— Eldor Sobirjonovich, suhbatimiz­ni davlatimiz rahbarining Oliy Maj­lis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaat­nomasiga muvofiq “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchi­lik muhokamasiga qoʻyilgani va uning natijalari asosida ushbu hujjatda aks etgan oʻzgarishlar mazmun-mohiyatidan boshlasak. Avvalo, strategik hujjatni qayta koʻrib chiqish va takomillashti­rish zaruratini izohlab bersangiz.

— Hayot doimiy harakat va oʻzgarishda: jamiyat ehtiyojlari izchil kengayib, global iqtisodiy, texnologik hamda geosiyosiy jarayonlar davlatlar oldi­ga mutlaqo yangi talab va chaqiriqlarni qoʻymoqda. Bunday dinamik sharoitda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini real holat, aholi ehtiyojlari hamda ja­dal oʻzgarayotgan global tendensiyalardan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish obyektiv zarurat sifatida namoyon boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari 2025-yil 26 de­kabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida oʻtgan davrda mamlakatimizda erishil­gan ulkan natijalar, istiqbol uchun belgilanayotgan yangi ustuvor vazifalar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqishni taqozo etayotgani­ni, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini taʼ­kidlagan edi.

Shu bilan birga, strategiyani amalga oshirishning dastlabki bosqichida toʻplangan amaliy tajriba ayrim maqsad va vazifalarni yanada aniqlashtirish, ular­ni yillar kesimida rejalashtirish, mo­liyalashtirish manbalari hamda ijro uchun masʼuliyatni ochiq va shaffof belgilash talabini yuzaga keltirdi. Keng jamoatchilik muhokamasi, hududlardan kelib tushgan takliflar va ijro jarayonida aniqlangan omillar strategiyani takomil­lashtirishga ehtiyojni yanada kuchaytirdi.

Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi 2025-yil 29-dekabrdan 2026-yil 28-yanvarga qadar bir oy davomi­da keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtka­zildi.

— Aholining ushbu muhokamadagi ishtiroki, faolligini qanday baho­laysiz? Muhokamada jamoatchilik koʻproq qaysi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratgani ham juda muhim. Shu omil­larni hisobga olganda u avvalgi ta­raqqiyot dasturlaridan qaysi jihatla­ri bilan farqlanadi?

— Bu borada eng muhim va asosiy ta­moyillardan biri — strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida ta­komillashtirilgani. Chunki jamoatchi­lik fikrini oʻzida aks ettirgan hujjat­gina hayotiy va samarali boʻladi. Eng koʻp taklif taʼlim, ekologiya, raqamlashti­rish, energetika, transport sohalari boʻyicha tushgan.

Agar ustuvor yoʻnalishlar kesimi­da tahlil qilsak, “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yoʻnali­shidagi maqsadli koʻrsatkichlar koʻproq qiziqish uygʻotgan. Lekin bu holat aho­lining boshqa yoʻnalishlarga eʼtibori nisbatan sust boʻldi, degani emas, al­batta. Xususan, “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash”, “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish”, “Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish”, “Mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish” yoʻnalishla­rida ham bildirilgan taklif va mu­lohazalar salmoqli boʻldi.

Yangi tahrirda tayyorlangan hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi amalda­gi mazkur hujjatning mantiqiy davomi. Endi unda belgilangan 100 ta maqsadning ijrosini 2030-yilgacha boʻlgan davrda yillar kesimida aniq mezonlar asosida baholash imkoniyati yaratildi.

Yangi tahrirdagi strategik hujjat­da har bir aniq maqsad va vazifa boʻyicha masʼul davlat organi yoki tashkilot ochiq-ravshan belgilangan. Shuningdek, ularni amalga oshirish uchun zarur mo­liyaviy manbalar, resurs va ijro mud­datlari aniq koʻrsatilgan. Bu esa strate­giyaning umumiy niyatlar va deklarativ maqsadlar majmuasidan aniq ijro me­xanizmlari, javobgarlik va hisobdor­likka asoslangan amaliy dasturga ayla­nishini taʼminlaydi.

Bu borada, avvalo, soha mutaxassisla­rining fikri alohida eʼtiborga olindi. Muhokama portalida ham, ommaviy axbo­rot vositalarida ham sohaning koʻplab bilimdonlari strategiya loyihasidagi kamchiliklarni koʻrsatib berdi. Ular aso­sida vazirlik va idoralarga murojaat qi­linib, qoʻshimcha koʻrsatkichlar shakllanti­rildi.

— “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi juda keng qamrovli va xalq manfaat­lari asosida ishlab chiqilgan hujjat. Uni amalga oshirishda ham asosiy ishtirokchi xalq. Shu maʼnoda, yaʼni oddiy fuqarolar nuqtayi nazaridan qaraganda aholining turmush daraja­sini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kundalik hayotida qan­day ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlash koʻzda tutilgan?

— Strategiyaning yana bir muhim jiha­ti — har bir fuqaro uchun tushunarli, hayotiy va amaliy boʻlishiga qaratilganida. Har bir yurtdoshimiz unga nazar solib, “Bu hujjat menga nima beradi, hayotimni yanada yaxshilashga qanday xizmat qiladi, oilam va farzandlarim kelajagi uchun qanday imko­niyatlar yaratadi?” kabi savollarga aniq va ishonchli javob topa olsin. Yaʼni strate­giyaning abstrakt shiorlardan iborat emas, balki har bir inson hayotida bevosita se­ziladigan, kundalik turmushida koʻrinadi­gan aniq oʻzgarishlar manbai boʻlishi koʻzda tutilgan.

Bu muhim hujjatda belgilangan oʻrta muddatli maqsadlar va samaradorlik koʻr­satkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlar, shuningdek, xalqaro maydondagi oʻzgarishlarga mos yangi­lanyapti.

Bunda strategiya ijrosini monitoring qilish tizimini toʻliq raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Vazifalar­ning ijro holatini real vaqt rejimi­da shaffof kuzatish aniq maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish im­koniyatini yaratadi.

Agar amaldagi strategiyada asosiy maq­sad va ustuvor yoʻnalishlar belgilab be­rilgan boʻlsa, takomillashgan tahrirda har bir maqsad aniq yillik indikatorlar bilan bogʻlangan. Yaʼni 2026-2030-yillarda qaysi koʻrsatkichga qachon erishilishi, bu­ning uchun qanday moliyaviy manbalar jalb etilishi hamda qaysi vazirlik yoki idora masʼul ekani aniq belgilab qoʻyildi.

Qisqasi, takomillashgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi, ochiq, izchil va amaliy dastur sifatida mamlakat taraqqiyotida mut­laqo yangi sahifani ochmoqda.

— 2030-yilgacha moʻljallangan stra­tegiya doirasida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish hamda investitsiya va tad­birkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha asosiy maqsad va vazifalar, rejalarni izohlab bersangiz.

— Mamlakatimiz yetakchisi yangi Oʻzbe­kistonning taraqqiyot formulasi sifati­da iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasi sifatida taʼriflagandi. Iqtisodiyotning tarkibiy oʻzgarishi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish va aholi daromadining barqa­ror oʻsishini taʼminlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Aso­siy maqsad — 2030-yilga qadar iqtisodi­yot hajmini kamida ikki baravar oshirish, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daro­madni 5800 dollarga yetkazish hamda Oʻzbe­kistonni “daromadi oʻrtachadan yuqori dav­latlar” qatoriga kiritishdan iborat.

Jumladan, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot qiymatini 240 milliard dollar­ga yetkazish, inflyatsiya darajasini 5-6 foiz atrofida barqarorlashtirish, konsolida­siyalashgan byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik hamda dav­lat qarzini 50 foizdan yuqori boʻlmagan da­rajada ushlab turish rejalashtirilgan. Bu choralar iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy shok — mamlakat iqtisodiyotiga tashqari­dan (xalqaro bozorlar, geosiyosat) taʼsir etuvchi, kutilmagan va noxush oʻzgarishlar (narxlar sakrashi, logistika uzilishi)ga chidamliligini oshirib, ijtimoiy dastur va infratuzilma loyihalarini uzluksiz moliyalashtirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yoʻnalish — soliq-byud­jet va moliyaviy boshqaruv tizimi isloho­ti haqida gapirmaslikning iloji yoʻq. Jumladan, soliq tushumlarining YAIMdagi ulushini 17,3 foizgacha oshirish va bojxona tushumlarining YAIMdagi ulushini 4,4 fo­izdan kam boʻlmasligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, 52 ta vazirlik va idorani toʻliq “dasturiy byudjetlashti­rish” tizimiga oʻtkazish orqali davlat xa­rajatining samaradorligi oshiriladi, byudjetdagi har bir soʻmning aniq natija berishi taʼminlanadi.

