Bu borada izlanishlar esa oʻz natijasini bera boshladi. Ulardan biri IX asrda Abu Usmon Amr ibn Bahr Johiz tomonidan arab tilida yozilgan “Turklarning fazilatlari” asarining ilmiy muomalaga kiritilishi boʻldi.
Arab
tili va adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abu Usmon Amr ibn Bahr Johiz
taxminan 777-yili Basrada tugʻilgan va 869-yili shu shaharda olamdan oʻtgan.
Oʻz
davrining yetuk allomalaridan biri boʻlmish Johizning 370 ga yaqin kitobidan
yigirma beshtasi toʻliq holatda, oltmish beshtasining esa muayyan qismlari
bizgacha yetib kelgan. Ular orasida “Turklarning fazilatlari” asari ham bor. U
arab tilidagi eng qadimgi manbalardan biri hisoblanadi.
Asar
xalifa Muʼtasim davrida yaratilgani bejiz emas. U turonliklarga qattiq
ishongan. Birinchidan, uning onasi, demak, Xorun Rashidning xotini Morida
turonlik turk qizlaridan edi. Ikkinchidan, uning qoʻshini asosan bir necha ming
turkiy askardan tashkil topgan va eng ishonchli sarkardasi Abu Jaʼfar Ashinas
turk edi. Turk xoqonligi asoschilari — ashinaliylar urugʻidan boʻlgan bu harbiy
arbob xalifalik hayotida oʻta yuksak mavqeni egallagan. U oldiniga
xalifalikning Misr, Shom oʻlkalarini, keyinchalik butun harbiy qoʻshinlarini
boshqargan. Muʼtasimning yana bir atoqli sarkardasi Haydar ibn Kovus ham kelib
chiqishiga koʻra Ustrushona afshinlaridan edi.
Johiz
mazkur risolasini xalifa Mutavakkilning kelib chiqishi fargʻonalik boʻlgan
maslahatchisi, aygʻoqchilik xizmati boshligʻi sifatida xizmat qilgan Fath ibn
Xoqonga bagʻishlaganini hisobga olsak, turonlik harbiylarning xalifalik
hayotida tutgan oʻrni yanada yaqqollashadi.
Demak,
toʻqqizinchi yuzyillikka kelib, turkiy harbiylar xalifalikda muhim siyosiy
kuchga aylangan. Xalifalar ularning harbiy mahoratiga tayanib qolgani bois,
turklarning fazilatlarini targʻib qilgan. Xalifa Muʼtasim askarlikka olingan
turklar vataniga qaytishni istab qolmasligi uchun ularni Turondan atayin olib
keltirilgan ayollarga uylantirgani esa xalifalik xavfsizligi va harb ishi
ajdodlarimizga qanchalik bogʻlanib qolganini koʻrsatadi, albatta.
Arab
sarkardalari va Johizning turonliklar haqidagi shaxsiy qarashlari bayon etilgan
ushbu asarda turklar deganda muallif biz, oʻzbeklar ajdodlari — Turon ahlini
koʻzda tutgan. Negaki u paytlarda turkiy qatlamlar hozirgi Eron, Kavkaz,
Turkiyada tarqalmagan edi.
“Turklarning
fazilatlari” oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, ayniqsa, milliy harb ishini
oʻrganishda oʻta qimmatli manba boʻla oladi. Undagi harbiy boshqaruv tizimi,
harbiy mahorat va salohiyat, urush usullari, qurol-yarogʻlar va ulardan
foydalanish, yilqichilik faoliyati alohida
oʻrganadigan mavzu.
Johiz
turonliklarning botirligini bir jumla orqali bunday ifodalaydi: “Arab
qoʻshinlarining yuragini turklar kabi qoʻrqitgan hech bir xalq yoʻq”.
Turonliklar
harbiy boshqaruvi
Olimning
taʼkidlashicha, turklar nafaqat jismoniy kuch va jangdagi mahorat, balki
harakatdagi tartib, buyruqni bajarishdagi tezlik va intizom bilan ham ajralib
turgan. “Ular amirning buyrugʻini kechiktirmay ado etadilar: agar u hukm qilsa,
ular uchun buyruq va xohish bir narsadir”, deb yozadi Johiz. Mazkur taʼkid
turonlik jangchilarda markazlashgan boshqaruv va rahbar soʻzini qonun sifatida
qabul qilish anʼanasi kuchli boʻlganini koʻrsatadi. Muallif buni tabiiy holat
sifatida izohlaydi: turklar tabiatan harbiy tuzilmaga moyil, ularda tartib va
intizom tugʻma fazilatdir, ular uchun jamoada birlikni buzmaslik, amirga
sadoqatni saqlash oliy burchdir.
Johiz
turklarning harbiy boshqaruvini chumolilarning faoliyati va boshqaruviga
oʻxshatadi. Unga koʻra, chumolilar tartibi va har birining alohida hamda
jamoaviy harakati turkiylarning jangchilik va harbiy mahoratini tushunishda
amaliy yordam sifatida xizmat qiladi. Chumolilarning har bir harakati tizimli
va maqsadli boʻlganidek, turkiy harbiylar ham oʻz vazifalarini aniq anglab,
urushda samarali ish tutadi.
Turkiy
askarlarning har biri oʻz vazifasini yaxshi biladi va jang maydonida mustaqil
qaror qabul qilish qobiliyatiga ega. Chumoli misolidagi oziqni saqlash va
hamrohlariga yordam qilish har bir turkiyning jangda oʻz oʻrnini mustaqil
nazorat qilish qobiliyati bilan uygʻundir. Bu shaxsiy mahorat va keng koʻlamli
fikrlashning ilk namunasidir.
Chumolilarning
yoʻlni davom ettirishdagi tez harakati turkiy otliq qoʻshinlar harakatlariga
oʻxshash. Turonliklar qoʻshinni tez harakatlantirish, dushman chegaralarini
aniqlash va kutilmagan hujumlarni amalga oshirishda bu qobiliyatdan foydalanadi.
Mahorat
va salohiyat inʼomi
Turklarning
harb ishidagi mahorati va salohiyati haqida yozgan Johiz bu xislatlarni ularga
Yaratgan tomonidan inʼom etilgan yurt bilan bogʻliq ekani va bunday holat
dunyodagi boshqa xalqlarda uchramasligini aytadi.
“Turklarning
ayollari ham erkaklaridek jasur, mard. Ularning ot-ulovlari ham oʻziga xos.
Tangri ularning yurti, tuprogʻini ana shunday alohida qilib yaratgan. Yer
yuzidagi barcha yurtlar va ularda yashaydigan insonlarning quvvati ham, umr
uzunligi ham oʻsha yurtniki qanday boʻlsa, shunga mos boʻladi”.
Turonliklarning
jangda koʻrsatgan jasoratini boshqa biror xalqda koʻrish mumkin emas, deb
yozgan Johiz, arab bir oʻqni otguncha, turonlik oʻnta oʻqni nishoniga urishini
alohida urgʻulaydi. Chindan ham ajdodlarimizning yoychilik borasida mahorati
ming yillar davomida boshqa xalqlarni hayron qoldirib kelgan. Buning guvohi
boʻlgan arablar harbiy yurishlarining ilk davrlaridayoq oʻz qoʻshinlariga toʻrt
ming buxorolik yoychini qoʻshib olgani maʼlum. Ular Basrada bir koʻchaga
joylashtirilgan va bu joy “Buxoroliklar koʻchasi” nomi bilan mashhur boʻlgan.
Bu yoychilar xalifalik qoʻshini tarkibiga jalb qilingan ilk turonlik
askarlardir.
“Turonlikning
orqaga chekinishi oʻldurguchi zahar kabidir, chunki oldinga qanday aniq mahorat
bilan oʻq otsa, orqaga ham xuddi shunday oʻq uza oladi. Arablarning
“Turonlikning toʻrtta koʻzi bor: ikkitasi boshining oldida, qolgan ikkitasi esa
boʻynining orqasidadir”, degan gapiga biror qoʻshimcha qilishga oʻrin yoʻq deb
oʻylaymiz.
U
yana bir narsaga tan bergan: “Tez yurishga chidamlilik masalasida, chegara
qoʻshinlari, xabarchilar, xizmatchilar va askarlarning kuchlari bir kishida
toʻplansa ham bir turkiyga teng kelmaydi”.
Qoʻshindagi
askarlarning yana bir fazilati ularning har biri dushman qoʻshinidagi kamchilik
va zaifliklarni koʻra olishi bilan bogʻliqdir: “Turklar bir dushmanga qarshi
saf tortsalar, ularning hammasi qarshi tomondagi kamchilikni koʻradilar. Agar
safda kamchilik va gʻalabaga umid qiladigan holat boʻlmasa, toʻgʻri yoʻl chekinishdir.
Turklarning hammasi kamchilikni koʻradi va topadi. Birga ishga kirishganlari
uchun hammasining qadri va mukofotlari birdir”.
Turonliklarning
jang paytidagi va jangdan keyingi mahorati haqida arablar juda yaxshi bilgan.
Johiz turklarni jangdan keyin taʼqib qilish xato ekani, bunga hech kim jurʼat
qila olmasligi, chunki taʼqib qilish bilan baribir yetib olish mumkin
emasligini bunday ifodalaydi: “Arab taʼqib qilsa, tutish bilan, taʼqib qilinsa,
qochib qutulish bilan faxrlanadi. Turkning esa qochib qutulishga hojati yoʻq.
Chunki u taʼqib qilinmaydi, uni tutishga harakat qilinmaydi. Tutish umidi
boʻlmagan narsani kim ham taʼqib qiladi?”.
“Turkning
oti ustida na ogʻirligi bilinadi, na yerda yurganda oyoq tovushi eshitiladi.
Turk bizdan bir chavandoz oldida koʻrmagan narsani orqasida turganida koʻradi.
U bizdan bir chavandozni oʻlja deb biladi, oʻzini esa yirtqich bars sanaydi,
uni kiyik deb, oʻzini esa ovchi deb oʻylaydi. Allohga qasamki, agar bir turk
quduqning tubiga qoʻllari bogʻlangan holda tashlansa ham undan chiqish yoʻlini
topadi. Uni hech qanday hiyla chorasiz qoldirolmaydi”.
Arab
lashkarboshisi tilidan keltirilgan ushbu fikrlarni asarida qayd etgan Johiz shu
orqali turonliklarning harb ishidagi mahorati qanday darajada ekanini ham
koʻrsatib bergan.
Ayniqsa,
uning mana bu eʼtirofi bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan: “Ularning tabiati
harakatga asoslangan... Ruhlaridagi quvvat tanalaridagi quvvatdan ham
kuchlidir. Chunki ular yongʻin kabi qudratli, haroratli, harakatga tayyor,
ziyrak va fahmli odamlardir. Xotiralari kuchli, nigohlari oʻtkirdir. Ular
kambagʻallikni ojizlik deb biladilar, uzoq bir joyda boʻlishni nodonlik,
rohatni toʻsiq, qashshoqlikni sharmandalik, jangni tark etishni esa xorlik deb
hisoblaydilar. Shunday ekan, turklarning fazilati (ustunligi) hammasini qamrab
oladi, ularning sharafi boshqalarnikidan ustun boʻladi”.
Jang
usullari
Johizning
yozishicha, turklarning harbiy faoliyatida ularni arab yoki ajam (arab
boʻlmagan) qavmlardan ajratib turadigan muhim jihat bor. U ham boʻlsa, ular
kimga qarshi saf tortishlaridan qatʼi nazar, jangga tayyorgarlik jarayonida
oʻzlariga xos, puxta oʻylangan tartib va tashkiliy usullarni tanlaydi. Birinchi
navbatda, dushmanning zarari va hiylasini oʻz qoʻshinlaridan chetlatishni
oʻylaydi. Shu bois, turkiy qoʻshinlar jang maydoniga bir xil son, oʻxshash
tartib va ichki intizom bilan chiqishga alohida eʼtibor beradi.
Agar
sulhga erishishning iloji topilmasa va jang muqarrar boʻlib qolsa, turklarning
asosiy saʼy-harakati oʻz qoʻshinlarini himoya qilish, saf tuzilmasini saqlash
va jangchi kuchini yuqori darajada saqlab qolishga qaratiladi. Zarurat
tugʻilganda, ular dushmanga qarshi turli hiylalar — aldov, yoʻlni toʻsish,
chalkashtirish va dushmanni kutilmagan paytda bosib olish kabi usullardan foydalanadi.
Johiz boshqa xalqlar bu darajadagi harbiy hiyla va oldindan tayyorlangan
usullarni tasavvur ham qila olmaganini alohida urgʻulaydi.
