Yer yuzidagi barcha tirik mavjudotning hayoti, inson salomatligi va turmush sifati, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq xo'jaligini rivojlantirish, sanoat va energetika tizimlarining barqaror faoliyat yuritishi aynan shu bebaho ne'mat bilan chambarchas bog'liqdir.

Iqlim o'zgarishi ya'ni qurg'oqchilik, haroratning ko'tarilayotgani, dunyo aholisining o'sib borayotgani va iste'molning ortayotgani, sanoat va qishloq xo'jaligi tufayli daryo va yer osti suvlarining ifloslanayotgani, resurslardan samarasiz foydalanilayotgani va rivojlanmagan mamlakatlarda suvni tozalash va taqsimlash uchun infratuzilmaning yo'qligi suv zaxiralarining kamayishiga va daryolarning sayozlashishiga olib kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti universitetining Suv, atrof-muhit va sog'liqni saqlash instituti “suv stressi” va “suv inqirozi” kabi atamalar dunyoning ko'plab mintaqalarida suv tanqisligi bilan bog'liq holatni to'liq ifodalab bera olmasligini ma'lum qildi. Shu bois, olimlar endilikda “suv bankrotligi” atamasini qo'llashni taklif qilmoqda. Ular buni sayyoramiz allaqachon “global suv bankrotligi” holatida ekanligi bilan izohladi va bu borada o'z hisobotini e'lon qildi.

Mazkur atama bejiz kiritilayotgani yo'q. Gap shundaki, bugun global miqyosda iste'mol qilinayotgan, sarflanayotgan suv miqdori uning tiklanish hajmidan oshib ketmoqda. Ko'plab havzalar va yer osti suv qatlamlarida uzoq muddatli suv iste'moli qayta tiklanadigan suv oqimlari hamda xavfsiz kamayish me'yoridan oshib ketdi va ba'zi suv va tabiiy resurslar – daryolar, ko'llar, suv qatlamlari, botqoqliklar, tuproqlar va muzliklar shu qadar zarar ko'rdiki, ularning to'liq tiklanishi imkonsiz. Ana shu jarayonni ifodalash uchun ham aynan shu atamadan foydalanishga qaror qilindi.

Ma'lumotlarga ko'ra, chuchuk suv dunyo suv zaxirasining atigi 2,5-3 foizinigina tashkil etadi, xolos. Tag'in chuchuk suvning 90 foizi muzliklarda saqlanadi.

Bugungi kunda milliardlab odamlar suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. Dunyo aholisining qariyb to'rtdan uch qismi suv tanqisligi yoki jiddiy suv taqchilligi mavjud bo'lgan mamlakatlarda yashaydi. Taxminan 2,2 milliard kishi hali ham xavfsiz ichimlik suvi, 3,5 milliard kishi xavfsiz sanitariya sharoitlariga ega emas, taxminan 4 milliard kishi yiliga kamida bir oy jiddiy suv tanqisligini boshdan kechiryapti.

1970-yildan beri global muzliklar hajmi 30 foiz ko'proqqa qisqargan, tog' tizmalarida kelgusi o'n yilliklarda mavjud muzliklar erib ketishi mumkin.

Yer usti suv ta'minoti keskin kamayib bormoqda. Hozirgi kunda tobora yirik daryolar dengizga yetib bormayapti yoki yilning muhim davrida ularning suv miqdori me'yordan ancha past. Dunyodagi eng yirik ko'llarning yarmidan ko'pi 1990-yillarning boshlaridan beri suvsiz qoldi, bu esa suv xavfsizligi uchun ularga bevosita bog'liq bo'lgan dunyo aholisining chorak qismiga ta'sir ko'rsatdi.

Botqoqliklar ham kamayib borayotir. So'nggi 5 – 10 yil ichida dunyo taxminan 410 million gektar – deyarli Yevropa Ittifoqi hududiga teng tabiiy botqoqliklarni yo'qotdi. Ushbu botqoqliklarning yo'qolib ketishi 5,1 trillion AQSh dollaridan ortiq zarar keltirdi, bu taxminan dunyoning eng kambag'al 135 ta mamlakatining yillik yalpi ichki mahsulotiga teng.

“Ushbu hisobot noqulay haqiqatni ochib beradi: ko'plab mintaqalar o'z gidrologik imkoniyatlari doirasidan tashqarida yashamoqda, asosiy suv tizimlarining aksariyati esa allaqachon “bankrot” holatga kelib qolgan”, dedi hisobotning yetakchi muallifi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti universitetining Suv, atrof-muhit va salomatlik instituti direktori Kave Madani.