Sanoatni rivojlantirish va yuqori qoʻ­shilgan qiymat yaratish strategiyaning mar­kaziy yoʻnalishlaridan. 2030-yilga qadar sanoatda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2,5 baravar oshirish, sanoatda qoʻshilgan qiymat hajmini 36,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga yetkazish hamda 1,8 million yuqori daromad­li ish oʻrinlarini ochish rejalashtirilgan. Ishlab chiqariladigan yengil avtomobillar sonini 1 milliontaga yetkazish, mashinasoz­lik, elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish orqali iqti­sodiyotning yangi “drayver” tarmoqlari shakllantiriladi. Bu esa yoshlar bandli­gini taʼminlash va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishda juda muhim.

Yangi strategiyada “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishga ham alohida eʼtibor qaratilgan, maqsad va rejalar aniq raqamlarda aks etgan. Xususan, 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umu­miy quvvatini 25 ming megavattga yetkazish, ularning elektr energiyasi generatsiyasida­gi ulushini 54 foizga chiqarish hamda is­siqxona gazlari intensivligini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foiz qisqartirish belgilangan. Bu ekologik barqarorlik bi­lan birga energiya xavfsizligi va uzoq mud­datli iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi “Oʻz­bekiston — 2030” strategiyasi faqat ul­kan raqamlar yoki rejalar yigʻindisi emas. U har bir fuqaroning hayot sifati, barqaror ish oʻrinlari, daromadlar oʻsi­shi va kelajakka ishonchni mustahkam­lashga qaratilgan kompleks dasturdir.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun esa inson kapitali rivoji, sogʻliqni saqlash, taʼlim sifati, ijtimoiy himoya, bandlik­ni taʼminlash va raqamli xizmatlarni keng joriy etish kabi yoʻnalishlarga alohida urgʻu berilgan.

— Davlat boshqaruvi tizimini raqamlashtirish jarayoni jadalla­shib borayotgan bir sharoitda davlat xizmatlarini raqamli formatga oʻtka­zish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, idoralararo axborot al­mashinuvini kuchaytirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun xiz­matlardan foydalanishni yanada sodda va qulay qilish borasida qanday ustuvor maqsad va aniq vazifalar belgilangan?

— Davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida belgilangan maqsadlar, avvalo, aho­li va tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada sodda, tezkor va qulay shaklga oʻtkazishga qa­ratilgan. Ushbu yoʻnalishda elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish vazifasi belgilangan. Bu esa xizmatlarning asosiy qismini maso­faviy va raqamli mexanizmlar orqali taq­dim etish, inson omilini qisqartirish, maʼ­muriy jarayonlarni soddalashtirish hamda xizmatlardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Shu bilan birga, Yagona interaktiv dav­lat xizmatlari portali mobil ilovasida joriy qilingan xizmatlarning yagona por­taldagi xizmatlarga nisbatan ulushini 90 foizga yetkazish belgilangan. Bu davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini nafaqat veb-portal, balki mobil platfor­malar orqali ham kengaytirishni nazarda tutadi.

Davlat xizmatlarining 20 foizini xu­susiy sektorga oʻtkazish orqali davlat-xu­susiy sheriklik mexanizmlarini kengayti­rish, xizmat koʻrsatishda raqobat muhitini shakllantirish va aholiga yanada sifatli servis taklif etish maqsad qilingan. Bu esa davlatning barcha jarayonni bevosita amalga oshiruvchi emas, balki tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi subyekt si­fatidagi rolini kuchaytiradi.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida 110 dan ortiq maʼlumot va hujjatlarni talab qilishni bekor qilish vazifasi ham qoʻyil­di. Bu davlat organlari ixtiyorida mavjud maʼlumotlarni fuqarolardan qayta talab qilmaslik, idoralararo axborot almashi­nuvini kuchaytirish va ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirishga xizmat qiladi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish mamlakatni zamonaviy, samarali va shaf­fof boshqaruv tizimiga olib chiqishning muhim omili sifatida belgilangan. Dav­lat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarga raqamli texnologiya­larni keng joriy etish orqali xizmatlar sifatini oshirish hamda aholi va biznes uchun qulay raqamli muhit yaratish maqsad qilingan.

Strategiyaga muvofiq, davlat organlari faoliyatida zamonaviy axborot texnolo­giyalarini keng joriy etish, davlat xiz­matlarini elektron shaklda taqdim etish koʻlamini kengaytirish va ularning shaf­fofligi hamda tezkorligini taʼminlash choralari koʻrilayotir. Bu orqali aholi va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni soddalashtirilib, byurokratik toʻsiqlar yanada kamaytirila­di.

Raqamli texnologiyalarni sanoat, mo­liya, savdo, transport va boshqa tarmoqlarga joriy etish orqali ishlab chiqarish samara­dorligini oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va innovatsion xizmat­lar ulushini kengaytirish milliy iqtiso­diyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy sohalar­da raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Masalan, tibbiyot muassasalarini raqam­lashtirish koʻlamini 2030-yilga qadar 100 foizga yetkazish, elektron tibbiy kartalar­ni joriy etish va raqamli sogʻliqni saqlash yagona platformasini toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan.

Qisqasi, davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, tibbiyot va ijtimoiy xiz­matlar sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali davlat boshqaruvi samaradorligi oshirilib, aholi va biznes uchun qulay raqamli muhit barpo etilishi kutilmoqda.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash mam­lakat iqtisodiyotini barqaror rivojlan­tirishning muhim omillaridan. Chunki shu orqali investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektor faolligini kuchaytirish va tadbirkorlikni ragʻbatlantirishga qara­tilgan qator yangi mexanizmlar qoʻllanadi. Bu yoʻnalishda aniq raqam va maqsadlarni keltirib oʻtaman.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini yillik oʻrtacha 7 foiz oshirish, qimmatli qogʻozlar bozorida erkin muo­maladagi savdolar hajmini 8 milliard dollarga yetkazish va davlat ishtirokidagi 40 ta korxonani “Xalq IPO”siga chiqarish rejalashtirilgan. Bu orqali aholining investitsiya jarayonidagi ishtirokini ken­gaytirish va kapital bozorini rivojlan­tirishga erishiladi.

Shu bilan birga, strategiyada davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sek­tor rolini kuchaytirish koʻrsatilgan. Dav­lat ishtirokidagi korxonalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish va raqobat muhitini kengaytirish orqali iqtisodiyotda xususiy biznesning ulushi­ni oshirish maqsad qilingan. Bu esa bozor mexanizmlari yanada samarali ishlashini taʼminlash va xususiy sektorning iqtiso­diyotdagi ulushini 85 foiz oshirish imkon beradi.

Strategiyada tadbirkorlikni qoʻl­lab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshi­lash alohida oʻrin egallagan. Jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirish, litsenziya va rux­satnomalar berish tartibini soddalashti­rish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali biznes yuritish jarayonlarini yen­gillashtirish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, investitsiya loyihala­rini amalga oshirish uchun infratuzilmani rivojlantirish ham muhim yoʻnalish sifa­tida belgilangan. Sanoat zonalari, erkin iqtisodiy zonalar va texnoparklar fao­liyatini kengaytirish, transport va logistika infratuzilmasini yaxshilash orqali investorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Xorij investitsiyasini jalb qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qara­tilgan chora-tadbirlar bu boradagi muhit­ni yaxshilash, kapital bozorni rivojlan­tirish, davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rolini kuchaytirishga qaratilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotida tadbirkorlik faolligini oshirish, yanada koʻp yangi ish oʻrinlarini ochish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda gʻoyat muhim.

— Biz soʻz yuritayotgan bu muhim huj­jat mamlakatimizning tashqi siyosat yoʻnalishini ham qamrab oladi. Unda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, tashqi siyosiy faoliyatni yanada samarali tash­kil etish yuzasidan belgilangan yangicha yondashuvlar haqida nimalar deya olasiz?

— Yangilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi yangi Oʻzbekiston tashqi siyosa­tini xalq va davlat manfaatlari yoʻlida izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyoda amaliy hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, anʼanaviy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli aloqa­larni mustahkamlash va xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishni nazarda tu­tadi.

