Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi va IIB JQB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand tumani “Qoziariq” mahallasidagi xonadonlardan birida yashovchi Z.U. oʻz uyi omborxonasida qalbaki aksiz markalar bilan yelimlangan 25 000 dona “Vodka Russkaya premium” nomli arogʻini, 9 000 dona “Samarqand” konyagini, 8 760 dona “Portveyn 53” nomli vinosini hamda 468 dona “Starыy Samarkand” nomli konyagini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Ushbu qalbaki aksiz markali mahsulotlarning kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda, fuqaro Z.U.ga alkogolli mahsulotlarni “Xovrenko” nomidagi Samarqand vino kombinati AJning direktori oʻrinbosari A.O. yetkazib berganligi maʼlum boʻlgach, AJning omborxonasi koʻzdan kechirilganda ushbu omborxonadan qalbaki aksiz markali 8 940 dona “Portveyn 53” vinosi, 5 000 dona qopqoq, 9 000 dona yorliq va 20 150 dona alkogol shisha idishlari mavjudligi aniqlanib, tadbir yakunida jami 631,7 mln soʻmlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.