Forum Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi (CFHRD) va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

Forum «Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish» mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspertlari, davlat idoralari namoyandalari, ilmiy va ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari – jami 100 nafar milliy va xorijiy ishtirokchi qatnashdi.

Forum avvalida qayd etilganidek, har bir insonning o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini ta’minlash butun insoniyatning umumiy maqsadidir. Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘lib, taraqqiyotga birgalikda ko‘maklashish va inson huquqlarini ilgari surish masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.

Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati kotibiyati bosh kotibi o‘rinbosari Samadi Shoxin, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Alua Nadirkulova o‘zlarining kirish so‘zlarida Forum faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

So‘zga chiqqanlar, jumladan, «Xitoy – Markaziy Osiyo» inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forumi BMTning Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi va Global rivojlanish tashabbusining 5 yilligi nishonlanyotgan 2026-yilda o‘tkazilayotgani alohida ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratdilar. Yanada ahamiyatlisi, Toshkent Forumi aynan «Xitoy — Markaziy Osiyo» hamkorligi sifat jihatidan yuksak rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan muhim davrga to‘g‘ri kelgani alohida diqqatga loyiqdir.

Forumning yalpi majlisida inson huquqlari sohasida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Mavzu yuzasidan olti davlat yetakchi ekspertlarining ma'ruzalari tinglandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Xalqaro huquq instituti direktori Lyu Xuaven, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘limi mudiri Viktor Tixonov, Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsman (Akiyatchi) institutining yopiq muassasalarga profilaktik tashriflar o‘tkazish bo‘limi mudiri Emilbek Ajibekov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Pekin politexnika universiteti gumanitar va ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy kengash rahbari, Xitoy fan va texnologiyalar sohasida inson huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Si Yanpin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Ijro etuvchi apparati Inson huquqlari kafolatlari boshqarmasi bosh mutaxassisi Parviz Olimzoda, Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti katta ilmiy xodimi Dovlat Amanmiradov, Uxan universiteti yuridik fakulteti dekani, Xitoy ekologik huquq ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sin Tyanbao so‘zga chiqdi.

Shundan so‘ng muhokamalar uchta panel sessiyasida davom ettirildi. Bunda rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, yashil rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga ko‘maklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar Forum mavzusi yuzasidan atroflicha fikrlashar ekan, inson huquqlarini samarali himoya qilishning asosiy omillari sifatida aholi farovonligini yuksaltirish, raqamli boshqaruvni mustahkamlash va «yashil» taraqqiyotni jadallashtirish kabi yo‘nalishlarga  atroflicha to‘xtaldilar. Ayni sohalardagi ilg‘or g‘oya va amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Muhokamalar yakunida «Xitoy – Markaziy Osiyo» inson huquqlarini rivojlantirish forumining Toshkent tashabbusi deb nomlangan yakuniy hujjati ishlab chiqildi va taqdimoti o‘tkazildi.

Forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi tasdiqlandi. Memorandumni ikkala tashkilot rahbarlari Akmal Saidov va Li Xunkuy imzoladilar.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.