Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi maqsadlarni birlashtiradi

Afgʻoniston biz uchun yangi, hali toʻliq oʻrganilmagan, ammo katta salohiyatga ega bozorlardan biri. Keyingi yillarda yurtimiz mahsulotlarining ushbu bozorga kirishi faollashgan. Bu, bir tomondan, 40 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Afgʻonistonning mintaqadagi eng yirik isteʼmol bozoriga egaligi, boshqa jihatdan, mamlakatda tayyor mahsulotlarga ham, investitsion loyihalarga ham talab yuqoriligi bilan izohlanadi.

Milliy mahsulotlarimizning afgʻon bozoriga kirib borishida har ikki tomon birdek faollik koʻrsatmoqda. Yil davomida ikki davlat biznes vakillari, tadbirkorlari oʻrtasida bir necha uchrashuvlar, koʻrgazmalar, ishbilarmonlardan iborat delegatsiyalar tashriflari tashkil etilyapti. Hatto oʻtgan yilning noyabr oyida Afgʻonistonning ­Mozori Sharif shahrida Oʻzbekiston milliy mahsulotlari sotiladigan katta savdo markazi ochildi.

Yaʼni oʻrtadagi oʻzaro savdo aloqalari tobora kengayib, yangi format va bosqichga oʻtib boryapti. Afgʻoniston tomoni ham bundan manfaatdor boʻlgani holda barcha sohalarda iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga intilmoqda. Shu yilning mart oyi oxirlarida Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon boʻlib, qator iqtisodiy tadbirlarda ishtirok etdi. Tashrif faol uchrashuvlar, biznes-tadbirlar, qolaversa, yangi bitimlarga boy boʻldi.

Asosiy voqeliklardan biri Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani boʻldi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida mazkur kengashning birinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi.

— Bu har ikki tomon biznesi uchun mutlaqo yangi platforma boʻlib, kengash tuzilishini tarixiy voqelik sifatida baholash mumkin, — deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Jamil Maqsudi. — Kengash tarkibiga jami 32 vakil kiritilgan. Ular ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda koʻprik vazifasini oʻtaydi. Birinchi yigʻilishdayoq qator masalalar muhokama qilindi. Ayniqsa, qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlarni keng qamrab olish koʻzda tutildi.

Uchrashuvda eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Koʻrgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish rejalashtirildi. Bu oʻzaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirib, savdoni kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratadi. Tadbirkorlar oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri muloqot yangi sheriklar topish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qiladi.

5 milliard dollarlik moʻljal

Oʻzbek va afgʻon xalqlarini azaldan qoʻshnichilik va doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Ammo yaqin yillargacha qardosh davlat bozoriga nisbatan yopiq tizim sifatida, qolaversa, qoʻrquv bilan qaralgan. Chegaralardan oʻtib-qaytish yengillashib, oʻzaro doʻstlik va ishonch eshiklari ochilishi ortidan savdo-iqtisodiy munosabatlar ham kengayib bormoqda. Endi ikki davlatni oʻzaro savdo aloqalarini chuqurlashtirish, bu orqali mamlakatlar iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshish maqsadlari birlashtiryapti. Bu faollik keyingi yillarda aniq raqamlarda yaqqol koʻrinmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili ikki davlat savdo aylanmasi qariyb  1,68 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu avvalgi ­yillardagiga nisbatan 50 foiz oʻsish ekani aytilmoqda. Endi esa mazkur raqamni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu shunchaki koʻzlanayotgan marra emas, balki oʻrganishlar, imkoniyatlarni tahlil qilish orqali belgilangan aniq vazifadir.

Yaʼni bu borada har ikki tomon imkoniyatlari chamalangan. Uzoq kutmasdan, ularni ishga solish kerak. Harakatlar tobora faollashib borayotgani boisi shunda. Asosiysi, ikkala davlat oʻzi uchun yangi bozorga dadil kirib bormoqda. Bu tadbirkorlarga ham yangi imkoniyatlar ochyapti. Masalan, Afgʻoniston bozorida import mahsulotlarga talab nihoyatda katta boʻlib, bu yurtimiz ishbilarmonlarini eksportni oshirishga undaydi.

