Adiblar xiyoboni barpo etilganining bir yillik tantanasi “Katta adabiyot bayrami”ga aylanib ketdi. Bu bog'da yangragan she'ru g'azal, musiqa, talaba yoshlarning nafis raqslari, turfa sahna ko'rinishlari kechga qadar davom etdi.  

Ha, insoniyat ma'naviyat va ma'rifatsiz tanazzulga uchrashini bugun butun dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar anglatib turibdi. Adabiyot esa inson ma'naviyati va ma'rifatining poydevori sanaladi. Ayni paytda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan ma'naviyatimizni sog'lomlashtirishga katta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas.

Yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishda adabiyotdan samarali vosita sifatida foydalanish  besh muhim tashabbusning birinchisida o'z aksini topgan bo'lsa, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish to'rtinchi tashabbus zamirida namoyon bo'ldi.

Bu borada respublika miqyosida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning ko'lami tobora oshib bormoqda. Ularning natijasining bir ifodasi sifatida  Adiblar xiyoboni chinakam adabiyot bog'i sifatida ming-minglab yoshlar qalbidan joy olib, yosh, pokiza ko'ngillar intilguchi ajib maskanga aylandi. endi, yoshlarimiz mazkur xiyobonga shunchaki sayr uchun emas, undagi sof adabiy muhitga, adabiyot olamiga va shu orqali kitoblar dunyosiga talpinmoqda. Nazarimizda, so'zning qudrati, adabiyotning sehri ularni bu tabarruk manzilga tobora yaqinlashtirmoqda. Talabalar bugun davlatimiz rahbarining ajoyib bir tashabbusi ila o'zlariga biriktirilgan adibning hayoti va ijodi yuzasidan izlanishlar, tadqiqotlar olib borayotir. Bu borada o'tkazilayotgane jamiki tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Quvonarlisi, yoshlar adib ijodini tadqiq etish asnosida bevosita boshqa adiblar badiiy merosini ham o'rganishga intilmoqda.

Ko'z ochib-yumguncha o'tib ketgan bir yil davomida 24 ta oliygoh tomonidan misli ko'rilmagan adabiy tadbirlar — davra suhbatlari, ochiq osmon ostidagi ma'naviyat soatlari, yozuvchi, shoir, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, turli tadbirlar yuksak saviyada tashkil etildi. Adabiyotga oshno yigit-qiz borki, bugun mana shu maskan — adabiyot bog'ida adabiyotimizning ulkan vakillariga ehtirom hissini tuyadi.  Zero, yaratgan asarlari, hayot yo'li, ruhlari ham pokiza zotlarga vorislik hissi ham ulkan baxt aslida. Bog'dagi qaysi bir adib haykali poyiga qaramang, dilni yashnatguvchi alvon gullar har qachongidan go'zal, har qachongidan baravj. Biz ham erta tongdan xiyobon sari otlangan ilmu urfon sohiblariyu toliblariga har qachongidan boshqa savol bilan yuzlanamiz: Adiblar xiyoboni bir yil davomida talabalarga, adabiyotga oshno yoshlarga nima berdi?

Toshkent arxitektura qurilishi instituti prorektori Zafar Abduvalievning aytishicha, xiyobonda haftada ikki bor o'tkaziladigan tadbirlardan tashqari, talabalar va furqatshunos olimlar o'rtasida konferensiyalar o'tkazish, shoir suratini yaratish, asarlarini o'rganish yuzasidan ko'plab tanlovlar tashkil etildi. Unda faollik ko'rsatgan va etakchilik salohiyatini namoyish qilgan to'rt nafar talaba maxsus ko'krak nishoni va stipendiyaga sazovor bo'ladi.

Muhammad YUsuf haykaliga qarab, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining bir yil davomidagi tadbirlari bir yonu, bugungisi bir yondek hayratga, hayajonga tushasiz. O'zining o'tli, shu bilan birga samimiy, faylasufona  satrlari va ulardan yaralgan qo'shiqlar, ularga jo'r bo'lgan raqslar xalqparvar shoir ruhini yana bir karra shod etgan bo'lsa ne ajab...

 Bolalikdan shoir ijodiga mehr qo'yib, uning eng yaqin muxlislariga aylangan ustozlardan biri Normurod Avazov Muhammad YUsuf she'rlarining 9 tildagi tarjimasidan to'plam tayyorlanayotganini alohida aytib o'tdi. SHoir she'rlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilayotgan Bibioysha Kudaybergenova bu to'plam shoirga bo'lgan cheksiz hurmat ifodasi ekanini ta'kidladi. Mana shunday ustozlaridan kuch olib, ularga ergashayotgan talaba yoshlar ham elning erka shoirini ko'plab she'rlarida alqashga ulguribdi.

Sadoqatning chinakam timsollari — shoira Zulfiya va Hamid Olimjon  gullagan yoshlik chog'ini talabalar talqinida ko'rib, baxtli onlariga qaytgandek  kulib turardi...

Xayolimizni “Salqin saharlarda bodom gulida” deya boshlanuvchi she'rni mayin ovozda yodlayotgan qiz bo'ldi. U Toshkent tibbiyot akademiyasining faol talabalaridan biri, Zulfiya she'rlarining tahlili bo'yicha ilmiy ishga qo'l urgan Dinara O'ktamova ekan. Mohir suhandon sifatida bu erdagi ko'plab tadbirlarda boshlovchilik qilgan Dinara “Zulfiya” nomidagi ko'krak nishoni va stipendiyaga nomzod.

–Aslida ham bu erga kelishdan asosiy maqsad tadbir o'tkazish emas, adabiyotimiz ustunlarini chuqur o'rganish barobarida iqtidorlarni yuzaga chiqarish, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasining yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektori Turdiqul Bobomurodov. — Mana, bu erda bo'layotgan kitobxonlik targ'ibotlari, kitoblar taqdimotlari ham Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbusning hayotga faol tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.

Abdulla Qahhor haykali tomon borayotganimizda ayni fikr o'z isbotini topdi. Adib siymosi qarshisida barcha jim turib, notiqni tinglar edi. Toshkent Moliya instituti va Kolodsk davlat universiteti qo'shma fakul`teti talabasi Doniyorbek Mahkamov adibning “Adabiyot muallimi” asaridan parcha o'qiyotgan ekan. Nega aynan bu asarni tanlaganiga izoh berar ekan, bu kabi asarlardan bir umrga etgulik saboq, xulosa olishimiz mumkin, deydi talaba. Asar 1937-yilda yozilganiga qaramay,  hamon dolzarbligini yo'qotmagan.

Yoshlarning adabiyotga qiziqishini yanada oshirish, ularni kitob o'qishga da'vat etish va shu orqali qalbida vatanparvarlik tuyg'ularini yuksaltirish maqsadida “Ilhom” mukofotini ta'sis etish to'g'risidagi  Vazirlar Mahkamasinining qarori ham katta kuch, shijoat berdi ularga. endilikda shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini o'rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar olib borish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar joriy yildan nishonlana boshlaydigan “Katta adabiyot bayrami”da munosib rag'batlantiriladi.

Aslida, respublikamizda adabiyotga bo'lgan qiziqishni munosib rag'batlantirish bugundan boshlangani yo'q. Keyingi yillarda bu boradagi ishlar tizimli olib borilyapti. Birgina “YOsh kitobxon” tanlovi tashkil etilganining o'zi ana shu yo'ldagi katta qadam bo'ldi. Joriy yil O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasida “Birinchi kitobcham” loyihasi taqdimotiga bag'ishlangan tadbirda bunga yana bir karra amin bo'lgan edik.

Birinchi kitobi dunyo yuzini ko'rgan yosh ijodkor Asror Solijon samimiyat ila shunday degan edi o'shanda:

— Hech qaysi davlatda kitobxonlikka, adabiyotga bizdagidek e'tibor bo'lmasa kerak. CHet davlatlardagi tengdoshlarimni hayratga soladigan jihat shundaki, u ham bo'lsa, inson o'zi uchun orttiradigan ma'naviy boylik, yuksalishning davlat rahbari tomonidan yuksak darajada rahbatlantirilishi. endilikda “Ilhom” mukofotining 1-o'rin sovrindorlari ham avtomobil` bilan rag'batlantiriladi. Joriy yil ilk bor o'tkazilgan saralash natijalariga ko'ra, 74 ta oliy ta'lim muassasi tomonidan ijodiy ishlari tavsiya qilingan jami 176 nafar nomzod tanlovning respublika bosqichida ishtirok etdi.

Faxrli 1-o'rinni qo'lga kiritgan......... “SPARK” avtomobiliga ega bo'ldi. 2-o'rin sohibi bo'lgan....... ga o'ttiz million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka, 3-o'rinni egallagan ...... ga o'n besh million so'm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka tantanali taqdim etildi.

Ha, Adiblar xiyoboni yanada keng yo'l ochgan — kitobxonlik bugun chinakamiga o'z kuchini ko'rsatdi. Kitob bilan yaqindan do'stlashgan yoshlarga barcha tengdoshlari havas qilgani aniq. Zero, avval adabiyot bilan bog'liq tanlovlar bunday nufuz kasb etmagan. Shu ma'noda ham mana shunday keng ko'lamli ishlarimiz bilan ertamiz egalarini adabiyotning eng ta'sirchan vosita ekaniga ishontira olamiz. Zero, joriy yildan 10 mingdan ziyod umumta'lim maktablariga jalb etilgan madaniy-ijodiy targ'ibotchilar ham ijodkorlarni avvalo, adabiyot, so'z qudrati bilan kashf etadi. Zero, rassom ham, raqqos ham, dizayneru qo'shiqchilar ham ko'ngilga to'g'ri yo'l topish bilan kashf etiladi. To'g'ri yo'lni esa adabiyot bulog'idan suv ichgan go'zal qalb egalari chuqur anglay biladi.  

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri