Bu haqda Milliy qoʻmita axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi delegatsiyasi 23-mart kuni Braziliyaning Kampo-Grande shahrida boʻlib oʻtgan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya tomonlarining 15-konferensiyasi (CMS COP15) ochilish marosimida ishtirok etdi.
Forumda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar vakillari koʻchib yuruvchi turlarni muhofaza qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu yoʻnalishda global hamkorlikni mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratdi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Konvensiyaning amaldagi raisi sifatida oʻz raisligini rasman Braziliya Federativ Respublikasiga topshirdi. Shuningdek, yalpi majlis davomida 2024–2026-yillardagi raislik natijalari boʻyicha hisobot taqdim etildi. Unda mamlakatning koʻchib yuruvchi turlarni muhofaza qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ovlashga qarshi kurashish borasidagi tashabbuslari aks etgan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu konvensiyaning 14-konferensiyasi 2024-yil fevral oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan boʻlib, undan soʻng Oʻzbekiston raislikni oʻz zimmasiga olgan edi. Bu mamlakatning atrof-muhit sohasidagi xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak eʼtirof sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hukumatiga “Migratory Species Champion Plus” maqomi taqdim etildi. Ushbu faxriy unvon 2026–2028-yillarda koʻchib yuruvchi turlarni noqonuniy olib ketishga qarshi huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash va global tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashdagi faol ishtiroki uchun berildi.
Mazkur natija mamlakatning barqaror ekologik siyosatini, bioixtiyorlikni asrash va koʻchib yuruvchi turlarni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga qoʻshayotgan munosib hissasini namoyon etadi.