Davlatimiz rahbari mazkur dargoh taʼlim tizimiga yangicha ruh va mazmun olib kirishini taʼkidlab, barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan tabrikladi.

– Oʻqituvchi – mehr daryosi, oʻqituvchi – ezgulik bulogʻi, oʻqituvchi – maʼrifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan maʼrifat va ezgulik urugʻining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi buyuk ajdodlarimiz kamoloti ortida ham ularga saboq bergan muallimlar turganini yodga oldi. Imom Buxoriy, Beruniy, Amir Temur va Alisher Navoiy kabi siymolarni yetishtirgan ustozlarni “odamiylik bogʻining bogʻbonlari” deb atadi.

Davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bagʻishlagan barcha ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat va minnatdorlik bildirdi.