— Ochigʻi, Afgʻoniston bozoriga tavakkal kirib borgandik. Ammo u yerda sifatli mahsulotlarga talab yuqoriligini koʻrdik, — deydi Oʻzbekistonning “PREMIER” kompaniyasi vakili Shuhrat Komilov. — Mamlakatda kechayotgan yangi oʻzgarishlar sabab iqtisodiy hamkorlikka keng yoʻl ochilgan. Qolaversa, mahalliy mahsulotlarimiz u yerda ancha xaridorgir. Shu bois, asta-sekin mahsulotlarimiz sonini oshirib, turini yangilab boryapmiz. Bugunga qadar 500 ming dollarlikdan ortiq mahsulot eksport qildik. Bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirish imkoniyatlarimiz bor, hozir shuning harakatidamiz. Muhimi, Afgʻoniston bozoriga nisbatan avvalgidek qoʻrquv, ikkilanishlar yoʻq. Hozir ushbu mamlakat bilan nafaqat iqtisodiy, balki doʻstona munosabatlarimiz ham rivojlanib borayotgani biz, tadbirkorlarni yanada faolroq hamkorlikka undayapti.

Afgʻoniston ham iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish harakatida. Yaʼni oʻzaro savdoda import bilan birga eksportni oshirishga intilmoqda. Shu bois, afgʻon delegatsiyasi vakillarining yurtimizga tashrifi doirasida Toshkent shahrida ilk bor “Made in Afghanistan Expo — Tashkent 2026” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Unda Afgʻonistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlar namoyish etildi.

150 dan ortiq afgʻon kompaniyasi oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, toʻqimachilik, zargarlik, gilamchilik hamda milliy hunarmandlik mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida biznes-uchrashuv va muloqotlar, taqdimotlar oʻtkazildi. Pavilyonlar bilan tanishgan mehmonlar afgʻon ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini yuqori baholadi.

Bu har ikki davlat oʻrtasida savdo aloqalarini oshirish imkoniyatlari yuqori ekanidan dalolat. Ulardan foydalanishga boʻlgan intilish barcha sohalarda yaqqol koʻzga tashlanyapti. Xususan, kuni kecha Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirib, ikki tomonlama savdo hajmini 500 million dollarga yetkazishni rejalashtirayotgani xabar qilindi. Ikki tomon masʼullari oʻrtasida rasmiy uchrashuv oʻtkazilib, shunga kelishilgan. Bunga erishish uchun qoʻshma tezkor ishchi guruh tashkil etilib, yirik distribyutorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda afgʻon kapitali ishtirokidagi 500 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ularning aksari keyingi yillarda ish boshlagan. Yaʼni afgʻonlar ham Oʻzbekistonga ishonchli va istiqbolli bozor sifatida qaramoqda. Oʻz investitsiyalarini kiritib, bizneslarini yoʻlga qoʻyyapti. Yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlar kengashi ikki davlat oʻrtasidagi ana shunday hamkorlik munosabatlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishi maqsad qilingan.

— Ushbu platforma oʻzbek-afgʻon tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi, — deydi Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy. — Bu nafaqat savdo-iqtisodiy, balki oʻzaro birodarlik aloqalari mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda afgʻon ishbilarmonlari uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib berayotgani bizni quvontiradi. Qisqa vaqtda ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani ham harakatlarning aniq va jiddiy ekanini koʻrsatadi. Biz oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan mushtarak ishlab, bu maqsadga albatta erishamiz. Kengashning ilk yigʻilishida koʻplab muhim masalalarni muhokama qilib oldik. Ayni paytda Oʻzbekistondan Afgʻonistonga eksport juda yaxshi ketyapti. Jarayonlarda shu kabi jihatlarga eʼtibor qaratilib, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalarini birdek faol rivojlantirish koʻzda tutilgan. Har chorakda koʻrgazmalar oʻtkazishni ham kelishib oldik.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri