Qonunning maqsadi rieltorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, Davlat aktivlarini bosharish agentligi rieltorlik sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Rieltorlarni o‘qitish dasturidan o‘tgan va rieltorlarning malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga professional jamoat birlashmasi tomonidan shtrix kodli rieltorlarning malaka sertifikati beriladi.
Rieltor rieltorlik tashkiloti tarkibida faoliyat yuritadi va rieltorlarning malaka sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.
Rieltorlik tashkiloti va ko‘chmas mulk bo‘yicha agent o‘zi haqidagi ma’lumotlar Yagona reyestrga kiritilgan sanadan e’tiboran rieltorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Rieltorlik faoliyati quyidagi turlardagi rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi:
ko‘chmas mulk obyektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzishga doir vositachilik;
ko‘chmas mulk obyektlari va ularga bo‘lgan huquqlarning savdosini tashkil etish;
ko‘chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish;
ko‘chmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatish.
Multilisting tizimi xususiy sektor tomonidan tashkil etilib, rieltorlik xizmatlarini muddatli shartnomalar bo‘yicha “yagona darcha” prinsipi asosida ko‘rsatish imkonini beradi va elektron shaklda ishonchli axborot almashinuvini amalga oshiradi.