Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchining bagaji bojxona nazoratidan o‘tkazilayotganda yuklar orasidagi qadoqlangan quruq sut mahsulotlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan.
Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza natijasida 10 ta qadoq ichidagi modda quruq sut emas, balki umumiy og‘irligi 7 kilogramm 180 gramm mefedron sintetik giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchi mazkur narkotik moddani Telegram orqali tanishgan noma’lum shaxsning ko‘rsatmasi bilan 1000 AQSh dollari evaziga Toshkentga yetkazib berish uchun olib kelganini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transmilliy usulda yoki internet tarmog‘i orqali noqonuniy aylanmaga kiritish uchun O‘zbekiston qonunchiligida 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.