Muallif
turklarning mustahkam devorli shaharlarga kirib borish yoki Amudaryo kabi
tabiiy toʻsiqlarni kesib oʻtishda qoʻllagan harbiy usullari boʻlganiga ham
eʼtibor qaratgan. Bu esa turonliklarning nafaqat ochiq maydon janglarida, balki
qalʼa olish, daryo kechuvini taʼminlash va yirik yurishlar kabi murakkab harbiy
vazifalarda ham malakali boʻlganini koʻrsatadi.
“Ilk
hamlaga kelganda, turklar bu ishda oʻta samarali va tezkordirlar. Ular hujum
shiddatli, azmi mustahkam boʻlsin, boʻshashmasin va fikri oʻzgarishsiz qolsin
deya otlarini ortga burmaslikka oʻrgatadi”. Bu usul ularning jang boshlanishida
qoʻllaydigan va raqib safini yorib oʻtib, uni sarosimaga soladigan asosiy
quroli boʻlgan.
Johiz
bunda asosiy eʼtibor otga qaratilgani, ot jangga kirishdan oldin oʻrgatilishini
qayd etgan. Unga koʻra, turk urushdan oldin otiga orqaga qaytmaslikni
oʻrgatadi, otga faqat oldinga tashlanish va dushman ustiga shiddat bilan hujum
uyushtirishni uqtiradi. Bu esa dushmanni sarosimaga soladi va ilk hamladayoq
uni chekinishga majburlaydigan harbiy usul sanaladi.
Muallif
Xuroson lashkarlarining kamchiliklarini taʼriflar ekan, jang boshida ular
orqaga chekinishga majbur boʻlsa yoki safni qayta tiklash uchun ortga yursa,
dushman ustiga bostirib kelgan paytda koʻpincha magʻlubiyat yuz berishini
aytadi. Ularning orqaga qaytmay turib, oldinga intilishlari ham baʼzan zarar
yetkazadi, chunki tartibsiz harakat safning buzilishiga olib keladi va dushman
uchun qulay imkon yaratadi. Arablar esa bir bor qochsalar, ularni qayta
toʻxtatib boʻlmaydi, bunday holdan soʻng ular juda kam hollarda yana hujum
qilishga jurʼat etadi.
Turonliklar
esa bunday emas. Ular xurosonliklar kabi tartibsiz tarzda hujum qilmaydi va
orqaga chekinish ham ularning jang uslubida dushmanni chalgʻituvchi, kuchli
zarbaga tayyorlovchi bir vositadir. Asarda taʼkidlanishicha, turklarning orqaga
chekinishi oʻzlari uchun emas, balki dushman uchun halokatlidir. Chunki
turonlik jangchi oldinga qarab qanday mohirlik bilan oʻq otsa, orqa tomonga ham
xuddi shunday aniqlik bilan oʻq uzadi. Shuning uchun dushman ularning orqaga
qaytayotganini koʻrib, gʻoliblik deya shoshilsa, aynan oʻsha payt halokatga
uchrashi mumkin. Natijada turonliklar jang maydonida har ikki tomonga — ham
oldinga yurishda, ham orqaga qaytayotgan paytda dushmanga qarshi bosimni saqlab
qoladi. Bu esa ularning jangovar ustunligi nafaqat toʻqnashuvning bir
bosqichida, balki har bir holatda namoyon boʻlishini koʻrsatadi.
Qurol-yarogʻlar
va ulardan foydalanish
Risolada
turonlik harbiylarning qurol-yarogʻlari haqida qimmatli faktlar bor. Masalan,
nayza haqida bunday maʼlumot uchraydi: “Arabning nayzasi uzun va ichi toʻladir,
turonlikning nayzasi esa qisqa va ichi boʻsh boʻlib, ichi boʻsh va kalta
nayzalar juda qulay va jangda unumliroqdir”. Demak, Turonda VIII-IX asrlarda
asosan kalta, ichi boʻsh nayzalardan foydalanilgan va bu, ayniqsa, otliqlar
uchun ancha qulay boʻlgan.
Ichi
boʻsh va kalta nayzalarning bir necha ustunligi bor edi: ular osonlik bilan
qoʻllanadi, shiddatni oshiradi, jang maydonida tez-tez hujum va mudofaani
amalga oshirish imkonini beradi.
Muallifning yozishicha, turonliklar
tomonidan ishlatiladigan har xil qurol va jihozlar — oʻq, sadoq, nayza,
shuningdek, hujum qurollari va mudofaa yarogʻlarini yasash murakkab hamda bir
necha bosqichli jarayondan oʻtgan. Eng asosiysi, turk jangchilari va
qurolsozlari ushbu jarayonning barcha bosqichlarini mustaqil, oʻz qoʻllari bilan
bajargan. “Ular hech kimdan yordam soʻramaydilar, boshqa ustalar bilan
bogʻlanmaydilar va ijara, muddat yoki vaʼdalar bilan bogʻliq tashvishlar bilan
bosh qotirmaydilar”, degan soʻzlarni Johiz hayratga tushib yozgan.
“Turklar otliqlariga ikki-uchta yoy va
yoydan tashqari boshqa asboblarni ham olib yurishni oʻrgatadilar. Turk hujum
qilsa, yonida kerakli boʻlgan hamma narsa, quroli, oti va otiga tegishli
asboblari boʻladi”. Demak, ajdodlarimiz jangga hamma ehtiyoj, hatto otining
zaruratlarini qondira oladigan holatda kirgan va shu tariqa gʻalabaga erishish
yanada osonroq kechgan.
Yilqichilik faoliyati
Yilqichilik xalqimiz turish-turmushida
qadimdan alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Mahmud Koshgʻariy bejiz “Ot — turkning qanotidir”, demagan.
Johiz turonliklarning ot parvarishi,
otni jangga tayyorlash, otlarining
shiddati va vajohati haqida ham muhim maʼlumotlarni qoldirgan.
Asarda keltirilishicha, turklarning
bolalik va ulgʻaygandan keyingi davrida harbiy oʻyinlari boʻlib, oldiniga
farzandlariga yugurib kelib otga sakrab minishni oʻrgatgan boʻlsa, ulgʻaygandan
keyin ot ustida yoydan aniq oʻq otish va chavgon oʻynash kabi mashgʻulotlar
bilan chiniqtirgan. Chavgon oʻyinidan asosiy maqsad ot ustida muvozanatni
toʻgʻri saqlay bilish, har qanday raqib hujumiga qarshi tura olish, otdan
yiqilib tushmaslik sir-sinoatlarini egallash boʻlganini aytish mumkin.
Urushga kiradigan har bir otga jangda
asqatadigan harakatlar va shiddatli hujumlar toychoqligidan oʻrgatilgan. Shu
maʼnoda, Johizning quyidagi fikrlari eʼtiborga molikdir: “Arablarning oti
turkning otidek sabrli va bardoshli emas. Arab oʻz otini boshqa otliqlar kabi
oʻrgatadi va davolaydi. Turk esa baytardan (ot tabibidan) ham mohir, otini
parvarishlashda otboqardan ham ustadir”.
Asarda
Turon otlarining kuchi va quvvati hamda bardoshliligi haqida qator qaydlar bor.
Chunonchi, turklarning otlari ham oʻzlariga oʻxshab juda bardoshli va kuchli.
Johiz aytganidek, “Turkning uzoq safarlariga faqat ayrim ulovlar bardosh bera
oladi. Turkiy ellarni charchatgan va janglarida yugurtirgan otlarining safariga
arablarning oti chiday olmaydi”.
Uzoq
safarlarga faqat Turon otlari bardosh bera olishi aynan arab muallifi tomonidan
aytilishi bu ishda hatto mashhur arab otlarining ham zaif ekanini anglatadi.
Arablar va turklarning otlarini taqqoslagan Johiz turk otlarining yaqqol
ustunligini taʼkidlaydi.
“Turkning
oti qamish ildizi va daraxt shoxi bilan kifoyalanadi. U otini quyoshdan yoki
sovuqdan himoya qilmaydi”. Mazkur holat turk otlarining choʻl va dasht
hududlarida uzoq safarlar, harbiy yurishlar paytida tez kasallanishining oldini
olgan, otlarning oʻrtacha umrini oshirishga xizmat qilgan.
“Turklarning
fazilatlari” manbasi harb ishimizni har tomonlama oʻrganish, boy va qadim
harbiy merosimizni xalqimiz va butun dunyoga targʻib etish uchun barcha
asoslarimiz borligini koʻrsatadi.
Javohir ZAFARZODA,
OʻzFA Tarix instituti kichik
ilmiy xodimi