26-mart kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida Oʻzbekiston–Afgʻoniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, Oʻzbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afgʻoniston tomonidan esa Savdo va investitsiya palatasi hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari kiritildi.

Unda qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olingan boʻlib, bu ikki mamlakat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va oʻzaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qisqa muddatda oʻzaro savdo hajmini 5 mlrd AQSH dollariga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Shuningdek, koʻrgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda ishtirok etgan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov mazkur tashabbusning ahamiyatiga toʻxtalib, u tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, yangi sherikliklarni shakllantirish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Mazkur kelishuv va belgilab olingan ustuvor yoʻnalishlarni izchil amalga oshirish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va oʻzaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish kutilmoqda.