BRT yo‘lagida katta sig‘imli va og‘ir avtobuslar muntazam harakatlanadi. Shu sababli yo‘lning faqat asfalt qoplamasi yangilanmayapti, balki uning ostki asosi ham uzoq muddatli yuklamalarga mos ravishda to‘liq qayta tayyorlanmoqda.
Qurilish jarayonida yo‘l qismi 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilib, mavjud grunt va namlik bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda. Yo‘l asosining barqarorligini oshirish hamda namlikning yuqori qatlamlarga ta’sirini kamaytirish uchun geotekstil materiallari qo‘llanmoqda.
Mazkur texnologiya orqali:
yo‘l ostida namlik to‘planishining oldini olish;
gruntning siljishi va cho‘kishi xavfini kamaytirish;
og‘ir avtobuslar qatnoviga bardosh beradigan mustahkam asos yaratish;
yo‘l qoplamasida deformatsiya va cho‘kishlar yuzaga kelishining oldini olish ko‘zda tutilgan.
BRT infratuzilmasi qanday tashkil etiladi?
Yo‘l konstruksiyasini shakllantirishda Toshkent shahrida foydalanilayotgan avtobuslarning texnik ko‘rsatkichlari, og‘irligi, ushbu yo‘nalishdagi kunlik qatnovlar soni hamda yo‘lga tushadigan doimiy yuklama hisobga olinmoqda.
Loyiha doirasida 1,2 kilometrlik uchastkada:
BRT tizimiga mos 5 ta avtobus bekati tashkil etiladi;
avtobuslar uchun alohida harakat yo‘lagi ajratiladi;
maxsus yo‘lak umumiy qatnov qismidan bordyurlar orqali jismonan ajratiladi.
Bunday yechim avtobuslarning umumiy transport oqimiga, boshqa transport vositalarining esa BRT yo‘lagiga qo‘shilib ketishining oldini olib, jamoat transportining uzluksiz harakatlanishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda uchastkada yo‘l asosini tayyorlash va mustahkamlash, shuningdek, BRT infratuzilmasini shakllantirish ishlari davom etmoqda.
Bajarilayotgan ishlarning ko‘lami va texnologik jarayonlardan kelib chiqib, mazkur 1,2 kilometrlik uchastkadagi qurilish-ta’mirlash ishlarini 2026-yil 31-avgustga qadar yakunlash va yo‘l qismini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bu Shahrisabz ko‘chasidagi BRT loyihasining birinchi bosqichi bo‘lib, keyingi bosqichlarda maxsus yo‘lakni Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish ko‘zda tutilgan.