Tadbirda ikki davlat o‘rtasida sayyohlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 40 dan ortiq yetakchi turistik kompaniyalari, turizm-rekreatsion zonalari, sayyohlik majmualari va aviakompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “III O‘zbekiston - Xitoy hududlararo forumi”ning beshta sessiyasidan birining turizm masalalariga bag‘ishlangani mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama va strategik hamkorlikda turizm sohasining ahamiyati nechog‘li muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Turizm qo‘mitasi raisi o‘z nutqida Xitoylik sayyohlar uchun qiziqarli sayyohlik yo‘nalishlarini kengaytirish, Xitoyning o‘rta va yuqori segmentdagi brendlari ostida mehmonxonalar ochish imkoniyatini ko‘rib chiqish hamda O‘zbekistonning turistik zonalarida kurortlar, sanatoriylar, faol va oilaviy dam olish obyektlarini tashkil etish taklif etdi. Shuningdek, hududlarda Xitoy biznesining katta tajribasi va ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda tematik bog‘lar hamda ko‘ngilochar majmualar barpo etish, uyushmalar, banklar va korporatsiyalarning yirik tadbirlarini O‘zbekistonga jalb etish, mamlakat hududlarida eng yaxshi MICE majmualarini taklif qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari ilgari surdi.
Shuningdek, forum doirasida O‘zbekistonning boy turistik salohiyati va hududlarning imkoniyatlarini namoyon etuvchi keng qamrovli taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, Buxoroning tarixiy-madaniy merosi, Qashqadaryo viloyatining ekoturizm va ziyorat turizmi imkoniyatlari, Samarqandning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyatining hokim o‘rinbosarlari ishtirokida hududlarning zamonaviy turistik infratuzilmasi va turizm salohiyati haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, Miraki dam olish maskani, Arda Xiva turistik majmuasi, Aydarko‘l hududidagi ekoturizm yo‘nalishlari hamda Amirsoy Mountain Resort tog‘-chang‘i kurortining imkoniyatlari xorijiy ishtirokchilarga tanishtirildi.
Taqdimotlar davomida mehmonlarga O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi turistik marshrutlar, zamonaviy mehmonxona va servis xizmatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, forumda ishtirok etgan ikki mamlakatning 200 dan ortiq turoperatorlar va turizm sohasi vakillari ishtirokida ikkitomonlama hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, mamlakatimizning turizm va investitsiya salohiyatini targ‘ibot etish maqsadida bir qator B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.