Bu boradagi maqsadlarga erishish uchun yillar kesimida aniq chora-tad­bir va maqsadlar belgilangan. Jumla­dan, Oʻzbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin boʻlgan mamlakatlar sonini 50 taga, soddalashtirilgan tar­tibda kirish mumkin boʻlgan davlatlar­ni esa 60 taga yetkazish, xorijiy dav­latlardagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz orqali konsullik xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini 60 mingtaga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa vatandoshlarni tizimli qoʻllab-quv­vatlash hamda xorijda mehnat faoliyati­ni yuritayotgan fuqarolarga har tomonla­ma koʻmaklashishni nazarda tutadi.

Shuningdek, tashqi siyosiy faoliyatning savdo-iqtisodiy va diplomatik jihatlari­ga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston bilan oʻzaro savdo hajmini 15 milliard dollargacha oshirish, xorijda­gi diplomatik vakolatxonalar tarmogʻini 65 tagacha kengaytirish, faxriy konsulliklar sonini 30 taga yetkazish hamda Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va dunyoning boshqa muhim mintaqalaridagi davlatlar bilan strategik hamkorlik va iqtisodiy aloqa­larni yanada mustahkamlash, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Amerika qitʼalari bilan savdoni kengaytirish, investitsiya­lar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilish, transport va lo­gistika koridorlarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Umuman olganda, yangilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi maqsad va vazifalar mamlakatning tashqi siyosa­tini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvni oʻzida aks ettira­di. Bu esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va hamkorlik koʻlamini rivojlantirishga xizmat qiladi.

— Amaliyot shuni koʻrsatadiki, qabul qilingan davlat dasturlari va strate­giyalarning ijrosi ayrim hollarda ku­tilgan darajada taʼminlanmay qolishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, belgilan­gan maqsad va vazifalarning toʻliq va samarali ijrosini taʼminlash, ular­ning bajarilishi ustidan qatʼiy nazo­rat oʻrnatish borasida qanday mexanizm va institutsional instrumentlar nazar­da tutilgan?

— Ha, qabul qilingan davlat dasturla­ri va strategiyalarning ijrosi obyektiv sabablarga koʻra kutilgan natijani bermas­ligi ham mumkin. Shu bois, belgilangan vazifalarning toʻliq va samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida zamo­naviy monitoring va baholash tizimlari joriy etilmoqda.

Xususan, har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha aniq indikatorlar, maqsadli koʻr­satkichlar va amalga oshirish muddatlari belgilab qoʻyildi. Bajarilayotgan ishlar yuzasidan muntazam tahlil va hisobotlar tayyorlanadi, natijalar asosida zarur hol­larda qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilana­di.

Shu bilan birga davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligi, parlament va jamoatchilik nazoratini ku­chaytirish orqali strategiya ijrosining shaffofligi va samaradorligi taʼminla­nadi. Raqamli boshqaruv va nazorat plat­formalari joriy etiladi.

— Belgilangan barcha ustuvor maq­sad va vazifalar izchil va toʻliq amalga oshirilsa, 2030-yilga borib, Oʻzbekiston­ning iqtisodiy taraqqiyoti, ijtimoiy sohalar rivoji hamda aholi turmush da­rajasida sifat jihatidan qanday yangi oʻzgarishlar kutilmoqda?

— “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan barcha ustuvor maqsad va vazi­falar izchil amalga oshirilsa, siz taʼkidlagan muddatga borib, mamlakat taraqqiyoti sifat jihatdan yangi bosqichga chiqadi. Bunda, avvalo, milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishi taʼminlanib, yuqori qoʻ­shimcha qiymat yaratadigan sanoat tarmoqla­ri, innovatsion texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotning ulushi sezilarli darajada ortadi.

Shu bilan birga, yangi ish oʻrinlari ochilishi, aholi daromadi oshishi va kam­bagʻallik darajasining izchil qisqarishi aholi turmush darajasining sezilarli yaxshilanishiga xizmat qiladi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlaridagi islohotlar natijasida aholi uchun sifatli xizmatlardan foyda­lanish imkoniyati kengayadi. Natijada Oʻz­bekiston mintaqada iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh, investitsiyalar uchun jo­zibador va inson kapitali yuqori zamona­viy davlat sifatida oʻz pozitsiyasini yana­da mustahkamlaydi. Bularning barchasi xalqimizni taraqqiyot yoʻlidagi umumiy maqsad atrofida jipslashtiradi. Ezgu orzular roʻyobi, qadamma-qadam erishadi­gan yutuqlarimiz yurtimizning har bir fuqarosi hayotida aks etadi.