Yangi quvvatlarning 1 573 MVti issiqlik elektr stansiyasi, 300 MVti quyosh, 200 MVti shamol elektr stansiyalariga hamda 350 MVti energiya saqlash tizimlariga toʻgʻri keladi.
Boyovutda 1 573 MVtlik issiqlik elektr stansiyasi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1 573 MVt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Stansiya yiliga 13 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Uning foydali ish koeffitsiyenti 61,7 foizni tashkil etadi. Bu yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Qiymati 900 million dollar boʻlgan loyiha toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobidan Fransiyaning “EDF”, Qatarning “Nebras Power”, Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va “Kyuden International” kompaniyalari konsorsiumi hamkorligida amalga oshirildi.
Stansiya qurilishi jarayonida 3 mingta ish oʻrni yaratilgan. Obyekt foydalanishga topshirilgach, 120 ta doimiy ish oʻrni tashkil etildi.
Nurotada quyosh stansiyasi va energiya saqlash tizimi ishga tushirildi
Navoiy viloyatining Nurota tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Qiymati 390 million dollar boʻlgan loyiha Xitoyning “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Stansiya yiliga 657 million kVt·soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi. Bu 273 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng.
Loyiha natijasida yiliga 175 million kub metr tabiiy gaz tejaladi hamda 377 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi. Obyektda 30 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Qoraoʻzakda 200 MVtlik shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoraoʻzak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Qiymati 263 million dollar boʻlgan loyiha Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Stansiya yiliga 701 million kVt·soat yoki 292 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqaradi.
Loyiha natijasida yiliga 187 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va 403 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi. Shuningdek, 25 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Uychida 100 MVtlik energiya saqlash tizimi ishga tushirildi
Namangan viloyatining Uychi tumanida 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
Qiymati 110 million dollar boʻlgan loyiha Xitoyning “China Energy Overseas Investment Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Tizim elektr energiyasini bir kunda ikki marta, ikki soatdan 100 MVt (200 MVt·soat) quvvatda zaxiralash imkonini beradi. Zaxiralangan energiya elektr tarmogʻida yuklama yuqori boʻlgan vaqtlarda tizim barqarorligini taʼminlash uchun foydalaniladi.
Loyiha ishga tushirilishi natijasida 30 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Ushbu loyihalar Oʻzbekiston energetika tizimida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va elektr taʼminoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.