Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, odamlar gavjum joylar yaqinidagi tartibsiz avloturargohlar hozirgi kunda asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Avtomobillar piyodalar yo‘laklarida, o‘tish yo‘llarida va binolarga kirish qismlarida qoldirilishi natijasida harakat xavfsizligi pasayib, o‘tish imkoniyatlari cheklanmoqda.
Loyiha piyodalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, shuningdek, avloturargoh maydonlarini tizimli ravishda tartibga solishni ko‘zda tutadi.
Unga ko‘ra, savdo va servis obyektlari yonidagi xususiy yer usti avloturargohlari yagona shahar boshqaruv tizimiga ulanadi. Bu esa bo‘sh va band joylarni shaffof hisobga olish, nazoratni kuchaytirish, foydalanishni tushunarli tizimga keltirish imkonini beradi.
Markaz tomonidan yagona qoidalar joriy etilib, tizimli nazorat ta’minlanadi va shu orqali tartibsizliklarga barham berish maqsad qilingan.
Loyiha hozircha tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda. Keyinchalik uning samaradorligi baholanib, jamoatchilik fikri asosida ko‘lamini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, ushbu tashabbus doirasida qo‘shimcha moliyaviy manba shakllantirilib, tushgan mablag‘lar yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharniнг faol hududlarida avtomobillarning 20–30 foizi qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Bu holat piyodalar yo‘laklarining o‘tkazuvchanligini 40–60 foizgacha pasaytiradi. Shuningdek, tirbandlikning 30–40 foizi aynan to‘xtash joyini izlash bilan bog‘liq.
Jahon tajribasi ham raqamli va markazlashgan boshqaruv samarali ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, SFpark dasturi va Moskva tajribasi bunday yondashuv harakatni tezlashtirish, qoidabuzarliklarni kamaytirish va shahar muhitini yaxshilashga xizmat qilishini tasdiqlagan.
Umuman, mazkur loyiha piyodalar xavfsizligini oshirish, harakat ishtirokchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarni kamaytirish hamda barqaror va tartibli shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan kompleks yondashuv hisoblanadi.