Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi maqsadlarni birlashtiradi
Afgʻoniston
biz uchun yangi, hali toʻliq oʻrganilmagan, ammo katta salohiyatga ega
bozorlardan biri. Keyingi yillarda yurtimiz mahsulotlarining ushbu bozorga
kirishi faollashgan. Bu, bir tomondan, 40 millionga yaqin aholi istiqomat
qiladigan Afgʻonistonning mintaqadagi eng yirik isteʼmol bozoriga egaligi,
boshqa jihatdan, mamlakatda tayyor mahsulotlarga ham, investitsion loyihalarga
ham talab yuqoriligi bilan izohlanadi.
Milliy
mahsulotlarimizning afgʻon bozoriga kirib borishida har ikki tomon birdek faollik
koʻrsatmoqda. Yil davomida ikki davlat biznes vakillari, tadbirkorlari
oʻrtasida bir necha uchrashuvlar, koʻrgazmalar, ishbilarmonlardan iborat
delegatsiyalar tashriflari tashkil etilyapti. Hatto oʻtgan yilning noyabr oyida
Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida Oʻzbekiston milliy mahsulotlari
sotiladigan katta savdo markazi ochildi.
Yaʼni
oʻrtadagi oʻzaro savdo aloqalari tobora kengayib, yangi format va bosqichga
oʻtib boryapti. Afgʻoniston tomoni ham bundan manfaatdor boʻlgani holda barcha
sohalarda iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga intilmoqda. Shu yilning mart
oyi oxirlarida Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim
Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon boʻlib, qator iqtisodiy
tadbirlarda ishtirok etdi. Tashrif faol uchrashuvlar, biznes-tadbirlar,
qolaversa, yangi bitimlarga boy boʻldi.
Asosiy
voqeliklardan biri Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi tashkil
etilgani boʻldi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida mazkur kengashning
birinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi.
— Bu
har ikki tomon biznesi uchun mutlaqo yangi platforma boʻlib, kengash
tuzilishini tarixiy voqelik sifatida baholash mumkin, — deydi Oʻzbekiston
Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Jamil Maqsudi. — Kengash tarkibiga
jami 32 vakil kiritilgan. Ular ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy
aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni
rivojlantirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda koʻprik
vazifasini oʻtaydi. Birinchi yigʻilishdayoq qator masalalar muhokama qilindi.
Ayniqsa, qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, toʻqimachilik,
elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlarni keng qamrab olish
koʻzda tutildi.
Uchrashuvda
eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish,
moliyaviy va sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida
shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Koʻrgazmalar,
biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali
ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish rejalashtirildi.
Bu oʻzaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirib, savdoni kengaytirish uchun
imkoniyatlar yaratadi. Tadbirkorlar oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri muloqot
yangi sheriklar topish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qiladi.
5 milliard dollarlik moʻljal
Oʻzbek
va afgʻon xalqlarini azaldan qoʻshnichilik va doʻstlik rishtalari bogʻlab
turadi. Ammo yaqin yillargacha qardosh davlat bozoriga nisbatan yopiq tizim
sifatida, qolaversa, qoʻrquv bilan qaralgan. Chegaralardan oʻtib-qaytish
yengillashib, oʻzaro doʻstlik va ishonch eshiklari ochilishi ortidan
savdo-iqtisodiy munosabatlar ham kengayib bormoqda. Endi ikki davlatni oʻzaro
savdo aloqalarini chuqurlashtirish, bu orqali mamlakatlar iqtisodiy rivojiga
hissa qoʻshish maqsadlari birlashtiryapti. Bu faollik keyingi yillarda aniq
raqamlarda yaqqol koʻrinmoqda.
Maʼlumotlarga
koʻra, oʻtgan yili ikki davlat savdo aylanmasi qariyb 1,68 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu
avvalgi yillardagiga nisbatan 50 foiz oʻsish ekani aytilmoqda. Endi esa mazkur
raqamni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu shunchaki
koʻzlanayotgan marra emas, balki oʻrganishlar, imkoniyatlarni tahlil qilish
orqali belgilangan aniq vazifadir.
Yaʼni
bu borada har ikki tomon imkoniyatlari chamalangan. Uzoq kutmasdan, ularni
ishga solish kerak. Harakatlar tobora faollashib borayotgani boisi shunda.
