Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davomida mazkur mablag‘ning 200 AQSH dollarini inspektor o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSH dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishi kerakligi aniqlangan. Keyingi tezkor harakatlar davomida tuman bo‘limi boshlig‘i ham 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.


Navoiy viloyatida esa Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Navoiy suv taʼminoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni mansabdor tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida muqaddam sudlangan bosh muhandis ham ushlangan. Tergov harakatlari jarayonida mazkur noqonuniy ishga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.