2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonда ko‘chmas mulk va avtotransport oldi-sotdisi tartibi to‘liq o‘zgardi. Endi naqd pul orqali hisob-kitob qilish cheklanib, barcha to‘lovlar bank orqali amalga oshiriladi.

Bu o‘zgarishlar ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Aynan shu savollarga javob olish maqsadida Markaziy bank 1-toifali iqtisodchisi Xurrambek Xayrullaev bilan suhbatlashdik.

— Endi naqd pulda bitim tuzish mumkinmi?

— Yo‘q. Yangi tartibga ko‘ra, oldi-sotdi jarayonlarida naqd pul aylanishi cheklanadi. Barcha hisob-kitoblar faqat bank orqali amalga oshiriladi.

Xususan, 2026 yil 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtotransport oldi-sotdisida naqd pul orqali hisob-kitob qilish amalda cheklаndi. Endi barcha to‘lovlar faqat bank orqali amalga oshiriladi.

Bu o‘zgarishning asosiy maqsadi — moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, pul aylanishini shaffoflashtirish va firibgarlik holatlarini kamaytirishdir. Ilgari pulni qo‘ldan-qo‘lga berish orqali amalga oshirilgan bitimlarda aldov, soxta pul yoki kelishuv buzilishi holatlari ko‘p uchragan. Yangi tizim esa bu kabi xatarlarni minimallashtiradi.

 — Yangi tizim qanday ishlaydi?

— Yangi tartibga ko‘ra, oldi-sotdi jarayoni uch tomon ishtirokida amalga oshiriladi: oluvchi, sotuvchi va bank.

Oluvchi bankda maxsus eskrou hisob raqami ochadi va kelishilgan mablag‘ni shu hisobga joylashtiradi. Bu pul bitim yakunlanguncha bank nazoratida saqlanadi. Keyin notarius orqali shartnoma rasmiylashtiriladi. Faqat shundan so‘nggina pul sotuvchiga o‘tkaziladi.

Bu mexanizm bitimning har ikki tomoni uchun xavfsizlikni ta’minlaydi.

— Bu tizimning asosiy afzalliklari nimada?

— Birinchidan, pul bank kafolatida saqlanadi va uning yo‘qolishi yoki o‘zlashtirilishi xavfi deyarli yo‘qoladi.

— Ikkinchidan, firibgarlik holatlari keskin kamayadi.

— Uchinchidan, barcha jarayon rasmiy va shaffof tarzda amalga oshiriladi. Natijada bozorda ishonch muhiti kuchayadi.

— Oldi-sotdi faqat so‘mda amalga oshiriladimi?

— Ha. O‘zbekiston Respublikasining valyuta qonunchiligiga muvofiq, mamlakat ichida barcha shartnomalar faqat milliy valyuta — so‘mda amalga oshiriladi.

Agar tomonlar o‘zaro dollarda kelishgan bo‘lsa ham, rasmiy hujjatlarda va bank orqali hisob-kitoblarda summa so‘mda ifodalanadi.

— Agar dollarda kelishilgan bo‘lsa, kurs farqi qaerga ketadi?

— Markaziy bank har kuni rasmiy valyuta kursini e’lon qiladi. Bu kurs talab va taklif asosida shakllanadi.

Tijorat banklari esa shu asosda o‘zlarining sotib olish va sotish kurslarini mustaqil belgilaydi. Shuning uchun bir xil vaqtda turli banklarda kurs farq qilishi mumkin.

Kursdagi farq — bu bozor mexanizmi natijasi. Markaziy bank bu farqdan foyda olmaydi.

— Bu kimning zarariga ishlaydi?

— Aslida bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri “kimdandir foyda, kimdandir zarar” degani emas. Bu — valyuta bozoridagi tabiiy jarayon.

Biroq amaliyotda kurs o‘zgarishi xaridor yoki sotuvchi uchun qo‘shimcha xarajat yoki yo‘qotish keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun tomonlar valyutada kelishuv qilayotganda kurs risklarini oldindan hisobga olishi muhim.

— Shartnomada kam summa ko‘rsatish holatlari davom etadimi?

— Bunday holatlar uchrashi mumkin, ammo bu juda xavfli yo‘l.

Masalan, amalda katta summaga kelishilgan bo‘lsa-da, shartnomada ancha kam miqdor ko‘rsatilishi mumkin. Lekin nizo kelib chiqsa, sud faqat rasmiy hujjatda ko‘rsatilgan summani tan oladi.

— Bu esa qolgan mablag‘ni qaytarib olish imkonini deyarli yo‘qqa chiqaradi.

—  Xizmat narxi qancha?

Davlat ulushi mavjud tijorat banklarida ushbu summa:

— Ko‘chmas mulk uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizigacha (206 000 so‘mgacha);

— avtotransport uchun — 25 foizi (103 000 so‘mgacha).

Ayrim xususiy banklar esa ushbu xizmatni 0% komissiya bilan ham taklif qilmoqda.

— Qo‘shimcha xarajatlar bormi?

— Yo‘q. To‘lov bir marta amalga oshiriladi va keyinchalik qo‘shimcha xarajatlar bo‘lmaydi. Sotuvchi pulni to‘liq va erkin yechib olishi mumkin.

2026 yil 1 apreldan joriy etilgan yangi tizim, avvalo, aholining xavfsizligini ta’minlash, firibgarlik holatlarini kamaytirish va iqtisodiy munosabatlarni shaffoflashtirishga qaratilgan.

Biroq bu tizimdan to‘liq foyda ko‘rish uchun har bir fuqaro: hisob-kitoblarni qonuniy tarzda amalga oshirishi, shartnomada haqiqiy summani ko‘rsatishi, valyuta risklarini oldindan hisobga olishi juda muhim.

Mazkur yangi tartib aholining xavfsizligini ta’minlash, moliyaviy munosabatlarni shaffoflashtirish va firibgarlik holatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Fuqarolardan barcha hisob-kitoblarni qonuniy asosda amalga oshirish, shartnomalarda haqiqiy summani ko‘rsatish hamda valyuta risklarini oldindan hisobga olish talab etiladi. Bu esa bitimlar ishonchliligi va huquqiy himoyasini ta’minlaydi.

Zulxumor Akbarova