Qayd etilishicha, tumanning 2-mavzesida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyati ofisidan noma’lum shaxs ichida 50 ming AQSH dollari bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyatni 1988 yilda tug‘ilgan Bobir ismli shaxs tashkil etgani aniqlangan. Shuningdek, 2000 yilda tug‘ilgan Sherzod va ushbu MChJda haydovchi bo‘lib ishlagan Abdurahmon ham qo‘lga olingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi sifatida ishlagan Abdurahmon jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashgan. U sherigiga kuryer (dostavchik) sifatida ko‘rinish uchun maxsus sumka va shlem bergan. Shundan so‘ng Sherzod tungi vaqtda ofis joylashgan binoga kirib, ertoladagi seyfni olib, voqea joyidan yashiringan.

Holat yuzasidan Yunusobod tumani ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, aybdor shaxslarga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Tergov harakatlari davom etmoqda.