Anafilaksiya va anafilaktik shok inson hayoti uchun nega o‘ta xavfli?

    Bir dori ikki bemorga ikki xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos bo‘lsa, boshqasi hayotini xavf ostida qoldirishi hech gap emas. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari haqida ham shunday xulosa qilsa bo‘ladi.

    Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu kabi og‘ir holatlarni keltirib chiqaruvchi anafilaksiya va anafilaktik shok xususidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

    – Anafilaksiya hayot uchun xavfli bo‘lgan o‘tkir allergik reaksiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uning belgilari to‘satdan paydo bo‘ladi va tez rivojlanadi.

    Anafilaktik shok esa bemor allergen bilan takroran duch kelganida paydo bo‘ladigan anafilaksiyaning ekstremal darajasi. Bunday holatda organizm avval o‘ziga aks ta’sir ko‘rsatgan noma’lum birikmani darhol "taniydi" unga nisbatan allaqachon shakllangan antitanalarni qalqon qiladi, ya’ni javob mexanizmini ishga tushiradi.

    Shu tariqa organizm zudlik bilan gistamin, serotonin, bradikinin kabi bir qator gormonlarni ishlab chiqara boshlaydi. Oqibatda mayda tomirlarda qon aylanish jarayoni buziladi va arterial bosim keskin tushib ketadi.

    To‘qimalarga yetarli darajada kislorod yetib bormasligi o‘tkir gipoksiyani yuzaga keltirib, ichki organlar va miya faoliyatining izdan chiqishiga olib keladi. Bunday vaziyatda bemorga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

    Hozir dunyo aholisining 1-3 foizgacha qismi anafilaktik shok bilan ro‘baro‘ kelishi tahlil qilingan. Xavotirli jihati, bu ko‘rsatkich yildan yilga ortib bormoqda.

    Demak, anafilaktik shok anafilaksiya natijasida rivojlanadi va juda qisqa vaqt ichida o‘zini namoyon qiladi. Anafilaksiya belgilari allergen turiga bog‘liq. Ammo u keltirib chiqaradigan eng xavfli asorat qon bosimining keskin pasayishi yoki anafilaktik shok hisoblanadi.

    Odatda, ilk alomatlar o‘laroq butun tana bo‘ylab toshmalar paydo bo‘lishi mumkin. Bunda teri rangi o‘zgarib, qizil yoki oqish tusga kiradi. Badanda qichishish va qizib ketish hissi yuzaga keladi. Til va lablar shishishi hisobiga nafas olish qiyinlashadi. Ba’zi bemorlarda qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi.

    Keyinchalik, rivojlanayotgan reaksiya fonida qon aylanishi, nafas olish jarayoni va yurak urishi to‘xtashi kabi og‘ir holatlar qayd etilishi ehtimoli yuqori.

    Anafilaktik shok belgilari allergen tanaga kirganidan so‘ng bir necha daqiqadan 2 soatgacha bo‘lgan davrda namoyon bo‘ladi. Reaksiya vaqti organizmning individual xususiyatlariga bog‘liq.

    Tadqiqotlarga ko‘ra, bu muddat oziq-ovqat allergiyasida taxminan 30 daqiqa, zaharlanishda 15 daqiqa, tomir ichiga yoki mushak orasiga yuborilgan dorilarga reaksiya jarayonida 5 daqiqani tashkil etadi.