musobaqa oldidan zarur tajriba to‘plashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda muxlislar ham milliy terma jamoadan katta natijalar kutmoqda. Futbolchilar esa ishonchni oqlash va yurt sharafini munosib himoya qilish uchun tayyorgarlikni yuqori saviyada davom ettirmoqda.

Zulxumor Akbarova