Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hokim o‘rinbosarining xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb qilgani va ularga nisbatan haqoratli munosabatda bo‘lgani aks etgan videolar tarqalgandi. Holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati o‘z tasdig‘ini topgan. Shu munosabat bilan mansabdor shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi asosida ma’muriy jarima qo‘llangan.
Davlat mehnat inspeksiyasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hokim o‘rinbosariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (41 million 200 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, hokim o‘rinbosarining xodimlarga nisbatan haqoratli munosabatda bo‘lgani yuzasidan uning xatti-harakatlarini Odob-axloq komissiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritilgan.