Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, dori vositalarining qonuniy muomalasini ta’minlash hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga qarshi kurashish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda D.X.X xodimlari bilan hamkorlikda Qarshi shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga qarshi yo‘nalishda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbir davomida Qarshi shahrida yashovchi ombor mudiri tadbirga jalb qilingan shartli xaridorga 6 million so‘m evaziga 6 000 dona “Benzonal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Shundan so‘ng, mazkur shaxsning ish joyidagi omborxona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida omborxonada kelgusida noqonuniy realizatsiya qilish maqsadida saqlanayotgan 108 quti, jami 5 400 dona “Benzonal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda yorliqlari olib tashlangan 271 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari mavjudligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida jami 11 671 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi va vaqtincha saqlovga olindi.