Loyiha muallifi Bilolxon Ismoilovning maʼlum qilishicha, qurilma havo xavfsizligini taʼminlash hamda zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida yaratilgan.

Taqdimotda qayd etilishicha, “Shunqor-88” soatiga 450 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. U havoda 10–15 daqiqa parvoz qilib, 8–10 kilometr masofadagi xavfli dronlarni aniqlash va zararsizlantirish imkoniyatiga ega.

Loyiha mualliflarining taʼkidlashicha, anʼanaviy havo mudofaasi raketa tizimlarining bir donasi 2–5 million dollar atrofida baholansa, “Shunqor-88” dronini ishlab chiqarish qiymati taxminan 20–50 ming dollarni tashkil etadi. Shuningdek, qurilmaning taxminan 45 foizi mahalliylashtirilgan.

Dronning ishlash prinsipiga koʻra, radarlar orqali aniqlangan maʼlumotlar operatorga uzatiladi. Operator dronni nishon tomon yoʻnaltirib, kinetik yoki portlovchi modda yordamida havodagi nishonni yoʻq qiladi.

Mualliflarning aytishicha, “Shunqor-88” Chirchiq, Aranchi va Samarqand viloyatidagi Kattaqoʻrgʻon poligonlarida bir necha marta sinovdan oʻtkazilgan.

Shuningdek, loyiha 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham taqdim etilgan. Mualliflarning soʻzlariga koʻra, davlat rahbari loyihani yuqori baholab, uning amaliyotda qoʻllanilishi va buyurtmasiz qolmasligi yuzasidan mutasaddilarga topshiriq bergan.