Joriy yil 24-oktyabr kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari doirasida Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan 18-Kvanju saylov uchastkasida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Tadbirda elchixona, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi huzurida tashkil etilgan saylov komissiyasi aʼzolari hamda bu yerda doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan faol vatandoshlar hozir boʻldi.
Davra suhbatida mamlakatimizda ushbu muhim siyosiy jarayonni tashkil etish boʻyicha koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari, elchixona huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida fuqarolarimizning ovoz berishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berish tartibining tashkiliy jihatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi, davlat rahbarligiga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy qonunchilikdagi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
18-saylov uchastkasi vakillari tomonidan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, yangi chop etilgan oʻquv qoʻllanmalari, saylovga oid qonun hujjatlari toʻplami saylov uchastkasida mavjudligi taʼkidlangani barobarida barcha namunadagi banner, stend va peshlavhalar hamda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari muddatidan oldin ovoz berish uchun moʻljallangan joylarga tarqatilishi maʼlum qilindi.
Muloqot chogʻida, shuningdek, Janubiy Koreyadagi bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasining tarqalishi xavfini oldini olish boʻyicha ijtimoiy masofani saqlash, saylovga keluvchilarning niqob taqishini nazorat qilish, saylov uchastkasini shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlash bilan bogʻliq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumotnoma oʻrnida: Koreya Respublikasida Oʻzbekiston Prezidenti saylovini oʻtkazish uchun 17-sonli Seul hamda 18-sonli Kvangju saylov uchastkalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish, ularning oʻz konstitutsiyaviy huquqidan toʻla foydalanishini taʼminlash maqsadida Janubiy Koreyaning yana 14 ta yirik shaharida muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etiladi.