O‘zbekiston tashabbusi bilan beshinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy xalqaro tadbir “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik” mavzusiga bag‘ishlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi inson huquqlarining eng dolzarb masalalarini davlatlar, BMT tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda ilmiy doiralar ishtirokida muhokama qilishga mo‘ljallangan xalqaro muloqot maydonidir. Uning maqsadi inson huquqlariga daxldor zamonaviy muammolarni birgalikda muhokama qilish va ularga umumiy yechimlar izlashdan iborat. Forum yakunida anjuman ishtirokchilarining yakdil qarashlarini ifoda etuvchi xalqaro hujjatlar ishlab chiqiladi hamda xalqaro hamjamiyatga taqdim etiladi.
Har safar uning ishida BMT, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, YXHT, Yevropa Kengashi, IHT, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar, Osiyo davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha milliy idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira vakillari hamda 200 dan ortiq milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Shu yo‘sinda inson huquqlari sohasida hamkorlik bo‘yicha doimiy muloqot platformasi sifatida “Samarqand ruhi” shakllandi va xalqaro darajada e’tibor qozondi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonning eng yorqin xalqaro tashabbuslaridan biri sanaladi. Uning tarixi 2018-yildan boshlanadi. Birinchi forum 2018-yil 22-23-noyabr kunlari Samarqandda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi” nomi ostida o‘tkazilgan edi. II Samarqand forumi 2020-yilning 12-13-avgust kunlari “Yoshlar–2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida pandemiya sharoitida veb-forum shaklida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, III Samarqand forumi 2022-yil 5-6-dekabr kunlari “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusida global forum shaklida tashkil etildi. 2024-yilning 13-14-iyun kunlari Samarqand yana bir bor “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli, barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi IV xalqaro forumga mezbonlik qildi.
Mamlakatimizda 2018-yildan beri har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan Inson huquqlari forumi inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, hozirgi gyeosiyosiy qarama-qarshiliklar, qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishi, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, migratsiya, ijtimoiy tengsizlik va boshqa global chaqiriqlar inson huquqlarini himoya qilish sohasida yangi xalqaro huquqiy yechimlarni ishlab chiqishni talab etmoqda. Sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda. Bunday sharoitda davlatlarning xalqaro standartlarni takomillashtirish va yangi huquqiy yondashuvlarni shakllantirishda o‘zaro hamkorlik qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Samarqand forumi ana shunday hamkorlik uchun ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, Samarqand forumining xalqaro ahamiyati, avvalo, inson huquqlari sohasida ilg‘or tajribalarni almashish, yangi g‘oya va yondashuvlarni muhokama qilish hamda zamonaviy muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish uchun nufuzli muloqot maydonini shakllantirishida namoyon bo‘ladi. Ushbu maydonda ishlab chiqiladigan xalqaro hujjatlar inson huquqlarining xalqaro-huquqiy zaxirasini yangi himoya vositalari bilan to‘ldiradi. Shu bilan birga, uning institutsional salohiyati kelajakda Osiyo mintaqasida inson huquqlarini himoya qilishning o‘ziga xos mintaqaviy mexanizmini shakllantirish uchun g‘oyaviy va tashkiliy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Xalqaro forumning O‘zbekiston uchun ahamiyati yanada salmoqlidir. Birinchidan, Samarqand forumi inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni jahonga tanitish hamda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ichki islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanishi uchun qulay fursat hisoblanadi. Shuningdek, ushbu islohotlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislarning xulosalari va ekspertlik bahosi milliy qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatining keyingi yo‘nalishlarini belgilashda yordam beradi.
Ikkinchidan, Forum milliy manfaatlar yo‘lida xalqaro tashabbuslarni ilgari surish maydonidir. Xususan, inson huquqlariga oid dolzarb mavzularni muntazam ravishda xalqaro muhokamaga olib chiqish, O‘zbekistonni inson huquqlari bo‘yicha global muloqot tashabbuskori sifatida tamsil etish va yakuniy dasturiy hujjatlar ishlab chiqishda Samarqand forumining ahamiyati va imkoniyati katta. Forum yakunida qabul qilinayotgan deklaratsiya va rezolyutsiyalarning xalqaro tashkilotlar doirasida tarqatilishi va e’tirof etilishi ularning siyosiy va huquqiylik darajasini oshiradi hamda mamlakatimizning xalqaro norma ijodkorligidagi ishtirokini kuchaytiradi. Shu tariqa, Samarqand forumi va uning minbarida yangrayotgan O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tashabbuslari davlatimizning xalqaro nufuzini oshirishga, xalqaro tashkilotlardagi mavqeini mustahkamlashga hamda milliy manfaatlarimizni xalqaro miqyosda to‘laqonli himoya qilishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum oddiy insonlar uchun ham muayyan qiymat yaratmoqda. Forum muhokamalari milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalarini takomillashtirish orqali inson huquqlari himoyasini mustahkamlashga hissa qo‘shibgina qolmay, uning yakuniy hujjatlari harakat dasturlariga aylangan holda amaliy ahamiyat kasb etib bormoqda. Eng yaqqol misol – 2022-yilgi forum natijasida qabul qilingan Samarqand harakatlar rejasidir. Unda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim, pedagoglarni tayyorlash, yoshlar bilan ishlash va xalqaro tajribani ommalashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Forum ishida bolalar, ayollar, yoshlar va boshqa ehtiyojmand guruhlar huquqlari hamda ekologik huquqlarga oid manzilli yondashuvlar ham kuzatilmoqda. Shu tariqa, oddiy odamlar forum doirasidagi tashabbuslar va amaliy harakatlarning bevosita benefitsiariga aylanmoqda. Samarqand forumining eng katta yutug‘i ham shundadir.
Xaydarali Yunusov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori, yuridik fanlar doktori