Darhaqiqat, ko'plab mamlakatlar nafaqat o'z suv resurslarini – daryo suvi, tuproqdagi namlik va qor zaxiralarini sarflab yuborgan, balki muzliklar va botqoq yerlar kabi uzoq muddatli suv zaxiralarini ham tugatib qo'ygan. Bu esa juda jiddiy oqibatlarga olib keldi, jumladan daryo deltalari va sohilbo'yi shaharlarida erning cho'kishi, ko'llar va botqoq yerlarning yo'qolib ketishi, shuningdek, biologik xilma-xillikning qaytarib bo'lmas darajada yo'qolishiga sabab bo'ldi.

Qishloq xo'jaligi hududlarida suv resurslari kamayib bormoqda. Global chuchuk suvning taxminan 70 foizi qishloq xo'jaligida foydalaniladi. Taxminan 3 milliard kishi va global oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarning yarmidan ko'pi yer usti suvi, tuproq namligi, qor, muz va yer osti suvlari kabi umumiy suv resurslari allaqachon kamayib borayotgan yoki beqaror bo'lgan hududlarda yashaydi. 170 million gektardan ortiq sug'oriladigan ekin maydonlari – taxminan Fransiya, Ispaniya, Germaniya va Italiyaning umumiy maydoniga teng hudud jiddiy yoki juda kuchli suv tanqisligiga duch kelgan.

Yer va tuproq degradatsiyasi suv bilan bog'liq xavflarni kuchaytiradi. Dunyo qishloq xo'jaligi yerlarining yarmidan ko'pi hozirda o'rtacha yoki jiddiy degradatsiyaga uchragan, bu tuproq suvining saqlanishini kamaytiradi va qurg'oqchil yerlarni cho'lga aylantirishga olib keladi. Faqat sho'rlanishning o'zi taxminan 82 million gektar qurg'oqchil yerlarni va 24 million gektar sug'oriladigan yerlarni – jami 100 million gektardan ortiq haydaladigan yerlarni degradatsiyaga uchrashisha olib keldi, bu dunyoning ba'zi asosiy qishloq xo'jaligi mintaqalarida hosildorlikni pasaytirdi.

Qurg'oqchilik asosan antropogen omillar tufayli yuzaga kelmoqda va juda qimmatga tushmoqda. 2022 – 2023-yillarda 1,8 milliarddan ortiq odam qurg'oqchilik sharoitida yashagan. Qurg'oqchilik bilan bog'liq yo'qotishlar, nafaqat yog'ingarchilik tanqisligi, balki yer degradatsiyasi, yer osti suvlarining kamayishi va iqlim o'zgarishi bilan kuchayib, butun dunyo bo'ylab yiliga taxminan 307 milliard AQSh dollar zarar keltirdi. Bu BMTga a'zo davlatlarning qariyb to'rtdan uch qismining yillik yalpi ichki mahsulotidan ko'p.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada vaziyat juda og'ir. Mazkur mintaqalarda suv tanqisligi, iqlim o'zgarishi, qishloq xo'jaligi ekinlari unumdorligining pasayishi va qum bo'ronlari  kuzatilmoqda.

Janubiy Osiyoning bir qator hududlarida yer osti suvidan intensiv foydalanish va urbanizatsiya bilan bog'liq qishloq xo'jaligi faoliyati yer osti suvlari sathining surunkali past bo'lishiga va tuproqning cho'kishiga olib keldi.

AQShning janubi-g'arbiy qismida Kolorado daryosi suv resurslaridan haddan tashqari foydalanish, iqlim o'zgarishi va u keltirib chiqargan qurg'oqchilik bilan bog'liq “suv inqirozi” yuzaga keldi.

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlar suv tanqisligi – nafaqat kelajak, balki bugungi kun muammosi ekanini ko'rsatmoqda. Ushbu muammoni bartaraf etish jahon miqyosida suv resurslarini boshqarishda tub o'zgarishlar, tejamkor texnologiyalarni qo'llash, ekotizimlarni tiklash va har bir insonning mas'uliyatli munosabatini talab qiladi. Aks holda suv tanqisligi insoniyat taraqqiyotining eng jiddiy to'siqlaridan biriga aylanishi muqarrar.

Shahzod G'afforov,

“Yuz.uz” sharhlovchisi