Yangi loyihaga ko‘ra, sport zali, oshxona va ustaxona yerto‘lada joylashadi, yuqori qavatlardan esa sinf xonalari sifatida foydalaniladi. Bu yil Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu yondashuvni joriy etib, “poytaxt tajribasi”ni yaratish topshirildi. 

Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergelida – Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi. 

Ushbu ko‘llarni poytaxt iqlimini mo‘tadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, “Jo‘n” kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometr qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. 

Sergeli va Yangihayot tumanlarining hokimlariga yil yakunigacha kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘lagini tashkil etish topshirildi. Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tgan 16 kilometrida o‘zanni mustahkamlash ishlari boshlanib, qo‘shimcha 300 gektarda “yashil belbog‘”, sayilgohlar, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etiladi.