Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.Sh. “Zafarobod” MFY hududidagi xonadonda umumiy bahosi 7 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Departamentining Qo‘qon shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. (muqaddam sudlangan) “Mahmud Tarobiy” ko‘chasidagi xonadonida sifati kafolatlanmagan umumiy bahosi 289,2 mln so‘mlik 46 turdagi 18 473 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.A.ning boshqaruvidagi “BYD” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasi salonida 4 turdagi 26 quti dori vositalari borligi aniqlanib, davom etgan tezkor tadbirda J.A.ning xonadonidan chet elda ishlab chiqarilgan sifati kafolatlanmagan 85 turdagi 5 452 dona dori vositalari va 24 quti kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.A. “Qarluqbog‘ot” MFY hududidagi xonadonining yerto‘la qismida umumiy bahosi 262,5 mln so‘mlik 154 turdagi 4 613 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qo‘qon shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.Sh. fuqaro M.B.ning xonadonida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 257,6 mln so‘mlik 26 turdagi 1 925 quti dori vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.