Prezidentimizning topshiriqlariga muvofiq, Nukus tumanida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan data-markazlarni o‘z ichiga oladigan texnopark tashkil etiladi. Ushbu texnoparkni “yashil” energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. 

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istondagi istiqbolli shamol elektr stansiyalari quvvatlarini data-markazlar bilan bog‘lash uchun yangi elektr infratuzilmasi barpo etiladi. 

Xususan, 500/220 kV kuchlanishli yangi podstansiya hamda qo‘shimcha 220 kV elektr uzatish tarmog‘i quriladi. Bu infratuzilma Nukusdagi data-markazlarni mintaqadagi 3,3 GVt quvvatli shamol elektr stansiyalari bilan bog‘lash va ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Bunda data-markazlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud iste’moliga ta’sir ko‘rsatmagan holda ta’minlanadi. Buning uchun data-markazlarni alohida hududda jamlash va ularni zarur energetika infratuzilmasi bilan ta’minlashga kompleks yondashiladi. 

Data-markazlarni bir joyda joylashtirish orqali infratuzilmaga sarflanadigan xarajatlarni maqbullashtirish, elektr ta’minotini samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, tashkil etiladigan ushbu yirik data-markazlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun raqamli xizmatlar va yuqori texnologiyali yechimlarni taqdim etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi energetika infratuzilmasinining birinchi bosqichi 2027-yilning 2-yarim yilligida hamda to‘liq quvvatda 2028-yilning 2-yarim yilligida ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Loyihani amalga oshirish natijasida yangi data-markazlarni elektr energetika tizimiga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va Qoraqalpog‘istonning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratiladi.