“Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Tuproqqalʼa va Yangiariqda jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilinib, korxonalarning barqaror energiya taʼminotiga xizmat qilmoqda.

Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat respublikada birinchi oʻringa chiqdi.

Haftalik aviareyslar 16 tadan 102 taga, temir yoʻl qatnovlari 8 tadan 41 taga koʻpaydi. “Toshkent – Xiva” tezyurar poyezdi yoʻlga qoʻyildi, 35 kilometrlik yangi “Urganch – Xiva” avtomobil yoʻli ishga tushirilmoqda.

25 gektarda “Arda Xiva” turistik majmuasi barpo etildi, tadbirkorlar 7 ming oʻrinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini tashkil qildi. Joriy yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.

Xivada mehmonxona, savdo va koʻngilochar obyektlarni oʻz ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksi ham bunyod etiladi.

– Bir soʻz bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda, – dedi Prezident.