Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan AOKAda oʻtkazilgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxoʻjayeva tizimda korrupsiyaning oldini olish maqsadida vazirlik ilgari surgan bir qator takliflarni aytib oʻtdi.

Qayd etilishicha, ular orasida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ishlovchi xodimlar va qatnovchi bolalar sonini aniq bilish hamda qoʻshib yozishlarning oldini olish maqsadida “Face ID” tizimini joriy qilish, tizim xodimlarining oylik maoshlari pastligi masalasini koʻrib chiqish kabilar bor.

Bildirilishicha, maktabgacha taʼlim tizimida maoshlar pastligi hisobiga korrupsiya holatlari kelib chiqmoqda. Maʼlumot uchun, MTM oshpazi 680 ming soʻm, hisobchisi 1,6 mln soʻm, MTT rahbari 1,5 mln soʻm maosh olishi aniqlandi.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga belgilanayotgan narxlar nomutanosibligini oʻrganish koʻzda tutilgan. Toshkentda bir kg mol goʻshti 44 ming, Qashqadaryoda 57 ming etib belgilangan. Agar narxlar baland belgilansa, mablagʻ noqonuniy tarzda oʻzlashtirilishiga asos boʻladi. Bozordan past belgilanishi esa sifatsiz mahsulot xaridiga olib keladi. Shuning uchun narx belgilashda meʼyorni yoʻlga qoʻyish kerakligi aytiladi. MTTlarda yetkazib berilayotgan oziq-ovqat narxlarini sunʼiy oshirmaslik maqsadida import oziq-ovqatlariga qoʻyiladigan ustama haqi foizlarini chegaralash lozim.

Ijtimoiy sohada amalga oshirilgan jinoyatlar uchun javobgarlik chorasini kuchaytirish va jazo muqarrarligi hamda taʼsirchanligini taʼminlash, tizimning barcha jarayonlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, buxgalteriya hisob-kitobi va hisobot tizimini soddalashtirish va avtomatlashtirish orqali bir-birini takrorlayotgan ishlar hajmini kamaytirish ham taklif etilgan.