Pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini raqamlashtirish va ushbu jarayon ustidan nazoratni yanada takomillashtirish taʼlim sifati hamda ehtimoliy korrupsion xavflarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Taʼlim sifati haqida gap ketganda, odatda darsliklar, pedagoglarning malakasi, zamonaviy texnologiyalar, maktablarning moddiy-texnik bazasi va oʻquvchilarning bilim darajasi haqida soʻz yuritamiz. Biroq taʼlim jarayonining eng muhim ishtirokchilaridan biri boʻlgan pedagogning sogʻligʻi masalasiga ham yetarlicha eʼtibor qaratish zarur.
Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga
koʻra, 2025/2026-oʻquv yili boshida mamlakatimizda 11 118 ta umumiy oʻrta
taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan. Ushbu taʼlim tashkilotlarida 577,7 ming
nafar oʻqituvchi mehnat qilgan.
Bu raqamlar ortida yuz minglab insonlarning kundalik
mehnati va millionlab oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasi turibdi. Shunday ekan,
pedagogning sogʻligʻini nazorat qilishni faqat tibbiyot tizimining vazifasi
sifatida emas, balki taʼlim sifati, oʻquvchilar xavfsizligi, mehnat unumdorligi
va inson kapitali bilan bogʻliq masala sifatida koʻrish lozim.
Amaldagi tartibga koʻra, umumtaʼlim maktablarining
pedagoglari majburiy davriy tibbiy koʻrikdan yiliga bir marta oʻtishi
belgilangan. Mazkur talabning asosiy maqsadi shunchaki “sogʻlom” degan
maʼlumotnoma olish emas, balki pedagog salomatligidagi muammolarni oʻz vaqtida
aniqlash, zarur tibbiy tavsiyalar berish va tegishli choralarni koʻrishdan
iborat.
Shu oʻrinda muhim savol tugʻiladi: pedagogning qoʻlida
tibbiy koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjat boʻlishi uning haqiqatan ham
barcha zarur tibbiy tekshiruvlardan oʻtganini anglatadimi?
Aynan shu savol majburiy tibbiy koʻrik tizimini yanada
takomillashtirish zaruratini koʻrsatadi.
Bu yerda masala maʼlumotnomaning oʻzida emas, balki uni rasmiylashtirish
jarayonining qanchalik shaffof va ishonchli tashkil etilganidadir. Agar pedagog
tibbiyot muassasasiga amalda bormasdan yoki zarur tekshiruvlarning barchasidan
oʻtmasdan turib tegishli tibbiy xulosaga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻlsa,
tibbiy koʻrikning asl maqsadi toʻliq taʼminlanmasligi mumkin.
Ayrim holatlarda norasmiy toʻlovlar orqali belgilangan
tartibni chetlab oʻtish imkoniyati paydo boʻlishi ham korrupsion xavf nuqtayi
nazaridan eʼtiborga molik masaladir. Bu yerda gap 50, 100 yoki 150 ming soʻm
kabi mablagʻ miqdorida emas. Asosiy eʼtiborni qonuniy va belgilangan tartib
oʻrniga norasmiy usullarga murojaat qilish amaliyoti shakllanib qolishining
oldini olishga qaratish lozim.
Korrupsion xavflar har doim ham katta mablagʻlar bilan
bogʻliq boʻlavermaydi. Ayrim holatlarda “shu ishni tezroq bitirish uchun ozgina
pul berib qoʻya qolay” degan yondashuv ham qonuniy tartiblarni chetlab oʻtishga
nisbatan murosali munosabatni shakllantirishi mumkin. Bunday holatlar
takrorlanishi esa vaqt oʻtishi bilan tizimda ishonch va shaffoflikka salbiy
taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.
Shu sababli maishiy korrupsion xavflarning oldini olish
faqat yirik korrupsion holatlarga eʼtibor qaratish bilan cheklanmasdan, kichik
koʻringan, ammo takrorlanishi natijasida tizimli muammoga aylanishi mumkin
boʻlgan holatlarni ham barvaqt aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi.
Masalaning yana bir muhim tomoni — ushbu jarayonning
taʼlim sifatiga ehtimoliy taʼsiridir. Albatta, tibbiy koʻrikdan sifatli
oʻtmagan har bir pedagogning dars sifati past boʻladi, degan xulosaga kelish
toʻgʻri emas. Biroq sogʻliq bilan bogʻliq ayrim muammolar oʻz vaqtida
aniqlanmasa, insonning ish qobiliyati va kundalik faoliyatiga taʼsir qilishi
mumkin.
Doimiy charchoq, ovoz bilan bogʻliq muammolar, turli
kasalliklar, ruhiy zoʻriqish va boshqa sogʻliq muammolari pedagogning kasbiy
faoliyatida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi ehtimoli mavjud. Shu
nuqtayi nazardan, pedagog salomatligi, uning mehnat qobiliyati va dars jarayoni
samaradorligi oʻrtasida muayyan bogʻliqlik mavjud.
Demak, tibbiy koʻrikni sifatli, shaffof va zamonaviy
talablar asosida tashkil etish nafaqat pedagoglar salomatligini muhofaza
qilish, balki taʼlim sifati, oʻquvchilar xavfsizligi va tizimdagi ishonchni
mustahkamlashning ham muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda yana bir muhim masalani oʻrtaga qoʻyish
lozim: pedagog tibbiy koʻrikdan belgilangan tartibda va toʻliq ravishda
oʻtdimi? Qogʻoz shaklidagi maʼlumotnoma bu savolga har doim ham toʻliq javob
bermasligi mumkin. Pedagog tibbiyot muassasasiga haqiqatan borganmi? Barcha
zarur shifokor koʻrigidan oʻtganmi? Laboratoriya tekshiruvlarini topshirganmi?
Tibbiy xulosa aynan shu shaxsga tegishlimi? Boshqa shaxsning uning oʻrniga
koʻrikdan oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaganmi?
Shu nuqtayi nazardan, nazoratning asosiy mezoni faqat
“maʼlumotnoma mavjudligi” emas, balki “tibbiy koʻrikning amalda va belgilangan
talablar asosida oʻtkazilgani” boʻlishi maqsadga muvofiq.
Bu borada zamonaviy raqamli texnologiyalar yangi
imkoniyatlar yaratishi mumkin. Masalan, “Elektron pedagog tibbiy koʻrik”
tizimini joriy etish orqali har bir pedagogning majburiy tibbiy koʻrigi yagona
elektron tizimda qayd etilishi mumkin. Unda koʻrikdan oʻtgan sana, tibbiy
muassasa, zarur tekshiruvlarning bajarilganligi va navbatdagi koʻrik muddati
kabi maʼlumotlar elektron tarzda yuritilishi mumkin.
Bunda, albatta, pedagogning tibbiy siri va shaxsiy
maʼlumotlari qatʼiy himoya qilinishi shart. Maktab rahbariyatiga pedagogning
tashxislari yoki boshqa maxfiy tibbiy maʼlumotlarini taqdim etish talab
etilmasligi kerak. Unga faqat pedagogning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtgan yoki
oʻtmaganligi hamda navbatdagi koʻrik muddati haqidagi zarur maʼlumotni
koʻrsatishning oʻzi yetarli boʻlishi mumkin.
Elektron tizimning yana bir muhim jihati — pedagog
shaxsini ishonchli identifikatsiya qilish imkoniyatidir. Tibbiyot muassasasiga
kelgan shaxsning ID-karta yoki boshqa qonuniy identifikatsiya vositasi orqali
shaxsi tasdiqlansa, bir pedagog oʻrniga boshqa shaxsning koʻrikdan oʻtishi
ehtimolini kamaytirish mumkin.
Jarayonni nisbatan sodda tartibda tashkil etish mumkin:
pedagog shaxsini tasdiqlaydi, tibbiy koʻrikdan oʻtadi, tegishli natijalar
elektron tizimga kiritiladi va taʼlim tashkilotiga koʻrikdan oʻtilganligi
toʻgʻrisida elektron tasdiq yuboriladi.
Bunday yondashuv qogʻozbozlikni kamaytirish, inson
omiliga bogʻliq ayrim jarayonlarni qisqartirish va nazorat samaradorligini
oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Masalaning moliyaviy jihati ham eʼtibordan chetda
qolmasligi kerak. Yiliga yuz minglab pedagog majburiy tibbiy koʻrikdan
oʻtadigan tizimda davlat mablagʻlaridan foydalanishning shaffofligi muhim
ahamiyat kasb etadi. Bir yilda qancha pedagog tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgani,
buning uchun qancha mablagʻ sarflangani, bir nafar pedagog uchun oʻrtacha
xarajat qancha boʻlgani va xizmatlarni qaysi tibbiyot muassasalari koʻrsatgani
haqidagi umumlashtirilgan statistik maʼlumotlarni ochiqlash jamoatchilik
nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, pedagoglarning yillik tibbiy koʻrigini yangi
oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayoni bilan muvofiqlashtirish imkoniyatini huquqiy
va tashkiliy jihatdan oʻrganish ham maqsadga muvofiq. Bunda asosiy maqsad
pedagogga qoʻshimcha byurokratik yuklama yuklash emas, balki yangi oʻquv yilini
tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtgan pedagoglar bilan boshlash uchun qulay
sharoit yaratishdan iborat boʻlishi kerak.
Muammoni takomillashtirish yoʻnalishida, avvalo,
pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini elektron nazorat qilish imkonini
beruvchi yagona tizim yaratish, tibbiy koʻrikka kelgan pedagogning shaxsini
ishonchli identifikatsiya qilish, qogʻoz maʼlumotnomalardan elektron tasdiqlash
tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish, navbatdagi koʻrik muddati yaqinlashganda
avtomatik elektron xabarnoma yuborish, ehtimoliy qoidabuzarlik va korrupsion
xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron monitoring mexanizmlarini joriy etish
hamda davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tibbiy koʻriklar
boʻyicha umumlashtirilgan statistik maʼlumotlarni ochiqlash kabi choralarni
koʻrib chiqish mumkin.
Bugun maktablarda elektron kundalik, elektron hujjat
aylanishi va raqamli taʼlim texnologiyalari tobora rivojlanib bormoqda. Shunday
ekan, pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini ham zamonaviy raqamli tizimga
oʻtkazish masalasini kun tartibiga qoʻyish vaqti kelgan, deb hisoblash mumkin.
Chunki masala faqat “tibbiy maʼlumotnoma bormi?” degan
savol bilan cheklanmasligi kerak. Asosiy eʼtibor “pedagog tibbiy koʻrikdan
haqiqatan ham oʻtdimi?” degan savolga ishonchli va shaffof javob berish
imkoniyatini yaratishga qaratilishi lozim.
Bunday tizimning joriy etilishi, avvalo, tibbiy nazorat
sifatini oshirish, qogʻozbozlikni kamaytirish, shaxsni identifikatsiya qilish
bilan bogʻliq jarayonlarni takomillashtirish va turli qoidabuzarliklarning
oldini olishga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, ehtimoliy maishiy
korrupsion xavflarni kamaytirish uchun ham qoʻshimcha sharoit yaratiladi.
Eng muhimi, bunday yondashuv pedagoglarning sogʻligʻini
oʻz vaqtida nazorat qilish, ular uchun qulay va shaffof jarayonni
shakllantirish hamda taʼlim tizimida raqamlashtirish imkoniyatlaridan yanada samarali
foydalanishga xizmat qiladi.
Muxsiddin Nizomiddinov,
xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi OʻzXDP
deputati.
Muallif fikrlari tahririyat pozitsiyasini anglatmaydi