Kubrinsk qishlog‘idagi petarda ishlab chiqaruvchi korxonada yong‘in chiqqan. Favqulodda hodisa oqibatida yaqin atrofdagi to‘qqizta ko‘p qavatli turar joy binosiga zarar yetgan, deb xabar berdi Kazinform.

Tezkor xizmat vakillarining agentlikka ma’lum qilishicha, asosan binolarning oynasi singan, yana bir uyning tomi shikastlangan.

TASS ma’lumotiga ko‘ra, bundan avval korxonada elektr simlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holati aniqlangan. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yaroslavl viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi ishlab chiqarish korxonasini so‘nggi marta 2024-yil 26-noyabrda tekshirgan. O‘sha vaqtda inspektor izolyatsiya qatlami shikastlangan elektr simlari bo‘yicha ogohlantirish bergan edi.

Korxona jiddiy xavf toifasiga kiradi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday obyektlarda rejali tekshiruvlar uch yilda bir martadan ko‘p o‘tkazilishi mumkin emas.

Ishlab chiqarish korxonasiga egalik qiluvchi kompaniya 2025-yilda Mineralnie Vodi shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, uning asosiy faoliyat turi — sanoat kimyoviy moddalarini ulgurji savdoda sotish.