Asosiysi, ikkala davlat oʻzi uchun yangi bozorga dadil kirib bormoqda. Bu
tadbirkorlarga ham yangi imkoniyatlar ochyapti. Masalan, Afgʻoniston bozorida
import mahsulotlarga talab nihoyatda katta boʻlib, bu yurtimiz
ishbilarmonlarini eksportni oshirishga undaydi.
—
Ochigʻi, Afgʻoniston bozoriga tavakkal kirib borgandik. Ammo u yerda sifatli
mahsulotlarga talab yuqoriligini koʻrdik, — deydi Oʻzbekistonning “PREMIER”
kompaniyasi vakili Shuhrat Komilov. — Mamlakatda kechayotgan yangi oʻzgarishlar
sabab iqtisodiy hamkorlikka keng yoʻl ochilgan. Qolaversa, mahalliy
mahsulotlarimiz u yerda ancha xaridorgir. Shu bois, asta-sekin mahsulotlarimiz
sonini oshirib, turini yangilab boryapmiz. Bugunga qadar 500 ming dollarlikdan
ortiq mahsulot eksport qildik. Bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirish
imkoniyatlarimiz bor, hozir shuning harakatidamiz. Muhimi, Afgʻoniston bozoriga
nisbatan avvalgidek qoʻrquv, ikkilanishlar yoʻq. Hozir ushbu mamlakat bilan
nafaqat iqtisodiy, balki doʻstona munosabatlarimiz ham rivojlanib borayotgani
biz, tadbirkorlarni yanada faolroq hamkorlikka undayapti.
Afgʻoniston
ham iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish harakatida. Yaʼni oʻzaro savdoda
import bilan birga eksportni oshirishga intilmoqda. Shu bois, afgʻon
delegatsiyasi vakillarining yurtimizga tashrifi doirasida Toshkent shahrida ilk
bor “Made in Afghanistan Expo — Tashkent 2026” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib
oʻtdi. Unda Afgʻonistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlar
namoyish etildi.
150
dan ortiq afgʻon kompaniyasi oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, qurilish,
toʻqimachilik, zargarlik, gilamchilik hamda milliy hunarmandlik mahsulotlari
bilan ishtirok etdi. Ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida biznes-uchrashuv va
muloqotlar, taqdimotlar oʻtkazildi. Pavilyonlar bilan tanishgan mehmonlar
afgʻon ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini yuqori baholadi.
Bu
har ikki davlat oʻrtasida savdo aloqalarini oshirish imkoniyatlari yuqori
ekanidan dalolat. Ulardan foydalanishga boʻlgan intilish barcha sohalarda
yaqqol koʻzga tashlanyapti. Xususan, kuni kecha Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan
farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirib, ikki tomonlama savdo hajmini
500 million dollarga yetkazishni rejalashtirayotgani xabar qilindi. Ikki tomon
masʼullari oʻrtasida rasmiy uchrashuv oʻtkazilib, shunga kelishilgan. Bunga
erishish uchun qoʻshma tezkor ishchi guruh tashkil etilib, yirik
distribyutorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda afgʻon
kapitali ishtirokidagi 500 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ularning
aksari keyingi yillarda ish boshlagan. Yaʼni afgʻonlar ham Oʻzbekistonga
ishonchli va istiqbolli bozor sifatida qaramoqda. Oʻz investitsiyalarini
kiritib, bizneslarini yoʻlga qoʻyyapti. Yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston —
Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi ikki davlat oʻrtasidagi ana shunday
hamkorlik munosabatlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishi
maqsad qilingan.
— Ushbu platforma oʻzbek-afgʻon
tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi, —
deydi Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy.
— Bu nafaqat savdo-iqtisodiy, balki oʻzaro birodarlik aloqalari
mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda
afgʻon ishbilarmonlari uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib
berayotgani bizni quvontiradi. Qisqa vaqtda ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasini
5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani ham harakatlarning aniq va
jiddiy ekanini koʻrsatadi. Biz oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan mushtarak
ishlab, bu maqsadga albatta erishamiz. Kengashning ilk yigʻilishida koʻplab
muhim masalalarni muhokama qilib oldik. Ayni paytda Oʻzbekistondan
Afgʻonistonga eksport juda yaxshi ketyapti. Jarayonlarda shu kabi jihatlarga
eʼtibor qaratilib, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalarini birdek faol
rivojlantirish koʻzda tutilgan. Har chorakda koʻrgazmalar oʻtkazishni ham
kelishib oldik.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri