Bir paytlar faqat ilmiy-fantastik asarlarda uchraydigan texnologiyalar bugun kundalik turmushimizga kirib keldi. Matn yozish, tarjima qilish, murakkab hisob-kitoblarni bajarish, dasturlash, surat va videolar yaratish, hatto teleboshlovchi va diktorlar obrazini sun’iy ravishda yaratish bugun odatiy holga aylandi.
Bu jarayon ommaviy axborot vositalarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Dunyoning ko‘plab nufuzli tahririyatlari sun’iy intellektdan maqolalar tayyorlash, ma’lumotlarni saralash, faktlarni tekshirish, statistik tahlillar o‘tkazish, tarjima va multimedia kontentlarini yaratishda faol foydalanmoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt ishtirokida tayyorlangan yangiliklar, virtual boshlovchilar va avtomatlashtirilgan reportajlar tobora ko‘paymoqda. Bu esa tabiiy ravishda bir qator muhim savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
Sun’iy intellekt jurnalist kasbining o‘rnini bosa oladimi? Kelajakda jonli muxbirlar o‘rniga raqamli boshlovchilar ishlaydimi? Eng muhimi, axborot borasida odamlar ko‘proq kimga ishonadi — sun’iy intellektgami yoki jurnalistgami? Bu savollar nafaqat media sohasi vakillari, balki oddiy fuqarolarni ham o‘ylantirmoqda.
Shu maqsadda Yuz.uz jamoasi so‘rovnoma o‘tkazib, 30 nafardan ortiq fuqaroning fikrini o‘rgandi. So‘rov davomida ishtirokchilarga ikkita asosiy savol berildi:
“Sun’iy intellekt jurnalist o‘rnini egallashiga qanday qaraysiz?”
“Yangilik va axborot borasida ko‘proq kimga ishonasiz — sun’iy intellektgami yoki jurnalistgami?”
Javoblar esa bir-biridan keskin farq qildi. “Sun’iy intellekt egallaydi”, deganlar soni ham kam emas. So‘rov ishtirokchilarining bir qismi sun’iy intellektning bugungi imkoniyatlarini inobatga olib, yaqin kelajakda u jurnalistlarning katta qismini almashtirishi mumkinligini ta’kidladi.
Ularning fikricha, sun’iy intellektning asosiy ustunligi — tezkorlik. U soniyalar ichida minglab manbalarni tahlil qiladi, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi va foydalanuvchiga qisqa vaqt ichida javob taqdim etadi.
Ba’zi respondentlar kundalik hayotda deyarli barcha savollariga javobni sun’iy intellekt orqali topayotganini aytdi. Ularning fikricha, inson bilan muloqot qilishga qaraganda sun’iy intellektdan javob olish ancha tez va qulay. Yana ayrim ishtirokchilar esa texnologiya rivojlanish sur’ati shunchalik yuqoriligini, yaqin besh-o‘n yil ichida ko‘plab kasblar qatori jurnalistika ham tubdan o‘zgarishini taxmin qildi.
“Inson omilini hech bir texnologiya almashtira olmaydi”. Biroq aksariyat respondentlar boshqa nuqtayi nazarni ilgari surdi. Ularning fikricha, jurnalistning asosiy vazifasi shunchaki matn yozish emas. Asl jurnalistika voqea joyiga borish, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ularning kayfiyatini his qilish, vaziyatga qarab savollarni o‘zgartirish va eng muhimi, jamiyatdagi muammolarni ochib berishdan iborat.
Ko‘pchilik sun’iy intellekt insonning emotsiyasi, intuitiv fikrlashi va ijtimoiy tajribasini takrorlay olmasligini ta’kidladi. “Jurnalist vaziyatga qarab yangi savol beradi, suhbatdoshning ruhiyatini sezadi. Buni texnologiya hali uddalay olmaydi”, dedi respondentlardan biri. Yana bir ishtirokchi esa jurnalistni oddiy axborot yetkazuvchi emas, balki jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik sifatida baholadi.
Eng katta bahs — ishonch masalasida bo‘ldi
So‘rovning eng qiziqarli qismi axborotga bo‘lgan ishonch haqida bo‘ldi. Aksariyat fuqarolar yangiliklar masalasida hanuz jurnalistlarga ko‘proq ishonishini bildirdi.
Bunga bir nechta asosiy sabab ko‘rsatildi:
— jurnalist voqea joyiga boradi,
— manbalarni tekshiradi,
— aytilayotgan ma’lumot uchun kasbiy va huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi,
— video, foto va guvohlar orqali dalillarni taqdim etadi.
Ko‘plab respondentlar sun’iy intellekt ba’zan haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlarni ham ishonchli ohangda taqdim etishini ta’kidladi. Shu bois uning javoblarini qo‘shimcha tekshirish zarurligi qayd etildi. Biroq boshqa bir guruh ishtirokchilar sun’iy intellekt hissiyotlardan xoli bo‘lgani uchun ayrim holatlarda insondan ko‘ra xolisroq tahlil qilishi mumkinligini ham aytdi.
So‘rov davomida jurnalist kasbida faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz ham o‘z fikrini bildirdi. Uning aytishicha, sun’iy intellekt jurnalistning raqibi emas, balki yordamchisiga aylanishi mumkin.
Respondent fikricha, kelajakda jurnalistlardan sun’iy intellekt bilan ishlash, undan samarali foydalanish va uni boshqarish ko‘nikmalari talab etiladi. Texnologiyani bilgan mutaxassis o‘z kasbida yanada samarali faoliyat yurita oladi.
Bu fikr boshqa ishtirokchilarning qarashlari bilan hamohang bo‘ldi. Ko‘pchilik sun’iy intellekt ayrim texnik jarayonlarni avtomatlashtirishi mumkinligini tan olgan holda, ijodkorlik, tanqidiy tafakkur va jonli muloqot inson qo‘lida qolishini ta’kidladi.
Yuz.uz jamoasi o‘tkazgan ko‘cha so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt mavzusi jamiyatda katta qiziqish uyg‘otayotgan bo‘lsa-da, unga munosabat bir xil emas.
Bir tomondan, fuqarolar sun’iy intellektning tezkorligi, qulayligi va ulkan hisoblash imkoniyatlarini e’tirof etmoqda. Ayniqsa, axborotni izlash, ma’lumotlarni saralash, tahlil qilish va kundalik vazifalarni bajarishda u tobora muhim vositaga aylanib bormoqda.
Ikkinchi tomondan esa, jurnalistika shunchaki matn yozishdan iborat kasb emasligi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bu sohada voqea joyiga borish, manbalar bilan ishlash, jamiyat kayfiyatini his etish, tanqidiy fikrlash, axborot uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish va insoniy muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aynan shu jihatlar respondentlarning katta qismini jurnalistlarga ko‘proq ishonishga undamoqda.
Bugungi kunda sun’iy intellekt ko‘plab vazifalarni insondan tezroq bajarayotgani shubhasiz. Ammo tezlik har doim ham ishonchlilik, mas’uliyat va kasbiy tajribaning o‘rnini bosa olmaydi. Jurnalistika esa aynan ana shu tamoyillarga tayanadigan sohalardan biridir.
Ehtimol, kelajakda savol “Sun’iy intellekt jurnalistlarning o‘rnini egallaydimi?” emas, balki “Sun’iy intellektdan samarali foydalana oladigan jurnalistlar boshqalardan ustun bo‘ladimi?” degan shaklda qo‘yilar.
Chunki texnologiyalar rivojlanishda davom etadi. Ammo jamiyat har doim voqeani ko‘rgan, his qilgan, savol bera olgan va aytgan so‘zi uchun javobgarlikni zimmasiga oladigan insonga ehtiyoj sezadi. Demak, sun’iy intellekt jurnalistikaning raqibi emas, balki uning imkoniyatlarini kengaytiruvchi vositaga aylanishi mumkin.
Kelajakda eng katta ustunlik texnologiyani emas, uning imkoniyatlaridan oqilona foydalana oladigan jurnalistlarda bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Zulxumor AKBAROVA