Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokamasi chogʻida maʼlum qilindi.
Hisobotni Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov taqdim etdi.
Hisobot davrida sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz, qishloq xoʻjaligida esa 4,7 foiz oʻsish qayd etilgan.
Davlat byudjeti xarajatlari 205,6 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlib, shundan 105,8 trillion soʻm ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan.
Investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatda ham yuqori koʻrsatkichlarga erishilgan. Yilning birinchi yarmida 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshgan. Shundan 26 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga toʻgʻri kelgan.
Eksport hajmi esa ilk bor 15,9 milliard dollarga yetgan.
Aholi bandligi va daromadlarini oshirish boʻyicha ham qator natijalar qayd etilgan. Jumladan, 506 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtirilgan, 2 million 616 ming nafar fuqaroning daromadi oshirilgan. 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirilgan.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholining bandligi taʼminlangan.
Koʻrilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizga kamaygan. Kambagʻallik darajasi ham 4,5 foizga tushgan. 2 756 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylantirilgan.
“Ijtimoiy reyestr”dagi 227 mingta kambagʻal oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat koʻrsatilgan.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash natijasida qariyb 37,8 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilgan. Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar boʻlimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 70 mingga yaqin biznes xizmati koʻrsatilgan.
Muhokama davomida deputatlar erishilgan natijalar bilan birga Davlat dasturida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi va maqsadli koʻrsatkichlarga oʻz vaqtida erishish masalalariga ham eʼtibor qaratdi.
Xususan, yaratilayotgan ish oʻrinlarining barqarorligi va daromadliligini baholab borish, kambagʻallikni qisqartirish choralarini har bir mahallaning ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib tashkil etish, kichik biznes va mikroloyihalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Deputatlar Davlat dasturi ijrosini faqat raqamlar bilan emas, balki yaratilgan ish oʻrinlarining barqarorligi, mahallalarda daromad manbalarining koʻpayishi va aholi turmushidagi real oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan ham baholash zarurligini taʼkidladi.
Muhokamalar yakunida deputatlar Davlat dasturining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti boʻyicha tegishli qaror qabul qildi.