Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi. 

Milliy valyutada chiqarilgan 3 yillik O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 2024 yilda — 16,625 foizni (3 trln so‘m) va 2025 yilda — 15,5 foizni (6 trln so‘m) tashkil etgan.

Xususan, 1 aprel kuni AQSh, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlarining 32 ta yirik xalqaro investorlari ishtirokidagi global audiokonferensiyada “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar, islohotlar natijalari, makroiqtisodiy holat va kelgusi rejalar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Yaqin Sharqda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyatga qaramay, O‘zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlik va izchil islohotlar tufayli suveren kredit reyting yaxshilanib borayotgani ijobiy baholandi.

Xalqaro investorlar tomonidan milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarga qiziqishni inobatga olib, shu kunning o‘zida so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilindi.

Kun davomida O‘zbekistonning so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarini xarid qilish uchun 50 ga yaqin xorijiy investorlardan jami 23,4 trln so‘mlik (dastlabki e’longa nisbatan 4 baravar ko‘p) buyurtmalar 12,5 foiz darajasida kelib tushdi.

Xalqaro investorlar tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish natijasida 1 mlrd dollar ekv. (12,2 trln so‘m) miqdoridagi 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalar 12,25 foiz stavkasida (ichki moliya bozoriga nisbatan o‘rta hisobda 14 bazis punkt past) joylashtirildi.

Global noaniqliklar fonida mintaqadagi ayrim emitentlar milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarini yuqori foiz stavkalarida chiqarmoqda.

O‘zbekistonning so‘mdagi ushbu suveren xalqaro obligatsiyalari Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yil ichidagi milliy valyutadagi eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etildi.

Shuningdek, ushbu obligatsiyalar GBI-EM indeksiga kiritilishi ko‘rib chiqilmoqda. Xalqaro obligatsiyalarning mazkur indeksga kiritilishi 300 mlrd dollarga teng aktivlarni boshqaradigan yangi investorlarni jalb etish va kelgusida foiz stavkalarini yanada pasaytirish imkonini beradi.

Mazkur indeksga 14 ta davlat, xususan, Xitoy, Turkiya, Vengriya, Braziliya, Meksika, Malayziya, Polsha va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarning suveren xalqaro obligatsiyalari kiritilgan.

Shu bilan birga, mazkur emissiya O‘zbekistonning boshqa emitentlari uchun jahon moliya bozorlarida milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarini qulay shartlarda chiqarishga xizmat qiladi.

Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 dekabrdagi O‘RQ-1105-sonli “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.