Universitet jamoasi faol ishtiroki uchun Damas avtomobili bilan taqdirlandi.
Xalqaro «Qovun sayli — 2026» festivali qadimiy Xiva shahrida, Ichan qal’a hamda Arda Khiva turistik majmuasida tashkil etildi.
Festival davomida O‘zbekistonning turli hududlaridan keltirilgan noyob qovun navlari ko‘rgazmasi, teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor chiqishlari, mashhur o‘zbek san’atkorlari hamda xorijiy ijrochilar ishtirokidagi kontsert dasturlari namoyish etildi.
Shuningdek, mehmonlar Xorazm milliy taomlari va gastronomik ko‘rgazmalar, hunarmandchilik yarmarkasi va mahorat darslarida ishtirok etdi. Festival dasturidan fotozonalar, xalq o‘yinlari va oilaviy ko‘ngilochar tadbirlar ham o‘rin oldi.
Kechki kontsertlar hamda yorqin mushakbozlik namoyishlari festival ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
«Qovun sayli» festivali Xorazmning boy madaniy merosi, milliy an’analari, gastronomiyasi va hunarmandchiligini keng targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekistonda yetishtiriladigan qovunlarning o‘ziga xos navlarini namoyish etishga xizmat qilmoqda.
Urganch davlat universitetining festivalda 3-o‘rinni egallashi jamoaning faolligi, ijodkorligi va hamjihatligining munosib e’tirofi bo‘ldi.