Farmonga koʻra, “U 10 – Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda gʻolib boʻlgan 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga beriladi.
2027-yil 1-yanvardan oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy reyting natijalariga koʻra, har bir toifa guruhiga mansub oliy taʼlim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
2027-yil 1-yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida taʼlim olayotgan 1 nafar talabani oʻqitish xarajatlari miqdorini quyidagi koʻrsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
- 1 nafar professor-oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha talabalar soni nisbati;
- taʼlim sohasi murakkabligi, shu jumladan, taʼlim yoʻnalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
- taʼlim sohasi oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
- oliy taʼlim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga koʻra ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilganligi va boshqalar.
Farmonga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga muayyan oʻquv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining toʻlmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha boʻlgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qoʻshimcha tariqasida “Study in Uzbekistan” platformasi orqali qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.
2026/2027 oʻquv yilidan taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
- Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi;
- Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi.