Oʻzbekiston tarixida ilk bor mazkur nufuzli xalqaro musobaqaga mezbonlik qilayotgani munosabati bilan Milliy matbuot markazida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov, Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi direktori Azamat Eshankulov, Fan olimpiadalari markazi direktori Toʻraboy Shermatov, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari, Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylari, olimpiada ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Anjumanda Oʻzbekistonning ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qilishi, musobaqaning mamlakat taʼlim tizimi va raqamli taraqqiyoti uchun strategik ahamiyati, xalqaro ishtirokchilar koʻlami hamda tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, IOI 2026da 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar oʻquvchi ishtirok etadi. Delegatsiyalar, xalqaro qoʻmita aʼzolari, murabbiylar va mehmonlar bilan birgalikda ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshadi. Bu esa Xalqaro informatika olimpiadasi tarixida ishtirokchi mamlakatlar soni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston milliy terma jamoasini saralash va tayyorlash ishlari haqida ham maʼlumot berildi. Terma jamoani shakllantirish jarayoni 2025-yil noyabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich tashkil etilgan. Qozogʻiston, Polsha va Ruminiyadan jalb etilgan xalqaro ekspertlar ishtirokida 10 ga yaqin oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazilgan.
Tayyorgarlik jarayonida oʻquvchilarning nafaqat texnik bilimlari, balki psixologik tayyorgarligiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Hududlardan saralangan 100 nafar oʻquvchi orasidan ikki milliy terma jamoaga 4 nafardan, jami 8 nafar oʻquvchi tanlab olindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatda raqamli taʼlim, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohalarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston xalqaro IT maydonida oʻz mavqeini mustahkamlab bormoqda. IOI 2026 mazkur islohotlarning amaliy samarasi sifatida yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning texnologik imkoniyatlarini dunyoga tanitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.
Eslatib oʻtamiz, 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) joriy yilning 9–16-avgust kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston ushbu nufuzli xalqaro olimpiadaga oʻz tarixida birinchi marta mezbonlik qiladi.