Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, yurtimiz va xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan turli tanlovlar yoshlarning ilmiy intilish va izlanishlarini ragʻbatlantirib, ularning faoliyatida motivatsiya boʻlib xizmat qilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida Qozogʻistonning Nursulton shahrida boʻlib oʻtgan “MDH yosh olimlari — 2020” xalqaro tanlovida ham MDHning 12 mamlakatidan turli yoʻnalishlarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan mingdan ortiq iqtidorli yosh ishtirok etdi.

Oʻzbekiston nomidan qatnashgan Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali 3-bosqich talabasi Quanishbek Erejepboyev vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Uning “Oʻzbekiston Respublikasi Navoiy viloyatining choʻl hududlarida tarqalgan yurak-qon tomir kasalliklarining etio-patogenetik tasnifi” mavzuidagi ilmiy ishi hakamlar tomonidan yuqori baholanib, tanlov ishtirokchilari orasida tibbiyotga oid eng yaxshi izlanish, deb topildi. Turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tanlov gʻoliblarini shu yilning noyabr oyida Nursulton shahrida taqdirlash rejalashtirilgan.

Sogʻlom turmush tarzi  eng yaxshi davo

Asli Navoiy shahrida tugʻilib oʻsgan Quanishbek Erejepboyev bir necha yillardan buyon yuqoridagi mavzudagi ilmiy ishi ustida ish olib boryapti. Boʻlajak shifokorni soʻnggi yillarda hudud aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklari tarqalish dinamikasi oʻsib, xastalik yildan yilga yosharib borayotgani tashvishga solmoqda. Izlanishlari davomida muammoning sabablari, oldini olish choralari haqida bosh qotiradi.

— Navoiy viloyatining koʻp qismini choʻl zonasi tashkil etadi. Men oʻz ilmiy ishimda asosiy eʼtiborni Aydarkoʻl yonbagʻirlarida joylashgan Konimex tumanining eltoy, Boymurat, Doʻngelek qishloqlariga qaratdim, — deydi Quanishbek Erejepboyev suhbat davomida. — Ilmiy jamoamiz bilan 1997—2000 hamda 2014—2018-yillar oraligʻida hududda yurak-qon tomir kasalliklarining oʻsish darajasi, roʻyxatga olingan bemorlarning kasallik sabablarini tahlil qildik. Konimex tumani tibbiyot birlashmasining statistik tarixi oʻrganilganida ushbu mintaqada xastaliklar orasida yurak-qon tomir kasalliklari koʻrsatkichi yuqori ekaniga guvoh boʻldik. Bunga bir qator omillar, xususan, hududdagi Aydarkoʻldan chiqayotgan tuzli changning atrofga tarqalishi, ekologik muammolar, aholi orasidagi nosogʻlom turmush tarzi va kamharakatlilik ham yurak kasalliklarining ortishiga zamin yaratyapti. Shu bois, Navoiy viloyati hududlarida turli kasalliklarga moyillik tugʻdiruvchi salbiy etio-patogenetik tashqi muhit omillarini oʻrganish hamda shu asosida toʻgʻri yoʻnaltirilgan profilaktik va davolash usullarini qoʻllashni ilmiy tekshirish ishimizning asosiy maqsadi qilib oldik.

Oddiy ishchi oilasida tugʻilib oʻsgan Quanishbek taqdirning achchiq zarbasi tufayli shifokor boʻlishga qaror qilgan. Bolaligida bobosi qandli diabet kasalligidan vafot etgach, ota-onasi oʻgʻliga “sen kelajakda shifokor boʻlib, ana shunday bemorlarni davolashing kerak”, deya uni tibbiyot sohasiga qiziqtirdi. Oylik maoshiga kun koʻradigan oila farzandining zarur bilimlarni egallab, kelgusida malakali shifokor boʻlishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi.

Quanishbek oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabasiga aylandi. Avvaliga endokrinolog boʻlishni maqsad qilgan qahramonimiz yana bir voqea sabab maqsadini oʻzgartirdi. Birinchi bosqichda oʻqib yurgan kezlari buvisi yurak kasalligiga chalindi va oʻshanda u kelajakda malakali kardiolog boʻlib, ushbu kasallik koʻpayishining oldini olishga oʻz hissasini qoʻshishga ahd qildi. Bugun u ana shu maqsadi yoʻlida tinimsiz izlanmoqda. Bu yoʻlda unga doim yonida turadigan yaqinlari, ustozlari, har bir ishni shoshmasdan, mukammal bajarishga undaydigan ilmiy rahbari — tibbiyot fanlari nomzodi Zulxumor Jumaniyozova qoʻshqanot boʻlib kelmoqda.

Qahramonimizning ilmiy ishi mavzusi chindan nihoyatda dolzarb. U oʻzining bu boradagi fikrlari, turli yosh toifalari orasida oʻtkazgan soʻrovnomalari, tahlil va mulohazalarini bir qator nashrlarda chop etilayotgan ilmiy maqolalarida yoritib boradi. Joriy yilning sentyabrʼ oyida AQSHdagi jurnalda eʼlon qilingan “Koronavirus kasalligi dunyo miqyosida qaysi qon guruhlarda koʻp uchrashi va metabolik kasalliklarda aziyatli kechishi” mavzuidagi maqolasi ham dolzarbligi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.

Quanishbek tibbiyot sohasini mukammal oʻrganish bilan birga, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, odamlarni jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan. Bu boʻyicha qishloqdoshlari orasida muntazam targʻibot ishlarini olib boradi. Oʻzi ham doim sport bilan shugʻullanadi.

U erishayotgan muvaffaqiyatlari, tanlovdagi gʻalabasi, ayniqsa, pandemiya davrida “Saxovat va koʻmak”, “Sirdaryoliklarga koʻmakdoshmiz” aksiyalarida koʻngillilar safida ishtirok etib, oʻz stipendiya pulidan mahalladagi kam taʼminlangan oilalarga koʻrsatgan yordami bilan tengdoshlariga chinakam namuna boʻlmoqda. U ogʻir kunlarda oʻz mablagʻiga nochor oilalar farzandlariga oʻquv qurollari, uy-roʻzgʻor buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari olib berish bilan bir qatorda, sogʻligʻi yomonlashgan, bemor kishilarga zarur tavsiyalarini berib, tibbiy koʻmak koʻrsatishdan ogʻrinmadi. Hali talaba boʻlishiga qaramay, fidoiy tibbiyot xodimlari qatorida xalqimizga elkadosh boʻlib, el koriga yaradi. Uning bu xizmatlari davlatimiz eʼtiboridan chetda qolmadi. Shu yilning oktyabrʼ oyida Quanishbek Erejepboyev “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

— Xalqaro tanlov natijalari eʼlon qilinib, gʻolib boʻlganimni aytishganidan hech qancha vaqt oʻtmasdan, koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishim men uchun qoʻshaloq quvonch boʻldi, — deydi qahramonimiz. — Bu menga berilgan yuksak mukofot, deb bilaman. Pandemiya sabab uch oy davomida oʻqishga bormasdan masofadan tahsil olganimiz, bu vaqtda ortiqcha mablagʻga ehtiyojim boʻlmagani bois, stipendiya pulimdan muhtoj insonlarga yordam berishga qaror qilgandim. Bugun va kelgusida amalga oshiradigan barcha ishlarim orqali odamlarimiz salomatligi, farovon turmushini taʼminlashga hissa qoʻshishni maqsad qilganman. Bu borada menga yaqindan koʻmak berib, doim qoʻllab-quvvatlayotgan oliygohimiz direktori, professor Rashid Roʻziboyev, ustozlarim Bahrom Yoʻldoshev, Ravshan Abdullayev, Sharofat Sapayevalardan cheksiz minnatdorman.

Quanishbekning kelgusi rejalari, oldiga qoʻygan maqsadlari hali talaygina. Oʻqishni tamomlagach, taʼlimning magistratura bosqichini Hindistonda davom ettirib, yurtimizga yana-da malakali kardiolog sifatida qaytmoqchi. Buning uchun hozir ingliz tilini puxta oʻrganyapti.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri