Biz kompyuter texnologiyalari  asrida yashyapmiz. Ular inson tanasidagi ko'z ilg'amas hujayralarga tashhis qo'yishdan tortib, turmushimizning barcha sohalarini boshqarmoqda, eng chigal masalalarni ham bir zumda hal  etib bormoqda. Biz  texnika, tibbiyot, axborot almashinuvi  rivoj topgan zamon avlodlari ekanligidan ham haqli ravishda faxrlanamiz.

Insoniyatning ana shunday taraqqiyotga erishuvida unga faol  ta'sir ko'rsatuvchi omillardan  biri o'lchash vositalarining majmui bo'lib kelgan  va shunday bo'lib qolmoqda. CHunki, bu dunyoda neki  narsa, buyum yoki asbob-uskuna mavjudki, o'z me'yori, namuna, o'lchami va miqdoriga ega. Ular o'z navbatida, texnik jihatdan tartibga solishni talab etadi.

Prezidentimizning 2021-yil 2-iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmoni va shu asosda qabul qilingan qarori tizimda yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjatlar ijrosi texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqaro andozalarga moslashtirish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilishni ta'minlaydi.

Texnik jihatdan tartibga solish qanday maqsadlarga xizmat qiladi?

Amaldagi huquqiy tushunchalarga ko'ra, texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo'llash va bajarishni nazarda tutadi. Ushbu tizim mamlakatimizda milliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish, mahsulot va uni ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligini ta'minlash, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga. Shu bois mamlakatimizda ham texnik tartibga solishni jahon hamjamiyati tan olgan tamoillar asosida isloh qilish va ularga muvofiqlashtirish doimo e'tibor markazida bo'lib kelyapti.

Yurtimizda keyingi yillarda mavjud 30 mingga yaqin standartning 19 mingtasi xalqaro normalar bilan uyg'unlashtirildi va reestri shakllantirildi. Eskirgan, bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy ta'sir ko'rsatadigan 5 ming 600 ta standart amaliyotdan chiqarildi, 3 ming 500 tasi zamon talablari asosida takomillashtirildi. Xalqaro analoglarga muvofiq qo'shimcha 26 ta texnik reglament ishlab chiqildi.

Prezidentimizning joriy yil 17-may kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya milliy tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishishi chog'ida bu kabi ijobiy ishlar qayd etilar ekan, sohani takomillashtirishda jahon tajribasidan foydalanishga alohida urg'u berildi, Masalan, Yevropada faqatgina 28 turdagi xavfi yuqori bo'lgan mahsulot majburiy sertifikatlanishi, qolgan barcha turdagi tovarlar muvofiqligi deklaratsiyalash orqali tasdiqlanadi.

Taqdimotda shunday tizimni tajriba-sinov tariqasida amaliyotga kiritish zarurligi qayd etildi. Dastlabki bosqichda 800 ga yaqin mahsulot turi bo'yicha deklaratsiyalash tartibi joriy etiladi. Xalqaro talablar bilan uyg'unlashmay qolgan 11 mingta milliy standart o'rniga xalqaro standartlarni qabul qilish hamda 2023 yildan barcha korxonalarni ushbu mezonlarga o'tkazish bo'yicha ko'rsatma berildi. 

Prezidentimizning “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmonining asosiy maqsadi, eng avvalo, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta'minlashga qaratilgan. Albatta, bu ishlar ijodkori va mahsulotlar yaratuvchisi tadbirkoru ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi. Shu bois mazkur hujjatda ham ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, sanoat korxonalari bilan tizimli ishlarni tashkil etishga alohida ahamiyat berilib, bu boradagi ishlar “O'zstandart” agentligi negizida tashkil etilgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi zimmasiga yuklatildi. Binobarin,  tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan qulayliklar yanada kengaytirildi.

Majburiylikdan ixtiyoriylikka

Mamlakatimiz qonunchiligida mahsulot sifatini tasdiqlashning ikkita usuli — muvofiqlik sertifikati va muvofiqlikni tasdiqlovchi deklaratsiya qabul qilingan. Majburiy tartibda sertifikatlashtiriladigan, shuningdek, muvofiqligi deklaratsiya bilan tasdiqlanishi mumkin bo'lgan mahsulotlar ro'yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan shakllantiriladi.

Sertifikat so'zi lotin tilidan olingan bo'lib, “to'g'ri bajarilgan” ma'nosini anglatadi. Mahsulot “to'g'ri bajarilganligini” aniqlash uchun sertifikatlashtirish jarayoni amalga oshiriladi va  mutassaddi idora tomonidan berilgan hujjat orqali  uning amaldagi tartib-tamoillarga muvofiqligi tasdiqlanadi. Shuning uchun unda keltirilgan ma'lumotlarga nafaqat ishlab chiqaruvchi, balki uni rasmiylashtirgan sertifikatlashtirish idorasi ham mas'ul hisoblanadi.

— Jahon tajribasida texnik tartibga solishda davlatning roli ko'zga tashlanadi, tegishli qonunchilik yaratiladi va unga rioya etilishi ustidan nazoratni o'rnatadi, — deydi Germaniya Federal fizika-texnik instituti sifat infratuzilmasi va metrologiya umumiy masalalari bo'yicha  xalqaro eksperti Klimens Sanetra. — Standartlashtirishda esa davlat ishlab chiqaruvchi yoki iste'molchilar kabi manfaatdor ishtirokchilardan biri sanaladi. Natijada bu yerda konsessus paydo bo'ladi. Standartlashtirish idorasining bu yerdagi vazifasi tomonlarning konsessusga kelishini ta'minlashdan iborat bo'ladi. Texnik tartibga solish majburiy, standartlashtirish esa ixtiyoriy hisoblanadi.  Masalaning ikkinchi tomoni, mahsulot yoki xizmatlarning xavfsizligi va sifati bilan bog'liq. Bunda iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan davlat ularni tartibga solishi kerak.

 Ekspertning ta'kidlashicha, Germaniyada texnik tartibga solish ishlari har bir sohaning egasi bo'lgan idora tomonidan olib boriladi. Standartlashtirish  jarayoni  ko'pgina Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida davlat va xususiy  tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi va  ba'zida davlat ko'magiga tayanishi ham mumkin. Har bir soha bo'yicha tegishli davlat organi tomonidan samarali texnik reglamentlar hayotga tatbiq etilsa,  mamlakatda texnik jihatdan tartibga solishning majmuasi yuzaga keladi.

Yuqorida qayd etilgan farmonga ko'ra ham sohaga ana shunday ixtiyoriylik tamoili kirib kelyapti. Xususan, sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim bo'lgan oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), etkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini ta'minlash uchun o'zlari javobgar hisoblanadi..

Mahsulotning normativ hujjat talablarga muvofiqligini nafaqat sertifikatlashtirish, balki deklaratsiyalash yo'li bilan ham tasdiqlash mumkin. Deklaratsiya so'zi frantsuz tilidan olingan bo'lib, “e'lon qilish” ma'nosini anglatadi.

Muvofiqlik to'g'risidagi deklaratsiyaga ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi mahsulotning normativ-huquqiy me'yorlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi talablarga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat sifatida qaraladi.

— Farmonga binoan, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo'lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo'li orqali tatbiq etiladi, — deydi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov. — Bu jarayon muvofiqlikni deklaratsiyalash texnik reglament talablari asosida mahsulotning to'liq sinovlari o'tkazilgandan so'ng, uning ijobiy natijalariga ko'ra tuziladigan bayonnomalar asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda  amalga oshiriladi.

2021-yil 1-noyabrdan boshlab esa import qiluvchilarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning kirib kelishini ta'minlash maqsadida xavflilik darajasi yuqori bo'lgan ayrim turdagi mahsulotlar davlat ro'yxatidan o'tkazgandan so'ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o'z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me'yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi. Buning uchun respublika hududiga olib kirilayotgan shu turdagi mahsulotlar bojxona hududiga kelishidan kamida 15 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirilishi shart bo'ladi.

Xavflilik darajasi yuqori bo'lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O'zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qat'i nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda yigirma to'rt oy davomida import qilishga ruxsat etiladi. Lekin shu o'rinda qayd etish joiz, mazkur tartib muvofiqlik sertifikatida ko'rsatilgan aynan bir ishlab chiqaruvchining mahsulot turlariga nisbatan amal qiladi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ta'minlash uchun ushbu tovarlarni olib kirayotgan tadbirkorlik sub'ektlari javobgar hisoblanadi.

Texnik reglamentlar, standartlar va qonun hujjatlari bilan belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar ro'yxatini yuritish Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki uning tuzilmasidagi vakolatli tashkilotlar, vazirlik, davlat qo'mitalari va idoralari tomonidan tashkilot standartlarini ekspertizadan o'tkazish ishlari haq olmasdan amalga oshiriladi. Ularda belgilanadigan ko'rsatkichlar (talablar)  tegishli mahsulotlarga oid standartlar talablaridan past bo'lgan hollarda, ushbu muvofiqligini tasdiqlashga yo'l qo'yilmaydi.

Xalqaro hamkorlik va qo'shimcha vakolatlar

Ayni kunda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishi doirasida olib borilayotgan muzokaralari faol bosqichga chiqqan. Yaqinda esa, O'zbekistonga Yevropa Ittifoqi tomonidan “GSP+” preferentsiyalar bosh tizimi benefitsiar maqomi berildi. Bu jihatlar texnik reglamentlarini ishlab chiqish va joriy etish, ularni xalqaro texnik qoidalar bilan uyg'unlashtirish orqali ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishni dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo'ymoqda. Masalan, joriy yil oxiriga qadar  texnik reglamentlar soni 19 taga oshirilgani holda, setrifikatlar miqdorini 157,7 mingtadan 94,6 mingtaga kamaytirish ko'zda tutiilmoqda.

Zero, texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga moslashuvi O'zbekistonning Jahon savdo tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi hamda boshqa mamlakatlar bilan hamkorligida muhim o'rin tutadi,  ishlab chiqarish va texnologik aloqalarni yanada kengaytirish hamda mavjud o'zaro savdo to'siqlarini olib tashlash uchun qulay sharoit yaratadi.

— Farmonda ko'zda tutilgan yana bir muhim jihat shundaki, — deydi Dilshod Sattorov, — xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a'zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiya qilingan O'zbekiston Respublikasi rezidentlari — muvofiqlikni baholash organlariga milliy akkreditatsiyadan o'tmagan holda, O'zbekiston akkreditatsiya markazini xabardor qilib, muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga ruxsat berildi. Shu bilan birga, mahalliy muvofiqlikni baholash organlarida mahsulotning xorijiy davlatlarning standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining O'zbekiston Respublikasida davlat ro'yxatidan o'tkazilishi talab qilinmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2021-yil 1-iyulga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish tartibini xalqaro talablar asosida soddalashtirish bo'yicha qonunchilikka o'zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilangan.

Xalkaro savdo xuquqi bo'yicha USAID eksperti Yovan Yekich texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirishning milliy qonunchilikda alohida aks ettirish muhim ahamiyatga egaligini ta'kidlaydi.

  — Chunki, bu tizim nafaqat ilg'or tajriba, balki Jahon savdo tashkiloti talablaridan biri hisoblanadi, — deydi u. — Hozir O'zbekistonda bu sohada to'rtta qonun mavjud bo'lib, ularga tegishli o'zgartirishlarni kiritish yoki unifikatsiyalash maqsadga muvofiqdir. Ayrim majburiy standartlarni  texnik jihatdan tartibga solishga aylantirish, vaqti kelib ularning ham o'z-o'zidan ixtiyoriyga aylanishi uchun sharoit yaratish foydadan xoli bo'lmaydi. Bularning barchasi, albatta, qonunchilikda ham o'z ifodasini topishi lozim.

Mazkur farmon bilan agentlik zimmasiga qo'shimcha vakolatlar ham  yuklatildi. Ya'ni, mutasaddi idoralar tomonidan xalqaro standartlar va texnik reglamentlarning jadal joriy etilishini muvofiqlashtirib borish, mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarni buzganlikda aybdor bo'lgan tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), sotuvchilar va ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanktsiyalarni qo'llash bo'yicha sudga murojaat qilishimiz mumkin bo'ladi. Agar korxonalar texnik reglament va standartlar talablariga rioya etmagan taqdirda ularning rahbarlariga taqdimnomalar kiritish, belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar to'g'risidagi ma'lumotlarni umumlashtirish va reestrini yuritish huquqi berildi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi